Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Namozov

Dunyoda tasodif yo‘q, bu so‘zlarni o‘qiyotganingiz ham tasodif emas!

Yurakka o‘q uzar bir nokas

Yurakka o‘q uzar bir nokas

– Kechirasiz, bugun ishdan uyga qaytgach, nimalar qilasiz? – deb so‘rayman azbaroyi qiziqqanimdan.

Foto: «iz.ru»

«...Mo‘minboyev! Shu odamga ko‘zi tushgan zahoti allaqayeriga tig‘ tortib yuborilgandek bo‘lib, Elchiyev boshini egib oldi. So‘ng, to ketishgunicha u tomonga qaramaslikka tirishdi: qarasa, ko‘zining qiri tushsa bas – yana tiladi o‘sha tig‘!..»

Bu o‘qiganlaringiz sevimli yozuvchimiz, ustoz Erkin A’zamning «Javob» qissasidan parcha. Ancha yil avval – hali g‘o‘r paytimda o‘qiganimda, vaqti kelib men ham Mo‘minboyevlarga o‘xshagan odamlarga yuzma-yuz bo‘lishim mumkinligini o‘ylamagan ekanman.

Bugun ham Mo‘minboyevlar (familiya tasodifiy, bu bir prototip xolos) oramizda. Bundaylarning, «Javob»da yozilganidek, do‘st yoki dushmanligini ham bilolmaysan. Sen kutmagan vaqtda – u o‘zi xohlagan damda yuragingni nishonga olaveradi, o‘q uzaveradi. Maza-bemaza gaplari bilan ta’bingni xira qiladi. Ehtimolki, shu bilan taskin topsa! Shu bilan dili yayrasa!

Uzoq yillar mobaynida diydor ko‘rishmagan kursdosh do‘stim olis viloyatdan tashrif buyurdi. Meni uydan topolmay, ishxonamga izlab kelibdi. Rosa miriqib suhbat qurdik.

Ishda Mo‘minboyevga o‘xshagan bir nusxa bilan bitta xonada o‘tirardik. U ham shu yerda edi. Bizga, ikki do‘stga g‘ayirlik bilan qarayotganini sezdim (fe’lini bilib olganman). Gap shundaki, bunday toifaning na bir oshnasi, na bir yo‘qlaguvchi birodari bo‘ladi! Ammo, gapga chechan emasmi, suhbatingizga qo‘shilaverdi. To‘g‘risi, yuragim po‘killab turdi. Bir gap aytadi-yu, dilimni siyoh qiladi hozir, deb o‘yladim.

Kursdosh do‘stim bilan faqat telefon orqali xabarlashib turardik. O‘sha kuni ona yurti Xorazmdan Qashqadaryoga ish bilan ketayotgan ekan. Meni birrov ko‘rib o‘tmoqchi bo‘libdi. Kechqurun uyda o‘z qo‘lim palovxonto‘rani damlab, mehmon qilajagimni aytdim.

– Yo‘q, ketmasam bo‘lmaydi. – deb ko‘nmadi u. – Balki qaytishda uyingizga kirarman.

Uzoq yillik oshnangni qo‘yib yuborging kelarmidi! Qo‘yarda qo‘ymadim. Shunda hamxonam – «Mo‘minboyev» og‘zining tanobi qochganicha tirjayib menga so‘z qotsa bo‘ladimi:

– E, namuncha «qo‘qoncha manzirat» qilasiz? – dedi u menga. – Axir, ich-ichingizda do‘stingizning ketishini xohlab turibsiz-ku! Palovxonto‘ra emish tag‘in!

Miyamga qon quyilgandek bo‘ldi. Do‘stim esa bu gapni hazilga yo‘yib, kulib yubordi.

– Endi, mehmon, bu oshnangiz mulozamatga usta-da! – davom etdi hamxonam menga gap bermay. – «Poytaxtga yo‘qlab kelsang, eshikni oyog‘ing bilan urib och, chunki qo‘lingda sovg‘a-salom bo‘ladi», degan gapni mana shu oshnangiz chiqargan aslida, xo-xo-xo!..

Do‘stimning oldida mulzam tortdim. Ammo jig‘ibiyronim chiqqan bo‘lsa-da, o‘zimni «oqlash» uchun nima deyarimni bilmasdim. «Yo‘q, men undaylardan emasman, qo‘ysangiz-chi», – deyishim kerakmi? Bu g‘irt Mo‘minboyev-ku! Gapiraveradi, deyinmi?

Xullas, aybsiz aybor bo‘ldim!

Nega oramizda shundaylar bor? Nima sababdan ular «o‘lik» gap bilan o‘zgalarni siylab turishlari kerak? Fe’l-atvori shunchalik rasvomi yoki? Peshanasiga yozilganmi boshqalarni ranjitish? Har qanday pastkashlik, qabohatga qo‘l urishdan qaytishmaydi. Qizig‘i, mudom o‘zini haq deb o‘ylashadi! O‘ziga xos falsafasi yoqmagani uchun bo‘lsa kerak, gaplaridan jahling chiqadi. Ammo, ne tongki, bunday nusxalar bilan bir havodan nafas olish nasib qilgan.

Mo‘minboyev bahona hayot, jamiyat, odamlarni kuzataman. Yashayapmiz. Yuribmiz. Gapiryapmiz. Uxlayapmiz. Ammo nimalar haqida o‘ylayapmiz? Nega yuribmiz? Nelar haqida gapiryapmiz? Mo‘minboyevlar toifasi-chi? Mustaqil fikrlay olarmikan bular? Umuman, mustaqil fikrlash haqida bosh qotirisharmikan o‘zi? El-yurt ravnaqi, xalq saodati zarracha qiziqtiradimi bundaylarni?

Nazarimda, Mo‘minboyevlarni faqat qorin tashvishi o‘ylantirsa kerak. Aniqrog‘i, qayerdan tekin ovqat topsa-yu, shu g‘amdan qutilsa! Kimdir quyuq ziyofat bersa-yu, bo‘kkunicha yesa! Keyin «xo-xo»lab, xohlagan odamining ustidan kulsa!

Mo‘minboyevlarni eslab qolganimning yana bir sababi, bundaylarning «xislati» xilma-xildek ochilib ketaveradi. Ochko‘z, ta’magir, boqimanda, vaysaqi, noshukr! O‘rni kelganida xushomadgo‘y, vaqt-vaqti bilan esa har qanday kazzob kimsalarga ham aylanishadi. Munofiqlik qilishdan qaytmaydilar. Qisqasi, sizu bizning hayotimiz, jamiyat uchun xavfli insonlar!

– Kechirasiz, bugun ishdan uyga qaytgach, nimalar qilasiz? – deb so‘rayman azbaroyi qiziqqanimdan.

– Ovqatlanaman, – javob beradi u. – Keyin yonboshla-a-b televizor ko‘raman. Xotin bilan birga serial ko‘rganga nima yetsin! Darvoqe, o‘zingiz-chi, o‘zingiz nima qilasiz? – deb so‘raydi darhol.

Men kitob mutolaa qilishim, juda bo‘lmasa, gazeta-jurnal o‘qishimni aytaman. Agar to‘rt-besh sahifa o‘qimasam, ertasiga ishlarim yurishmasligini uqtiraman. Ishxonada tugatmagan yumushlarimni uyda yakunlab qo‘yishimni, ana shunda xotirjam tortishimni aytaman.

– Xotirjam tortarmish! – deydi Mo‘minboyev burnini jiyirib. – O‘zingizni jonkuyar, kuyinchak qilib ko‘rsatmoqchisiz-da! Xo‘sh, ayting, bundan nima foyda?..

Qiziq-a, hech nimani o‘ylamasang, boshqalar xususida, o‘zga tashvishlar haqida bosh qotirmasdan yursang?! Ammo xudbin, desang, tan ham olmaydi. Birodar, sen ham o‘yla: yon qo‘shning, ehtimolki, yordamga muhtojdir, chiqib qara! Qaysidir hamkasbing kasal bo‘lib yotgandir, holidan xabar ol! Olis qishloqdagi otang-onang yoki yaqinlaring yo‘lingga ilhaqdir, jilla qursa, so‘rab-surishtir! Shunchalik ham beo‘y bo‘lish mumkinmi?

To‘g‘ri, inson hamma narsani yuragiga olavermasligi kerak. Shundoq ham dunyo tashvishlarga limmo-lim! Ammo bu degani kuyinchak, g‘amxo‘r, mehribon bo‘lma, degani ham emas! Aksincha, dunyo tashvishlari bartaraf qilinsagina sening ham tashvishing ariydi. Eng muhimi, ko‘ngilning tozaligi! Diling pok ekan, boshqalarga yordam beray, og‘irini yengil qilay, deysan. O‘zingni o‘ylab, xotirjam yotish o‘rniga, aksincha, o‘zgalar muammosini hal qilganing uchungina orom topasan. Ko‘ngling yayraydi.

Ajabki, Mo‘minboyevlar bunday e’tiroflarga zarrachayam arzimaydi. Dunyoni suv bossa, o‘rdakka ne g‘am, deganlari bejiz emas! Uning yuzidagi surbetlik niqobini yechsang, katafahmlik; bu niqobni yechsang, loqaydlik, beparvolik; uni ham sidirib tashlasang, masxarabozlik, bilimsizlik, omilik va hokazo-hokazo niqoblari paydo bo‘laveradi.

Erkin A’zamning «Javob» qissasidagi Elchiyev vannaning qirrasiga qon tomirini ishqalab o‘z joniga qasd qiladi. U hushidan ketganida qon qotib qolgan edi. Tasodifan o‘g‘li kirib, tezda otasini shifoxonaga yetkazadilar. «E-e, suvga tutmabsiz-da, suvga tutish kerak edi!» – deydi Mo‘minboyev unga («shunday qilsangiz, qon ko‘proq ketib, o‘li-i-i-b qolardingiz»). «Bilsa hazil, bilmasa zil!» Ana sizga, Mo‘minboyev, ana sizga, manfur qiyofa!..

Ushbu maqola muallifi o‘zining hamkasbidan yozg‘irib, namuncha nolimasa, deb o‘ylagandirsiz? Yo‘q, nolish emas, shunchaki bu haqda anchadan beri yozmoqchi bo‘lib yurgandim.

Darvoqe, Mo‘minboyev mazkur maqolani o‘qib qolsa, nima bo‘ladi, deb o‘ylashingiz ham mumkin. Xavotir olmang, hech nima bo‘lmaydi! Avvalo, u bunday maqolani tushunmaydi. Mabodo, tushunib yetganida ham bu maqola o‘zi haqida ekanligini aslo-aslo tan olmaydi.

Chunki u – Mo‘minboyev-da!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring