Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan bo‘shatishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi

Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan bo‘shatishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 19 mart kuni koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda aholini ijtimoiy himoyalash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Karantinga yopilgan muassasalar xodimlari, karantindagi fuqarolar va ularga qarovchilarning huquqlarini ta’minlash, ijtimoiy nafaqa oluvchilar sonini kamida 10 foizga yoki 60 mingtaga oshirish bo‘yicha vazifalar qo‘yildi.

Karantindagi farzandlariga qarayotgan ota-onalarni ishdan bo‘shatishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmaydi. Ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi yuz foiz to‘lab beriladi.

Maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari faoliyati to‘xtab turgan davrda tarbiyalanuvchilar va boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga yillik mehnat ta’tilidan foydalanishning yillik rejasidan qat’i nazar yillik mehnat ta’tili taqdim etiladi.

Iqtisodiy faollik pasaygan paytda aholi bandligi masalasi alohida e’tibor talab etadi. Shu bois Inqirozga qarshi jamg‘armadan Jamoat ishlari jamg‘armasiga qo‘shimcha 200 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘lar odamlarni ish bilan ta’minlash, buning uchun mahallalarda qo‘shimcha infratuzilma ob’yektlari qurishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 500 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ berilib, ish o‘rinlari yaratadigan biznes sub’yektlarga ko‘maklashiladi. 

Ushbu chora-tadbirlarni sifatli bajarish maqsadida Bosh vazir rahbarligida Inqirozga qarshi respublika komissiyasi tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya 22 martdan boshlab ikki oy davomida har bir tuman va shaharda koronavirusga qarshi kurashish, sanoat, xizmat ko‘rsatish, savdo, transport, logistika va boshqa korxonalarni barqaror ishlatish masalalarini hal qilib boradi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qo‘mitasiga bozorlardagi narx-navoning o‘zgarishini kuzatib borib, mavjud zaxiradan qo‘shimcha mahsulotlarini savdoga chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring