Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana «snos» haqida. Bu kabi hodisalar oliy strategik maqsadga erishishda g‘ov bo‘lmaydimi?

Yana «snos» haqida. Bu  kabi hodisalar oliy strategik maqsadga erishishda g‘ov bo‘lmaydimi?

Foto:«Novosti Mail.ru»

Ayni kunlarda internet ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solayotgan, o‘zimiz qolib, xalqaro hamjamiyat e’tiborini ham tortayotgan «buz-buzlar» muammosi hammamizda jiddiy tashvish va xavotirlarni uyg‘otmoqda.

Ming afsuski, bu salbiy holatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakatimizda olib borilayotgan xususiy mulk kafolatini ta’minlashga doir sa’y-harakatlarga soya solmoqda. Yana bir muhim masala –Harakatlar strategiyasi doirasida qabul qilingan bu yilgi «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturida O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ijobiy imijini mustahkamlash konsepsiyasini ishlab chiqish, dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishni oshirish, uning xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash masalalari ustuvor ahamiyat kasb etishi belgilangan. Lekin, yuqoridagi kabi hodisalar bu oliy strategik maqsadga erishishimiz yo‘lida jiddiy g‘ov bo‘lmaydi, deb kim ayta oladi?

Axir, xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzini mustahkamlash uchun, eng avvalo, inson huquq-manfaatlarini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini qat’iy himoya qilishimiz eng birinchi galdagi vazifa-ku! Mahalliy davlat hokimiyati organlari mutasaddilarining aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan bu kabi xatti-harakatlari davlat rahbari yuritayotgan insonparvar siyosat tamoyillariga tamomila teskari emasmi?

Buzilishlarga mahalliy hokimliklar tomonidan «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Obod markaz» davlat dasturlarining ro‘kach qilinayotganiga kelsak, bu dasturlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga qiyinchilik tug‘dirish emas, balki xalqni rozi qilish, odamlar uchun farovon va munosib turmush darajasini yaratish ustuvor maqsad ekanligini unutmaslik zarur.

Qolaversa, Bosh Qonunimiz – Konstitutsiya bilan (53-modda) xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi qat’iy mustahkamlab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib qabul qilingan ko‘plab qonunlarimizda har bir shaxsningxususiy mulki daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi belgilanib, davlat xususiy mulkning but saqlanishini ta’minlash va uning ko‘paytirilishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishi ta’kidlangan.

O‘zbekiston prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga ko‘ra, 2018-yil 1-avgustdan shunday tartib o‘rnatildiki, insofli faoliyat yuritgan investor va tadbirkorlik sub’yektiga davlat organi (mansabdor shaxs) tomonidan ularga nisbatan qabul qilingan ma’muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonishi sababli kelib chiqqan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi. Agarda ushbu hujjatning qonuniy kuchiga ishonib mol-mulkdan foydalangan, bitim tuzgan yoki taqdim etilgan afzallik va ustunliklardan boshqacha tarzda foydalangan hamda mazkur hujjat keyinchalik haqiqiy emas, deb topilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa, davlat organi (mansabdor shaxs)ning ma’muriy hujjatini bekor qilish yoki o‘zgartirish masalasi sud tartibida ko‘rib chiqiladi, deb ko‘rsatilgan.

Farmon bilan joriy etilgan yana bir yangilik bu – 2018-yil 1-sentyabrdan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga faqat yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan so‘ng, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyin yo‘l qo‘yilishi belgilanganidir.

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zararning investorga qisqa muddatlarda qoplanilishini ta’minlash maqsadida zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi ham belgilab qo‘yilgan.

Shundan kelib chiqib, mazkur masalada huquqiy asoslarni mustahkamlash zamirida bu bo‘yicha mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish zarur, deb hisoblayman. Bunda, albatta huquqni muhofaza qiluvchi organlardan ham qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida qat’iyat talab qilinadi va adolatning sud orqali o‘z vaqtida va samarali ta’minlanishi muhim ahamiyat kasb etadi.

Eldor Tulyakov,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring