Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Yashab bo‘lmay qoldi-ku!»

«Yashab bo‘lmay qoldi-ku!»

Bu gapga o‘n yilcha bo‘ldi. Yanada aniq bo‘lishi uchun aytay, adashmasam, u dumbirlar «Bunyodkor» stadioni shiddat bilan qurilayotgandi. Do‘stim, ukasi va men moshinamizni Alisher Navoiy opera va balet teatri hovlisining o‘ng tomonidagi yo‘l chetiga qo‘yib o‘zimiz «Sharq ziyokori» do‘koniga kitob olgani kirgandik. Qaytib chiqsak moshina taqiqlangan joyda qo‘yilgani uchun GAIlar jarima yozmoqchi, moshinaning davlat raqamini yechib olmoqchi bo‘lib turgan ekan. Atrofda shuncha inomarka. Lekin kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi deganlariday, «azamatlar» kelib-kelib bizning «Jiguli»ga yopishishardi. U desak bu dedi, bu desak u dedi. Shunda bu vaziyatdan xunobi chiqqan do‘stim qo‘lidagi suv to‘la «baklashka»ni asfaltga zarb bilan urib «yashab bo‘lmay qoldi-ku!» deb alam bilan baqirdi.

O‘shanda bundaychikin so‘zlarni davlat odamlarining oldida zarda bilan aytish tugul, mundayroq, chog‘roq davrada ham aytish xavfli edi. Lekin ichdan to‘lib ketgan do‘stim aytdi, aytib yubordi. Aslida o‘sha gap mening ham, do‘stimning ukasining ham, sizning ham, hamma-hammamizning ichimizdagi gap edi. Biroq uni dilimizdan tilimizga chiqara olmasdik.

O‘sha gapdan so‘ng DAN xodimlari biroz shashtidan tushib, jarimaning yengilrog‘ini – «tasma taqmagan» yo «ortiqcha odam olgan» degan turini yozgandi. Agar «zakonniy» yondashsak, bu yerda qonun ikki tomonlama buzilgan edi, ham biz, ham GAIlar uni buzgandik. Agar insoniylik jihatidan yondashsak, ular insof qilishdi. Aholi daromadlariga nisbatan olganda jarimalar otning kallasiday bo‘lgani uchun ham ular insoniylik qilishgandi o‘shanda.

O‘sha pallalar Navro‘z va Mustaqillik bayramlarida «Yoronlar-ey!» qo‘shig‘i «moda» edi, bir aytilishda besh-olti martagacha aytilaverardi. Bayram dasturiga bo‘yinbog‘ taqib kirganlar shu qo‘shiqqa berilib o‘ynashardi. Achchiqroq, aniqrog‘i, majoziyroq qilib aytganda esa hammamiz yoppasiga o‘sha qo‘shiqqa o‘ynardik. Qo‘shiq matniga e’tibor bering: «O‘n yettiga kirgan ukam, Sen hech kimdan emassan kam, Navqironman bugun men ham Sendek o‘g‘lonlarni ko‘rib, Mardu maydonlarni ko‘rib...» «Ey, yoronlar-ey! Shunday zamonlarni ko‘rib! Davru davronlarni ko‘rib!»

Oradan yillar o‘tib qo‘shiq matnidagi «o‘n yetti yoshli o‘g‘lon» «kattarib» avval «o‘n sakkiz...» keyin «yigirma...» yoshga to‘lib bordi. Biz esa raqsga tushishda davom etardik. Televizorni yoqsak, shunga o‘xshash qo‘shiqlar qulog‘imizga xuddi: «sen baxtlisan, sen baxtlisan!» deya sayrab bizni «baxtli inson»ga aylantirib qo‘yardi. Gazetalarimizda maqolalar odatda shunday so‘zlar bilan boshlanardi: «Mustaqillik sharofati bilan yurtimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda...», «Yurtboshimiz rahnamoligida...»

Kamchiliklar haqida gapirishga esa haqqamiz yo‘q edi – hamma og‘ziga qatiq uvitib olgandi. Kimdir kamchiliklardan so‘z ochsa, o‘sha odamdan naqd xalq dushmani yasalardi. Uyimizda chiroq bo‘lmasa-da, ichimlik suvini bir necha chaqirimdan tashib kelib ichsak-da, ommaviy axborot vositalari muttasil qulog‘imizga quyib kelgan «O‘zbekiston – jannatmakon yurt!» degan so‘zni hayqirishdan bir zum to‘xtamasdik!

Toshkentning asosan televizorlarda takror-takror ko‘rsatiladigan, gazeta-jurnallarimiz sahifalarini bezab turadigan markaziy joylari chindan chiroyli, go‘zal, ko‘zni quvnatardi. Lekin «Kichik halqa yo‘li» yo «Katta halqa yo‘li» aylanmalaridan nariga chiqishimiz bilan «jannat» tugab qolardi. Viloyatlarga, tumanlarga, qishloqlarga, qishlog‘imga borsam, televizorlarda maqtaladigan o‘sha «jannat»ni hech topolmasdim.

Dadam o‘qishimning kontrakt pulini to‘layman deb o‘zi yirtilgan tuflida ishga borib-kelganlari haligacha ko‘z oldimda turadi. Ro‘zg‘orga bir-ikki so‘m kirsin deb, qishlog‘imiz adog‘idagi Oloy bozorida pamidor sotgan enamning pamidor to‘la satillarni ko‘tarib yurishlari hecham xayolimdan chiqmaydi. To‘qqiz yillik maktab davrida Kumush singlim qancha-qancha uyga vazifalarini sham, moychiroq yorug‘ida tayyorladi ekan-a? Mustaqillik yillarining boshida Tojikistondagi urushdan qochib O‘zbekistonga ko‘chib kelgan qo‘shnimiz Abdunazar boboning ayoli Tilla momo va uning qo‘shni yurtda tug‘ilgan bolalari uzoq yillar ko‘z oldimizda pasportsizlik azobini tortdi. Tilla momoning sobiq ittifoq davrida berilgan Tojikiston pasporti bilan yashab yurganini faqat va faqat alam bilan eslash mumkin. Uning qiynalganlari, ichidan o‘tganlari faqat o‘zigagina ayon. Almat bobomning Dilmurod, Musurmon, Orif, Obid ismli o‘g‘illari Rossiyaga ishlashga ketishdi. Sinfdoshim Abdurashid Toshkentda mardikor bozorlarida, Rossiyada ishlab tirikchilik qilar ekan nega unda u Toshkent davlat texnika universiteti Aviatsiya fakultetida kontrakt to‘lab o‘qidi? Bugun quruvchi bo‘lgan ukalarim nima uchun Avtomobil transporti kollejida o‘qidi ekan, a? Namunali uyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lashga qiynalgan dadam Fuzayl ukamni Peterburgga ishlashga yuborganda yuraklarim achishib-achishib ketgandi. Ammo uni jimgina kuzatishdan boshqa choram bo‘lmagan. Bobolar yig‘ilib namoz o‘qiydigan qishlog‘imizdagi masjid do‘konga aylantirilgan paytlar ham bo‘ldi.

Toshkentga davolanishga, ishga kelib melisaga tushib qolgan qancha-qancha qishloqdoshlarimizni eslayman. Viloyatdan kelgan yigitlar Chorsu bozoriga borishga, metroga tushishga, umuman Toshkent ko‘chalarida yurishga qo‘rqardi. Sababini hammamiz bilardik.

Hammasiga bitta vaj bor edi: «zato» tinch yashayapmiz-ku!» Lekin birgina biz bilan chegaradosh davlatlar – Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘izistonning qay biri tinch emasdi? Axir u yerlarda yashayotganlarning ham yurti tinch, osmoni musaffo edi-ku! Ommaviy axborot vositalarining «tinchlik» materiallari qon-qonimizga singib: «Tinchlik bo‘lsa bo‘ldi! Boshqa hech narsa kerak emas!» degan “epidemiya”ga chalinib qolgandik.

Juda maqtanolmayman-u, qishlog‘imizning men tilga olgan, jannatda yashamagan, ammo jannati odamlarining hayotida bugun yaxshi tomonga o‘zgarishlar bor. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan 1243 nafar shaxs orasida qo‘shnimiz Abdunazar boboning bolalari ham borligi meni xursand qildi. Do‘stim bugun bir tuman gazetasida rahbar, ishlari yaxshi. Yaqinda ko‘rishganimizda «yashab bo‘lmay qoldi-ku!» degan o‘sha gapini kulib esladik.

Hayotimiz o‘nglanyapti. Bu o‘zgarishlarni televizor, gazeta orqali ortig‘i bilan ko‘rib, o‘qib boryapmiz. Lekin meni bir narsa xavotirlantiradi! O‘sha mashhur qo‘shiq qayta boshlanib, biz yana o‘yinga tushib ketmasak bo‘lgani!

Fozil Jabborov


Ushbu blogpost muallifi O‘zbekiston blogerlari chempionatida ishtirok etmoqda. Mukofot jamg‘armasi 60 mln so‘mdan ortiq chempionatga kelib tushgan boshqa ijodiy ishlar bilan tanishish uchun ushbu havolaga o‘ting.

 

Izohlar 3

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring