Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zo‘ravonlikka qarshi profilaktika: o‘g‘il bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish

Zo‘ravonlikka qarshi profilaktika: o‘g‘il bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish

«Yaqindan boshlab respublikamizning 14 ta hududida ikkitadan reabilitatsiya markazlari faoliyati yo‘l qo‘yila boshladi. Boshpanalari ham mavjud bo‘lgan bu markazlarda psixolog, huquqshunos, tibbiyot xodimlari zo‘rovonlikdan jabr ko‘rganlarga yordam beradi. Markazlar davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Ichki ishlar, Bosh prokuratura, Bandlik va mehnat munosabatlari, Xalq ta’limi vazirliklari, Inson huquqlari bo‘yicha ombudsman singari tashkilotlar markazlar bilan bevosita hamkorlikda ishlaydi», — dedi Respublika ayollarni Reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazining rahbari Muqaddam Rasulova «O‘zbekistonda gender siyosatining konstitutsiyaviy asoslari» mavzuiga bag‘ishlangan tadbirda.

Ushbu tadbirda Ombudsman vakili, Mahalla va Oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Toshkent shahar IIBB, madaniyat va san’at arboblari ishtirok etishdi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Furqat Mahmudxo‘jayev:

— Zo‘rovonliklarning urchib ketayotganiga sabablardan biri yon-atrofdagilarning tomoshabin bo‘lib turgani. Tazyiqqa uchraganlar bilan haqiqatan ham ishlayotgan odamlar bor. Minbardan turib biz zo‘rovonlikka qarshimiz degan bilan ish bitmaydi. Psixolog, huquqshunos, mahalla faollari va reabilitatsiya markazi xodimlari hamkorlikda har bir jabrlanganlar bilan alohida kunlab, oylab ishlaydi. Bir zo‘rovonlikka uchragan ayolning qancha muammosi bor masalan. Nafaqat bir ayolga yordam berish, balki uni atrofidagilar bilan ishlashning o‘zi bo‘lmaydi. Tazyiqqa uchrayotganlarni bosti-bosti qilib, ajrimlar sonini kamaytirish emas, balki bugun o‘sha zo‘rovonlardan jabrlanayotganni qutqarish masalalarini ko‘rishimiz kerak. O‘sha oilaga zo‘rlanganni olib kirib qo‘yganimiz olib chiqib ketganimizdan ham ko‘ra yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.  Zo‘rovonlikka qarshi faqat ayollar o‘zlari kurashavermasdan erkaklar ham baravar birga qadam tashlashi kerak. Biz faqat qizlargagina oilani saqlash mas’uliyatini yuklab qo‘yyapmiz. Erkaklarni oila oldida burchli qilib tarbiyalash e’tibordan chetda qolib ketayotgandek. Zo‘rovonlikka qarshi profilaktika — o‘g‘il bola tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanish.

 Toshkent davlat yuridik universiteti aspiranti Kamola Aliyeva:

— Avvalo «ayolning o‘zi aybdor», degan qarashlardan qutulishimiz kerak. Ilmiy ish qilish jarayonida so‘rovnoma o‘tkazgan respodentlar orasida, «ayol oilada zo‘rovonlikka sabr qilishi kerakmi», «agar ayol aybdor bo‘lsa unga qarshi zo‘rovonlik ishlatish mumkinmi», «erkakning zo‘rovonligi oqlanishi mumkinmi» degan savollarga ko‘pchilik afsuski «ha» deb javob bergan. Ularning orasida ayollar borligi achinarli. Qolaversa bu borada televideniya kanallarida ayollarni o‘zini aybdor qiladigan ko‘rsatuvlar ko‘p. Ayolning oilada, jamiyatda qadrini tushiradigan ko‘rsatuvlar ko‘p. Masalan «Yor-yor» ana shunday loyihalardan biri. Bundan tashqari telenovellalar, seriallar ham oilada zo‘rovonlikni tabiiy tushunishni yoshlar onggiga singdirib borayapti. TVda vaqtinchalik chora sifatida gender ekspertiza o‘tkazish kerak. Buni senzura deb tushunmaslik lozim, bu ayollarni o‘zini aybdor qilish tushunchalarini yo‘qotguncha vaqtinchalik chora...

Ana shunday bahs-munozaralarga boy bo‘lgan tadbir so‘ngida oilaviy zo‘rovonlikka barham berish, ayollarni har qanday zo‘rlik ishlatishdan himoya qilish bo‘yicha ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari eshitildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring