Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangi «Pskom GES» «Chorvoq GES»ni ortda qoldiradimi? (fotoreportaj)

Yangi «Pskom GES» «Chorvoq GES»ni ortda qoldiradimi? (fotoreportaj)

Foto: «Xabar.uz»

Albatta yo‘q, ammo yangi GES kattaligi jihatidan «Chorvoq GES»dan keyin Toshkent viloyatida ikkinchi o‘rinni egallashi aniq.

«O‘zbekgidroenergo» AJ bir guruh jurnalistlar uchun kuni kecha Bo‘stonliq tumaniga press-tur tashkil etdi va OAV xodimlariga yangi bunyod etilayotgan gidroelektrostansiyadagi qurilish jarayonlari bilan tanishishga imkoniyat yaratdi. Purviqor tog‘lar bag‘ridagi yangi inshoot maydonida qurilish avjiga chiqqan. Vaxta usulida uch smenada 3000 odam ish bilan ta’minlangan. Qurilishda 280ta texnika vositalari, jumladan, 45 tonna yuk tashishga mo‘ljallangan 40ta ulkan «BelAZ»lardan foydalanilmoqda. Bugunga kunga qadar 1800 metrlik tunnelning 1700 metri qazib bo‘lingan.

Mahalliy kadrlar Koreya, Xitoy, Turkiyadan keltirilgan maxsus texnikani mohirona boshqarishmoqda. Shuningdek, qurilish maydoniga yaqin joyda mobil beton zavodi uzluksiz ishlab turibdi.

«Topalang HPD water constuctions» MChJ ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Omonulla Shukurovning ma’lum qilishicha, tunnel ichiga diametri 6,5 metr, qalinligi 2 sm. bo‘lgan metall po‘latdan yasalgan quvur yotqiziladi. Hozirga qadar 24 km.lik yo‘l qurilgan, ayni paytda suv chiqarish inshooti jadal bunyod etilmoqda. So‘ngra balandligi 195 metrlik to‘g‘on quriladi va bu yerda 500 mln. metr kub suv yig‘iladi.

Endi biroz tahlilga o‘tsak, «Chorvoq GES»ning quvvati 620,5 MVt, yillik elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 2 mlrd. kVt.soatni tashkil qiladi. Yangi «Pskom GES»ning elektr energiya imkoniyati esa 404 MVt, yiliga 900 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarishi rejalashtirilgan. Pskom daryosida ushbu gidroelektrostansiyani qurilishi mamlakatimizda yonilg‘i energetik resurslarni saqlab qolishini ta’minlaydi. Oddiy misol tariqasida aytganda, yiliga 250 mln. kub metr tabiiy gaz va 900 ming tonna ko‘mirni tejash imkonini beradi.

Umuman olganda, Chirchiq daryosining kanallari, Chirchiq-Bo‘zsuv suv energetikasi qismlarida 17 turdagi har-xil quvvatga ega GESlar mavjud. Pskom gidroelektrostansiyasi esa quvvati va kattaligi jihatidan «Chorvoq GES»dan keyin ikkinchi o‘rinni egallaydi. Qurilishi 2017 yilning sentyabr oyida boshlangan ushbu inshoot Toshkentdan shimoli sharqda 120 km. masofada va Chorvoq suv omboridan 50 km. tepada joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekgidroenergo» AJ 2017-2021 yillarda gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha mas’ul ijrochi etib belgilangan. Dasturga 42 ta yangi GES qurilishi va 32 ta mavjud GESlarni modernizatsiya qilish loyihalari kiritilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring