G‘ayrat Yo‘ldosh

Beshikdan qabrgacha ilm izla!

Yugurib o‘tasan yoki...

Yugurib o‘tasan yoki...

Piyodalar orasida ham belgilanmagan joydan kesib o‘tadiganlar ko‘p.

Foto: «RRnews.ru»

Hech e’tibor berganmisiz, biz juda ko‘p masala-yu muammolarda doim bir tarafni ayblab o‘rganib qolganmiz. Masalan, haydovchilar va YPX xodimlari o‘rtasidagi muomalada ham. Bir-ikkita insofliroq haydovchini aytmasa qolgan barchasi YPX xodimlarini so‘kadi. Ammo «o‘zing-chi, o‘zing oppoqmisan?» yoki «yo‘llarda yo‘l harakati qoidalariga qanchalik amal qilib qilib mashina boshqarasan?» desangiz javob yo‘q.

Chunki o‘sha aksariyat YPX xodimlarini yomon ko‘radigan haydovchilarning o‘zlari ko‘pincha qoidalarga amal qilishmaydi. Qoidani buzgan paytlarida YPX xodimlari to‘xtatsa, «qoida buzilishini rasmiylashtirmay qo‘yaqoling» deb ularga porani ham o‘zlari tiqishtirishadi. Lekin ishlar muhokama bo‘layotgan paytda negadir haydovchilar oppoq, YPX xodimlari esa qora bo‘lib qolaveradi.

Hozir qo‘yida yozmoqchi bo‘lgan gaplarimda YPX xodimlarini maqtamoqchi emasman. Odamning olasi hamma sohada va hamma joyda bor. YPX xodimlari orasida ham, haydovchilar orasida ham. Yozmoqchi bo‘lgan narsam ko‘proq haydovchi va piyodalar haqida.

Avvalambor haydovchilarga savol: yo‘lda mashina boshqarib ketayotganingizda piyodalarga nechog‘lik yo‘l berasiz? Siz belgilangan tezlikda ketayapsiz, yo‘lingizda har qadamda piyodalar o‘tish yo‘lagi bor va o‘sha yo‘lakning boshida ko‘chaning buyog‘iga o‘tish uchun qarab turgan piyoda turibdi. Siz to‘xtab piyodaga yo‘l berasizmi?

Ana shu savollarimga javob olish uchun katta ko‘chaga chiqib ko‘plab haydovchilar bilan gaplashdim. Ularning aksariyati oldiniga «ha, albatta yo‘l beraman» deb javob berishdi. Ammo, «iltimos, faqat to‘g‘risini ayting» deganimdan keyin ularning ko‘pchiligi aksariyat hollarda piyodalar yo‘lakchasida turgan piyodalarga shunchaki yo‘l bermasliklarini, faqat piyoda yo‘lning qatnov qismiga chiqib kelaversagina to‘xtashga majbur bo‘lib yo‘l berishlarini tan oldilar.

Haydovchilarga ikkinchi savolni beraman: siz ba’zi haydovchilar piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan piyodani urib yoki turtib yuborgan holatlarni ko‘rganmisiz?

So‘ralganlarning ko‘p bo‘lmasa-da anchaginasi bu holatni ko‘rgan ekan. Hayotda ko‘rmaganlari esa «aka, internetga kiring, siz nazarda tutgan holatning o‘zimizda sodir bo‘lganlarining videoyozuvi tiqilib ketgan» deb javob berishdi.

Men shu maqolaga material tayyorlash asnosida uchta shaharda har xil ko‘chalarda ko‘plab piyodalar yo‘lakchasini kuzatdim. Ahvol o‘ta yomon. Kuzatganlarimning hammasida piyodalar yo‘l chetida turib mashinalar qatnovining kamayishini kutishga majbur bo‘lishdi. Insofliroq bir-ikkita haydovchining to‘xtab piyodaga yo‘l berganini aytmaganda, qolganlari piyodalarga umuman yo‘l bermayapti. Hatto yo‘lda biroz qatnov kamayib qolganda piyodalar yo‘lagidan yurib ko‘chaning narigi tarafiga o‘tayotgan piyodalar uzoqdan tez harakatlanib kelayotgan mashinalarning sekinlamaganini ko‘rib yo‘lakdan yugurib o‘tishga majbur ham bo‘ldilar.

Kuzatganlarim orasida bir-ikkita ta’lim muassasalari oldidagi piyodalar o‘tish yo‘lakchasida ahvol nihoyatda yomon edi. Har ikki tarafdan shoshilib o‘tib-qaytayotgan haydovchilarning ayrimlari hatto o‘quvchilarning piyodalar yo‘lakchasi bo‘ylab harakatlanayotganini ko‘rib ham ularga yo‘l bermaganining guvohi bo‘ldim.

Umuman olganda hozirgi kunda mamlakatimizning hamma joyida ko‘chalar mashinalarga to‘lib ketgani uchun piyodalarning piyodalar yo‘lakchasidan o‘tishlari ancha xavfli bo‘lib qoldi. Holat shu darajaga borayaptiki, piyodalar yo‘lakchasiga chiqqan piyoda ko‘chani kesib o‘tishda yo yuguradi yoki yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ladi. Ha, shunday. Men maqolani tayyorlashda IIV YHX boshqarmasidan ma’lumot so‘rab o‘tirmadim, ammo yil bo‘yi sodir bo‘ladigan yo‘l-transport hodisasida vafot etgan yoki jarohat olgan piyodalarning anchagina qismini piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan paytida tez kelayotgan mashinalar urib yuborganini hamma biladi. Chunki o‘sha piyodalarni ba’zi noinsof haydovchilar odamlarning, bizning ko‘z o‘ngimizda bosib ketishayapti.

Albatta, bu yerda piyodalarni oppoq ko‘rsatib, haydovchilarni qattiq qoralash niyatim yo‘q. Piyodalar orasida ham qulog‘iga quloqchin taqib olib ko‘chani belgilanmagan joydan kesib o‘tadiganlar yoki piyodalar yo‘lakchasidan o‘tishda jo‘rttaga sekin yuradiganlar bor. Ammo bu masalada ko‘proq mas’uliyat baribir haydovchilar zimmasiga tushadi. Chunki haydovchilar piyodalar yo‘lakchasida har qanday holatda to‘xtashlari va ko‘chani kesib o‘tmoqchi bo‘lib turgan piyodani o‘tkazib yuborishlari kerak.

Piyodalarga yo‘l bermaslikni haydovchilar ko‘pincha shoshilayotgani bilan oqlashga urinadilar. Ammo shu yerda savol tug‘iladi: xo‘sh, aslida jamoat transportida yuradigan piyoda manziliga yetishi uchun ko‘proq shoshilishi kerakmi yoki boradigan manziliga o‘z mashinasida osongina yetib bora oladigan haydovchilarmi?

Tan olaylik, bu masalada eng tartibsiz haydovchilar bizda.

Chunki o‘zim ham guvohi bo‘lganman, boshqalar ham tasdiqlashadi: ko‘pgina chet davlatlarda piyodalar hatto yo‘lak ustiga chiqmay yo‘l chetida turganida ham haydovchilar ularni o‘tkazish uchun to‘xtaydilar. Bizda esa piyoda ko‘chani kesib o‘tish uchun yurishni boshlasa xam ko‘pchilik haydovchilar to‘xtamaydi.

Albatta, kimdir qoidani buzgan haydovchilar uchun jarima miqdorini oshirishni muammoning yechimi deb biladi. Buning uchun mamlakatimizdagi har bir piyodalar yo‘lakchasini nazorat qiladigan videokameralar o‘rnatilsa va piyodalarga yo‘l bermaydigan haydovchilarga kattaroq summada jarima belgilansa ahvol o‘zgarishi mumkin. Aks holda piyodalarimiz «yugurib o‘tasan yoki o‘lasan» qoidasiga amal qilib yurishga majbur bo‘laveradi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring