Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yangi qonunda «snos» bilan bog‘liq masalalar tartibga solinadi

Yangi qonunda «snos» bilan bog‘liq masalalar tartibga solinadi

Foto: AOKA matbuot xizmati

Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Klara Jumamuratova ishtirokida OAV vakillari bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» 2019-yil 4-apreldagi 533-sonli Qonun yuzasidan ma’lumot berildi. Xususan, mazkur hujjatga asosan Uy-joy kodeksi 32-moddasining ikkinchi qismi yangi tahrirda bayon etilgani ta’kidlandi.

«Endi uy egasi (mulkdor) bo‘lgan er-xotinning ota-onasi, shuningdek ular bilan doimiy birga yashayotgan oilali farzandlari va ularning er-xotini, ya’ni kelinlar ham, kuyovlar ham mulkdorning oila a’zolari deb tan olinishi mumkin», — dedi Klara Jumamuratova.

Deputatning aytishicha, bu kelin yoki kuyovga uyga egalik qilish huquqini bermaydi, ular faqat oila a’zolari sifatida qayd etiladi. Maqsad oilaviy munosabatlarda tenghuquqlilikni ta’minlash, ajrimlarni kamaytirish ekani bildirildi.

Blogerlarning «snos» haqidagi savoliga javob berar ekan, Qonunchilik palatasi vakili bu masalalar ham tartibga solinishini aytib o‘tdi.

«Yer uchastkalarini qanday mezonlarga asosan «snos» qilish mumkinligi qonuniy jihatdan asoslab, mustahkamlab qo‘yiladi, — dedi deputat Klara Jumamuratova. — Bu haqda «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasida alohida moddalar kiritilmoqda. «Snos»lar qaysi paytlar va holatlarda, qanday mezonlarga ko‘ra amalga oshirilishi aniq va qat’iy belgilab qo‘yiladi. Bundan maqsad — eng avvalo fuqarolarning manfaatlarini himoya qilish».

Yangi qonun qabul qilingach, Uy-joy kodeksi va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga «snos» masalasini tartibga soluvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilishi ma’lum qilindi.

Deputat ayni vaqtda Uy-joy kodeksini yangi tahrirda qabul qilish uchun ishchi guruh ish olib borayotganini bildirdi.

«Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi yangi qonun qabul qilinishi natijasida xususiylashtirilgan yer uchastkalari xususiy mulk va fuqarolik muomalasi ob’yektlari hisoblanishi, xususiy mulk huquqi daxlsiz va u davlat tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq himoya qilinishi aytildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring