Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yangiariqda aholi tomorqasi kim oshdi savdosiga qo‘yib yuborildi

Yangiariqda aholi tomorqasi kim oshdi savdosiga qo‘yib yuborildi

Yangiariq tumani hokimligi binosi.

Xorazmning Yangiariq tumanidagi Gullanbog‘ qishlog‘i hududidagi «Do‘stlik» mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolarning shaxsiy tomorqasi tuman hokimi qarori bilan kim oshdi savdosiga qo‘yilganidan norozi bo‘lishmoqda.  

1

Aholi murojaatini o‘rganarkanmiz, dastlab ularning so‘zlariga quloq tutamiz:

– Bizning uylarimiz «Ostona» kanali bo‘yida joylashgan. Shu kanalning narigi tomonida qo‘shimcha tomorqamiz bo‘lib, undan binoyiday foydalanib kelayotgan edik. 2014 yilda Yangiariq tuman hokimligidan ishchi guruh kelib: «Sizlarning tomorqalaringiz zarur oilalarga olib beriladi. Buning o‘rniga sizlar eshigingiz oldidagi kanal bo‘yidagi muhofaza zonasi sanalgan yerlar xatlab beriladi», deyishdi. Biz bunga rozi bo‘ldik, – deydi Muzaffar Bobojonov.

Mavjud tartib-qoidaga muvofiq har bir suv inshootining muhofaza zonasi bo‘ladi. «Ostona» kanalining muhofaza zonasidan so‘ng bir vaqtlari zaxkash ham bo‘lgan ekan. Endilikda uning chala-yarim qoldiqlari qolgan xolos. Qoidaga ko‘ra bunday kollektorning ham muhofaza zonasi  bo‘lishi shart. Zaxkash «Ostona» kanali qazuv-ta’mirlash jarayonida ko‘milib ketgach, har bir xonadon egasi o‘z uyi oldidagi yerlarni tekislab, ekin ekib, bog‘ yaratgan.

2014 yildan e’tiboran qo‘shimcha tomorqasini boshqa xonadon egalariga topshirgan fuqarolar eshigi oldidagi «qo‘riq yerlar»ni obod qilib, foydalanib kelishardi. Hatto buning uchun ular davlatga yer solig‘i ham to‘lashgan. Endilikda bu yerlar kim oshdi savdosiga qo‘yilgani ko‘pchilikni, ayniqsa, ko‘p sonli a’zolar yashayotgan oila sohiblarini tashvishga solmoqda.

2

«Do‘stlik» fuqarolar yig‘ini raisi Shokir Masharipov bilan uchrashib, fuqarolarning yer mulki to‘g‘risida ma’lumotlar qayd etilib boriladigan «Xo‘jalik daftari»ni ko‘rsatishni so‘radik. Maqsadimiz arizago‘ylar haqiqatan necha sotix yerga soliq to‘lab kelayotganini bilish edi. Fuqarolar yig‘ini raisi: «Bizda bunday daftar yo‘q. Mahallamiz yangi tashkil qilingan. Bu daftar Gullanbog‘ qishloq fuqarolar yig‘ini mavjud payti bo‘lgan bo‘lsa kerak. U davrdagi hujjatlarning barchasi Xonqa tuman arxiviga topshirib yuborilgan», dedi. Xonqa tuman arxivi mutasaddilariga uchrashganimizda  «Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘ini bu yaqin yillar ichida hech qanday hujjatlarni saqlash uchun topshirmaganini aytishdi.

Xafsalamiz pir bo‘lib, yana Yangiariqqa otlandik.

Aholi eshigi oldidagi yerlar nimaga tayanib kim oshdi savdosiga qo‘yilgani, buning huquqiy asoslari bilan tanishish maqsadida Yangiariq tuman yer-kadastr bo‘limi rahbari Maqsud Rajabov bilan uchrashganimizda u savollarimizga javob berishni istamadi. Ajab...

Nazarimizda Yangiariq tumani yopiq jamiyat hukm surayotgan hududga o‘xshab ketdi. Chunki axborot olish erkinliklari va kafolatini kunduz chiroq yoqib topish amrimahol. Oddiy fuqarolar yig‘ini yoki yer-kadastr bo‘limi mas’ullari markaziy ommaviy axborot vositasi vakiliga byurokratlarcha munosabat bildirib tursa, boshqalardan yana nimani kutish mumkin?

Ma’lum bo‘lishicha, arizago‘ylar Yangiariq tuman hokimligi arxiviga zarur hujjatlardan nusxa olish uchun haftalab murojaat qilishgan ekan. Bu yerdagilar esa ularning qonuniy talabini hanuz paysalga solib kelishadi. Ancha-muncha tajribaga ega mendek jurnalist uchun Yangiariqda axborot olish, jurnalistik surishtiruv uchun manbalar yig‘ish shu darajada qiyin kechdiki, ona sutim og‘zimdan keldi desam, lof emas.

 

3

«Do‘stlik» mahalla fuqarolar yig‘iniga takror borganimizda bu yerda qog‘oz qoralab o‘tirgan ayol bizga hech qanday hujjat bilan tanishtirmasligini, chunki yuqoridan shunday topshiriq borligini iddao qilishga tushdi. Ancha tortishdik. Fuqarolar yig‘ini raisi Sh.Masharipov aralashgach, necha haftadan buyon so‘roqlab yurgan «Xo‘jalik daftari» qo‘limizga tegdi.

«Xo‘jalik daftari»ga bir qur nazar solamiz. Undagi bizga arzihol qilayotgan fuqarolarning umumiy yer mulki 25 sotix deb qayd etilganini ko‘rib, ma’lumotlarni telefonimizga suratga olamiz.

4

Xullaskalom, Yangiariq tumani «Do‘stlik» mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar muammolar girdobida qolmoqda.  Yuqorida aytdik, 2014 yilda tuman hokimi qarori bilan (1990 yillarda berilgan qo‘shimcha tomorqasi olinib, boshqa fuqarolarga berilishi evaziga) aholiga o‘z uyi oldidagi yerlar tomorqa sifatida berilgani iddao qilinmoqda. Bu gaplar haqiqat ekanini o‘sha davrda qishloqda yer tuzuvchi vazifasida ishlab kelgan mutaxassislar ham tasdiqladi. Biroq... tomorqalar almashtirilishiga oid sobiq tuman hokimining 2014 yilda chiqargan qarori bugunga kelib hududning yangi rahbari uchun bir tiyinlik qadr-qimmati yo‘qday go‘yo...

Mamlakat rahbarining Xorazm viloyatiga tashrifi (2020 yilning 13 mart)  viloyatda qancha kamxarj oila brligi ro‘y-rost aytilgandi. Ya’nikim, bugungi kunda  Xorazmda 58 ming oila kambag‘allik bo‘sag‘asida yashamoqda. Shularning 856 tasining ahvoli o‘ta nochor...Kambag‘allik qisqartirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilayotgan bir pallada Yangiariqda uni ko‘paytirishga urinishlar bo‘layotganini qanday izohlash mumkin? Axir tomorqasi tortib olingan oila kambag‘allik jabrini tormaydi deb kim kafolat beroladi? Achinarlisi shuki, ana shu tomorqasi bilan ham o‘ta nochor ahvolda yashayotgan oilalar yo‘q emas.

5

Muammoni o‘rganar ekanmiz, Yangiariq tuman hokimi uchun kim oshdi savdosiga qo‘yishga hayhotday hududda boshqa yer quribdimi, degimiz keladi.

Darvoqe, fuqaro Jamol Bobojonov 2020 yilning 8 mayida mavjud muammolarni aytib O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti portaliga murojaat qilgan edi. Ushbu murojaat yuzasidan Yangiariq tuman hokimi M.Xudayberganov: «...Sizdan ushbu yer maydoni sizga tegishli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar so‘ralganda taqdim qila olmadingiz va hujjatlaringiz yo‘qligini og‘zaki ravishda ma’lum qildingiz...» , deya javob qaytargan.

Axir yerning fuqarolarga tomorqa sifatida berilganini  tasdiqlovchi hujjat hokimlik arxivining temir seyfida tursayu, undan nusxa olish uchun odamlar tiz cho‘kib tavallo qilayotgan bo‘lsa, tuman hokimligi rasmiylari uchun yana nima kerak?

Eng yomon jihati shuki, Vazirlar Mahkamasi qarorida auksionga bo‘sh turgan yerlar qo‘yilishi ta’kidlangan. Vaholanki, «Do‘stlik» mahallasidagi yerlar uchun odamlar tomorqa sifatida yer solig‘i to‘lab kelishgan. Soliq to‘laganligi, «Xo‘jalik daftarida»da umumiy yer hajmi 25 sotix qilib ko‘rsatilgani, nima bu, hokim janoblari uchun hujjat emasmi?

6

Mavjud nizom va tartib-qoidalarga ko‘ra yerlarni kim oshdi savdosiga qo‘yishdan oldin hay’at a’zosi ob’yektni puxta o‘rganib chiqishi talab qilinadi. Hay’at a’zolari orasida ekologiya va tabiatni asrash hamda atrof-muhit muhofazasi bo‘limi boshlig‘i Madamin Qurbonov ham o‘z xulosasini bergan. Nima deysizki, u odamlar yillar davomida parvarishlab, daraxtzorga aylantirgan bog‘ni bo‘m-bo‘sh yerlar degan xulosani bergan. O‘zbekistonda, ayniqsa, Orolbo‘yi mintaqasi sanalgan Xorazmda bir dona daraxtni kesish qanchalik fojeaga sabab bo‘lishini mazkur shaxsga tushuntirish zarur bo‘lmasa kerak.

7

Hay’at tarkibida Madamin Qurbonovdan tashqari yana olti nafar mutaxassis bor. Ular balki daraxtlar morotoriysi haqida bilishmas, biroq mazkur shaxs ekologiya va tabiatni asrash hamda atrof-muhit muhofazasi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab turib tabiatga – yashnab, barq urib turgan bog‘larga qiron keltirish, imoratlar qurish bahonasida o‘nlab bog‘larni chopib, yo‘q qilish tarafdori bo‘lsa?!

– Madamin Quronov bizning oldimizga kelib: «Sening bog‘ingdagi bu daraxtlar  mening uchun bir tiyinlik ahamiyati yo‘q. «Qizil kitob»ga kiritilgan daraxtlarni chopmasak bo‘lgani», degan fikrlarni aytdi, – deya nolinadi tag‘in Muzaffar Bobojonov. – Axir noyob mevali daraxtlarni parvarishlash uchun o‘n yillar davomida mehnat qilish zarur.   

8

Xullas, Yangiariqda ahvol shunday. Muammo bor, yechimi yo‘qday. Mahalliy boshqaruv idoralarida  ochiqlik va shaffoflikdan asar  bo‘lmagandan keyin muammo ustiga muammo tug‘iladeradi-da. Tuman idora va tashkilot mas’ullari poytaxt OAV vakili bo‘lgan jurnalistga  «o‘yinlar» qilib turgan bir pallada huquqiy savodxonligi bir navi bo‘lgan oddiy fuqarolarga qanday munosabatda bo‘lishini tasavvur qilavering. Masalaga adolat bilan yondoshilganida edi, o‘nlab fuqarolarni qiynayotgan muammoning yechimi 2014 yilda qabul qilingan sobiq hokim qaroridan topilgan bo‘larmidi?!

Darvoqe, o‘sha qarorni hokimlik arxivining temir sandiqlaridan olishga kimning kuchi yetar ekan?

Erpo‘lat BAXT

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring