Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Yonib ketgan avtobus haydovchisining onasi: «Butun O‘zbekiston xalqidan, halok bo‘lgan yigitlarning onalaridan kechirim so‘rayman»

Yonib ketgan avtobus haydovchisining onasi: «Butun O‘zbekiston xalqidan, halok bo‘lgan yigitlarning onalaridan kechirim so‘rayman»

Xotira Jolboldiyeva — Maqsad Pernebekovning onasi

Foto: 31-kanal lavhasidan skrinshot

Qozog‘istonning «31-kanal» telekanali muxbari Oqto‘ba viloyati Irg‘iz tumanida ro‘y bergan fojiada yonib ketgan avtobus haydovchilaridan biri — Maqsad Pernebekovning yaqinlarini qidirib topdi. Janubiy Qozog‘iston viloyatining Qozig‘urt posyolkasida yashovchi oila ro‘y bergan hodisadan qattiq hayajonda. Ular Maqsadning tirik qolganini yangiliklardan bilishgan. Shu zahoti unga qo‘ng‘iroq qilishgan. U boshi va qo‘li kuyganini aytgan.

Buni qarangki, haydovchi halokatdan bir necha soat oldin onasiga videoxabar jo‘natgan. Videoda Maqsadning quyidagilarni aytganini ko‘rish mumkin:

— Qadrdonlarim! Mana, Oroldan o‘tdik, Irg‘izgacha 170 kilometr qoldi. Judayam sovuq, -40, ehtimol -45 bo‘lishi ham mumkin. Ustimda ikkita kurtka. Yo‘l muzlagan, yaxmalak. Mana, soatiga 50 km tezlikda ketayapmiz, radiatordagi harorat esa 60 gradus.

Yaqinlarining aytishicha, «Setra» yo‘lovchi avtobusini 4 yildan beri haydaydi. Xuddi shu avtobusda Qozonga bir necha marta borgan, yo‘lni yaxshi bilgan. Seshanba kuni erta tongda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan 55 nafar yo‘lovchi bilan birgalikda Rossiyaga yo‘l olgan.

Yo‘lda esa, yuqorida ta’kidlanganidek, oilasidagilarga videoxabar yuborgan. Oradan uch soat o‘tgach Irg‘iz tumanidagi trassada fojia yuz bergan. Avtobusda chiqqan yong‘in oqibatida 52 kishi tiriklayin yonib ketdi, 5 kishi, jumladan, ikkala haydovchi omon qoldi. Haydovchilar va omon qolgan yo‘lovchillardan biri Qozog‘iston fuqarolaridir.

Maqsad Pernebekovning oilasi
Foto: 31-kanal lavhasidan skrinshot

Xotira Jolboldiyeva, Maqsad Pernebekovning onasi:

— Men butun O‘zbekiston xalqidan, ayniqsa, halok bo‘lgan o‘g‘lonlarning onalaridan kechirim so‘rayman. Ularga hozir oson emas. Ammo mening bolamning bu ishda aybi yo‘q. Kechiringlar bizni!

Qamshat Pernebekova, Maqsad Pernebekovning opasi:

— Yong‘in chiqqan paytda akam uxlab yotgan, avtobusni sherigi haydab ketayotgan bo‘lgan. U hodisa qanday ro‘y berganini bilmasligini aytdi. Men: «Maqsad, qolganlarni qutqarishning iloji bo‘lmadimi? Eshikni ochmadinglarmi? Nima uchun?» — deb so‘radim. U: «Opa, men hech narsani bilmayman, tashqariga chiqishim bilan avtobus portladi», — deb aytdi.

Oilasidagilarning aytishicha, Maqsad yollanma ishchi bo‘lgan. Avtobus egasi unga har bir reys uchun 60 ming tanga haq to‘lagan. Uning ko‘p vaqti esa yo‘lda yurishdan ko‘ra avtobusni ta’mirlashga ketgan.

Oqnur Masanova, Maqsad Pernebekovning rafiqasi:

— Erim avtobusni tez-tez ta’mirlar edi. Uning egasi xo‘jayinimga oylik to‘lardi. U uyimizga kelib, avtobusni ta’mirlash ishlari qanday ketayotganidan xabar olib ketar, texnik ko‘rik, sug‘urta hujjatlarini o‘zi tayyorlardi.

Oynur Tanatova — fojiadan omon qolgan 41 yashar Barat Tanatovning rafiqasi. U xo‘jayini mashina olish uchun Rossiyaga ketganini aytib berdi:

— Kechqurun erimning o‘zi menga qo‘ng‘iroq qilib, hozir gaplasholmasligini, hammasini keyin so‘zlab berishini aytdi. Hozir uning telefoni o‘chirilgan.

Odamlar tiriklayin yonib ketgan «Setra» avtobusi ikki yarim yildan buyon texnik ko‘rikdan o‘tmagan. Uning egasi Orduxan Mextiyevda yo‘lovchi tashish uchun litsenziya bo‘lmagan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring