Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya davrida soliq imtiyozlarlari uzaytiriladi

Pandemiya davrida soliq imtiyozlarlari uzaytiriladi

Foto: «Xabar.uz»

«Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida» Prezident Farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Farmonga muvofiq, 2020-yilda Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda, soliq to‘lovchilarga soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarini 5 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirganlik uchun jarima solinmaydi.

Prezidentning 2020-yil 18-maydagi PF–5996-son Farmonida belgilangan quyidagi soliq imtiyozlari va preferensiyalari 2020-yil 31-dekabrga qadar uzaytiriladi:

  • mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilish bo‘yicha berilgan imtiyozlar:

➖ kichik tadbirkorlik sub’yektlari;

➖ bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari, shuningdek, yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar uchun;

  • ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga pasaytirish bo‘yicha mikrofirma va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlar;
  • bojxona organlariga murojaat qilgan kungacha 1 yildan kam bo‘lmagan muddat davomida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirayotgan mikrofirma va kichik korxonalarga, keyinchalik kechiktirilgan summani 120 kun mobaynida teng ulushlarda to‘lash sharti bilan, tovarlarni olib kirishda undiriladigan bojxona boji va aksiz solig‘ini to‘lash muddatini kechiktirish taqdim etish;
  • mikrofirma va kichik korxonalarda 2020 yil 15 may holatiga soliqlar, penyalar va soliq qonunchiligini buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo‘yicha mavjud bo‘lgan qarzdorlikni undirishni to‘xtatish.

Umumiy ovqatlanish korxonalari ijtimoiy soliqning pasaytirilgan stavkasini ishchilarning sonidan qat’i nazar qo‘llaydi.

Auditorlar, rieltorlar, baholovchilar, aktuariylar, apteka va ularning filiallari mudirlari, turistik tashkilotlarning ishchilari va gidlar (ekskursovodlar), xorijiy tillarga o‘qituvchilarning 2020 yil 1 martda tugaydigan malakaviy sertifikatlari muddatini navbatdagi malakaviy imtihonlarni o‘tkazish sanasiga qadar uzaytiriladi.

«Mahalla» xayriya jamoat fondi, «Saxovat va ko‘mak» fondi, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga, shu jumladan ularning hududiy  bo‘linmalariga beg‘araz yordam berish qismida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning amal qilishi 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytiriladi.

2021 yil 1 iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab Hukumat tomonidan o‘rnatilgan  talablarga rioya qilgan holda hamda hokimliklarni xabardor qilish orqali o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega bo‘ladi.

2021 yil 1 iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab tadbirkorlarga hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan soliq organlarini xabardor qilish orqali avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtotsisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi beriladi.

Davlat soliq qo‘mitasi o‘zining rasmiy sayti va mobil ilovalar orqali ko‘chma savdoni boshlash to‘g‘risida elektron xabarnomalarni bepul qabul qilishni ta’minlashi belgilandi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish korxonalarida iste’molchilarga ovqatlanish yoki xordiq chiqarish xizmatlarini ko‘rsatish uchun yengil konstruksiyalarni joylashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablar tasdiqlanadi.

2021 yil 1 yanvarga qadar umumiy ovqatlanish korxonalarining mavsumiy kafelari ishlashi, shuningdek, ko‘chma savdoni amalga oshirish tartibi tasdiqlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring