Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yodlangan gaplarni gapirmasdan, ko‘proq savol berib, takliflaringizni aytsangizlar, xursand bo‘laman» — Shavkat Mirziyoyev.

«Yodlangan gaplarni gapirmasdan, ko‘proq savol berib, takliflaringizni aytsangizlar, xursand bo‘laman» — Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumani rahbarlari, mahalla raislari, tadbirkorlar, maktab va sog‘liqni saqlash muassasalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

— Sizlar bilan, xalq orasida yurib, islohotlarimizni amalga oshirayotgan odamlar bilan suhbat qilib, mavjud muammo va masalalarni ochiq-oydin muhokama qilgani keldim. Shuning uchun yodlangan gaplarni gapirmasdan, ko‘proq savol berib, takliflaringizni aytsangizlar, xursand bo‘laman, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yashnobod tumanida 18 mingdan ziyod iqtisodiy faol aholiga ish o‘rinlari zarurligi, bandlikni oshirish uchun tadbirkorlikni jadal rivojlantirish kerakligi qayd etildi.

O‘tgan yili tumanda investitsiyalar 1,3 barobar, sanoat 12 foiz, qurilish 26 foiz, xizmat ko‘rsatish 28 foiz o‘sgan. 445 milliard so‘m sarmoya hisobidan 16 ta ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’yekti ishga tushirilgan.

2020-2022 yillar uchun qiymati 8,5 trillion so‘m bo‘lgan 61 ta investitsiya loyihasi shakllantirilgan.

Kichik korxonalar tashkil etish uchun tumanda rezerv va imkoniyatlar yetarli ekani, mahalla instituti bu borada faollik ko‘rsatishi lozimligi ta’kidlandi.

Maktabgacha ta’lim muassasasi qurish, maktablarni kapital ta’mirlash, zamonaviy klinikalar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Sog‘lom hayot tarzini shakllantirish, odamlarni ko‘proq doriga emas, balki to‘g‘ri ovqatlanishga, sportga o‘rgatish butun jamoatchilikning vazifasi bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Jinoyatchilikning oldini olish, obodonlashtirish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha ham ko‘rsatmalar berildi.

— Yashnobod o‘z nomiga munosib yashnab turishi, quyi tizimda ishni tashkil qilish bo‘yicha namuna bo‘lishi kerak, — dedi davlatimiz rahbari.

Ochiq muloqotda aholi va tadbirkorlar o‘z fikr-mulohazalarini aytdi. Prezidentimiz bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash va ularni amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring