Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

 «Karantinni qanday o‘tkazyapmiz?» Senat tanlov e’lon qildi

 «Karantinni qanday o‘tkazyapmiz?» Senat tanlov e’lon qildi

Karantin davrida uydan chiqmaslik kasallik tarqalishining oldini olishdagi eng asosiy omillardan sanaladi. Ushbu vaziyat oila davrasida bo‘lish, yaqinlar bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyatini yaratadi. Hozirgi kunda bosh vazifamiz bir-birimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, bir-birimizni himoyalash va vaqtni mazmunli, foydali tashkil qilishdan iborat. Mazkur tanlov ham shu yo‘nalishga qaratilgan.

Tanlov maqsadi aholi va yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda quyidagi mavzular bo‘yicha ijtimoiy masofalanish sharoitida tegishli yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmalarini ommaga yetkazish: oila davrasida vaqtni foydali va unumli o‘tkazish, stress va xavotirga qarshi kurashish, osoyishtalikni saqlash va xavfsizlikni ta’minlashga hissa qo‘shish, jismoniy salomatlik va immunitet tizimini mustahkamlash, mojaroli vaziyat va gender zo‘ravonlik xavfini kamaytirish, er-xotin, qaynona-kelin, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash.

Shu bilan birga, o‘smirlarda (13-17 yosh) noqulay vaziyatni foydali harakatlarga yo‘naltirish, o‘z qobiliyatlarini rivojlantirish, yangi bilim va ta’lim olish uchun vaqtdan unumli va samarali foydalanish, sifatli muloqot va oilasiga yordam berish layoqatini yuksaltirish.

Natijada oila a’zolari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada yaxshilashga, ular o‘rtasidagi muloqotni faollashtirishga hamda bu borada tajriba almashishga erishiladi.

Tanlov tashkilotchilari: O‘zbekiston Respublikasining gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining aholishunoslik jamg‘armasi.

Tanlov ikki yo‘nalishda e’lon qilinadi: «Karantin paytida uyda, oila davrasida vaqtni qanday o‘tkazyapmiz? (barcha fuqarolar uchun), «Maqsadimga erishish yo‘lidagi g‘oyalarim» (13-17 yoshdagi o‘smirlar uchun).

Taqdim etilgan video mahsulotlarni maxsus ekspertlar guruhi baholaydi.

Tanlov shartlari: Tanlovda har qanday shaxs/oila qatnashishi mumkin va mas’ul shaxs ko‘rsatilishi lozim, ishlar soni cheklanmagan, tanlovda qatnashish bepul, tanlov masofadan turib o‘tkaziladi.

Baholash mezonlari: Ishning ko‘rsatilgan mavzuga mos kelishi, videorolikni tayyorlashga bo‘lgan ijodiy yondashuv (g‘oyaning yangiligi, o‘ziga xosligi va hokazo), axborot mazmuni, videotasvirlarning sifati.

Mualliflik huquqlari: Tanlovda qatnashayogan ishning mualliflik huquqiga rioya qilinishi ushbu asarni tanlovga yuborgan ishtirokchi (ishtirokchilar jamoasi) zimmasiga yuklanadi.

Tanlov materiallariga qo‘yiladigan talablar:

*tanlovda istalgan kishi/oila qatnashishi mumkin;

*videomaterialda tanlovga yo‘naltirilgan aniq xabar bo‘lishi kerak, mobil telefon, yuqori aniqlikdagi videokamerada suratga olingan 2 daqiqadan oshmagan video mahsulotlar tanlovga qabul qilinadi;

*materiallar o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida tayyorlanishi mumkin;

*tanlov uchun materiallar quyidagi tartibda taqdim etilishi kerak: ishtirokchining ismi va mavzu yo‘nalishi ko‘rsatilgan holda videoroliklar YuNFPAning Facebook sahifasigi messenjeriga https://www.facebook.com/UNFPA.Uzbekistan/ yoki videoning Youtubedagi manzili yuborilishi lozim;

videorolik materiallar mazmuni va tasviri O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga va axloqiy me’yorlarga zid bo‘lmasligi shart.

G‘oliblarni taqdirlash:

Tanlov natijalariga ko‘ra har bir yo‘nalishda uchta eng yaxshi material tanlab olinadi (jami 6 ta) va shunga ko‘ra ikki yo‘nalish bo‘yicha 1, 2 va 3-o‘rinlar sohiblari taqdirlanadi.

G‘oliblarning ishlari O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etiladi, shuningdek Oliy Majlis Senati va YuNFPAning veb-saytlari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtiriladi.

Ikki yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblarga mukofot (jami 6 ta sovrin): Tanlov g‘oliblariga tanlovda qatnashganlik uchun sertifikatlar topshiriladi.

1-o‘rin – noutbuk (jami 2 dona)

2-o‘rin – planshet (jami 2 dona)

3-o‘rin – smartfon (jami 2 dona)

Tanlovni o‘tkazish muddati va tartibi:

Tanlovga ishlarni qabul qilish 2020-yil 1-apreldan 2020-yil 25-mayga qadar amalga oshiriladi. Belgilangan muddatdan keyin taqdim etilgan ishlar tanlov komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmaydi. Tanlov g‘oliblari 2020-yil 1-iyunda e’lon qilinadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring