Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Navoiyda beshta kasallik o‘chog‘i aniqlangan. Toshkentdan shifokorlar yordamga yuborildi

Navoiyda beshta kasallik o‘chog‘i aniqlangan. Toshkentdan shifokorlar yordamga yuborildi

Foto: Navoiy viloyat hokimligi

So‘nggi kunlarda ayrim hududlarda aholi orasidan koronavirus infeksiyasiga chalinganlar uchrayotgani aholidan yana-da hushyor bo‘lib, karantin qoidalariga qat’iy amal qilish lozimligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, yurtimizning bir qancha hududlari qatori, Navoiy viloyatida ham aholi orasida kasallikka chalinayotganlar uchrayotganligi tashvishli bo‘lmoqda.

Shundan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari boshchiligida yuqori malakali shifokor-olimlar, jumladan, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, xirurg hamda vrach-laborant kabi qator mutaxassislardan iborat maxsus guruh viloyatga yuborildi. Ular hududda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni yanada kuchaytirish, bemorlarni samarali davolash borasida mahalliy mutaxassislarga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda 119 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bugungi kun holatiga ko‘ra, ulardan 12 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 107 nafar bemorga shifokorlarimiz tomonidan samarali davolash muolajalari olib borilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda kasallik, asosan, beshta o‘choq orqali tarqalganini ko‘rish mumkin. Jumladan, birinchi katta o‘choq Zarafshon shahrida, ikkinchi va uchinchi o‘choqlar Xatirchi tumanida, to‘rtinchi o‘choq Konimex tumanida hamda beshinchi o‘choq Tomdi tumanida yuzaga kelgan.

Shundan kelib chiqqan holda, xududda karantin qoidalarini yanada kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, prokuratura xodimlari bilan birgalikda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, bemorlarni davolash hamda karantindagi fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olishni yanada samarali yo‘lga qo‘yish borasida izchil faoliyat olib borilmoqda.

Jumladan, epidemik vaziyatdan kelib chiqib, asosiy uchoq bo‘lmish, Zarafshon shahri «qizil» hudud toifasiga kiritilgan. Bundan tashqari, joriy yil 26 may kunida kasalligi aniqlangan bemorlar (31 nafar) bilan muloqotda bo‘lgan 300 nafarga yaqin fuqaro karantinga olingan: shundan 104 nafari uy karantini, 182 nafari esa statsionar karantinga joylashtirilgan. Viloyatning yana qator tuman va shaharlarida ham yuzlab fuqarolar uy va statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan.

Shuningdek, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, tegishli maxsus komissiya qarori bilan joriy yil 8 maydan boshlab, bosqichma-bosqich Zarafshon shahridagi 11 ta mahallada kuchaytirilgan karantin qoidalari saqlab qolinib, transport vositalarining harakatlanishi cheklanishi belgilandi. Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi 6 ta mahallada ham karantin qoidalari kuchaytirilgan.

Umuman olganda, yurtimizning ayrim hududlarida aholi orasida kasallanish holatlarining kuzatilayotgani aholidan ogoh bo‘lib, karantin qoidalariga amal qilgan holda o‘zi va yaqinlarining xavfsizligiga e’tiborli bo‘lishlari talab etiladi.

Ayni holatdan kelib chiqqan holda, Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘zimizni va oilamiz xavfsizligini saqlash uchun aholidan yana bir bor karantin qoidalariga , jumladan, ko‘chaga sababsiz chiqmaslik, zarurat yuzasidan chiqqanda ijtimoiy masofani saqlash, jamoat joylarida to‘planmaslik, qo‘llarni tez-tez va yaxshilab yuvish, tibbiy niqob taqishda davom etish kabi qator ehtiyot choralarini ko‘rib, belgilangan qoidalarga qat’iy amal qilishlarini so‘raydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring