Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yana metallolom muammosi: Farg‘ona tumanida har bir o‘qituvchi 200 kilogramm temir-tersak topshirishga majburlanmoqda

Yana metallolom muammosi: Farg‘ona tumanida har bir o‘qituvchi 200 kilogramm temir-tersak topshirishga majburlanmoqda

Har bir kilogramm uchun ming so‘mdan olinar ekan. 200 ming so‘m degani bu.

Foto: «ria.ru»

Tahririyatimizga murojaat qilgan Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumanida yashovchi o‘qituvchi hozir tuman hokimi har bir o‘qituvchiga 200 kilogrammdan metallolom topshirish majburiyatini yuklaganini bildirdi. Ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan muallim bilan suhbatimiz quyidagicha kechdi:

— O‘zi maoshimiz ko‘p emas, yana qo‘shimcha ishlarga jalb qilinganimiz qilingan. Ayniqsa oxirgi buyruq juda og‘ir bo‘layapti.

— Nega aynan yangi buyruqdan og‘rinayapsizlar? Buning oldingilaridan farqi nimada?

— Hokim tumandagi 62 ta maktab va ikkita litseyning har biriga 10 tonnadan metallolom topshirishni buyurdi. Har bir o‘qituvchiga bo‘linganda 200 kilogrammdan temir-tersak yig‘ish shart qilib qo‘yildi. Buncha metallolomni biz qayerdan olamiz?

— Faqat o‘qituvchilar yig‘ishi kerakmi yoki o‘quvchilar ham bu jarayonda ishtirok etadimi? Bu buyruqqa birorta hujjat asos qilib olindimi, ya’ni birorta rasmiy hujjat taqdim qilindimi?

— Yo‘q, faqat o‘qituvchilar topshirishi kerak ekan. Birorta hujjat ko‘rsatilmadi. Hokim XTB ga og‘zaki buyuryapti, XTB maktab direktoriga yuklamoqda. Metallolom topilmasa, o‘rniga pul topshirish ham mumkin ekan.

— Qanaqa qilib va qanchadan?

— Har bir kilogramm uchun ming so‘mdan olinar ekan. 200 ming so‘m degani bu. Eng boylarimizga ham shunisi og‘ir kelayapti-da. O‘zi maoshimizni arang yetkazamiz, bunisi endi Navro‘z bayrami arafasida biz uchun kutilmagan «sovg‘a» bo‘ldi. Eng qizig‘i, avval metallolom  o‘rniga pul topshirganimizda ikkilamchi xomashyo tashkilotlariga o‘tkazilardi. Bu safar hokimiyat ko‘rsatgan boshqa hisob raqamiga o‘tkazishimiz kerak ekan.

Bu masala yuzasidan izoh olish uchun Farg‘ona tumani xalq ta’limi bo‘limiga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz besamar ketdi, go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. Tuman hokimligiga qilgan qo‘ng‘irog‘imiz qisman samarali bo‘ldi. O‘zini Hamidaxon Hakimova deb tanishtirgan xodimga vaziyatni tushuntirganimizda u masala mohiyatini rahbarlarga yetkazishini bildirib, telefon raqamimizni olib qoldi. Ammo shundan keyin biz bilan hech kim bog‘lanmadi.

Eslatib o‘tamiz, saytimizda bu mavzu yuzasidan turkum maqolalar e’lon qilingan, lekin ularga javoban biror marta metallolom yig‘ilishi rasman tasdiqlanmagan edi.

«Xabar.uz» ushbu mavzuga yana qaytadi.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring