Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ular to‘lagan jarima bilan davlat boyib ketmaydi...

Ular to‘lagan jarima bilan davlat boyib ketmaydi...

Foto: Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati

Aytishning o‘zi og‘ir, yozishni-ku aytmang: bir kunda (26 mart) karantin qoidalari buzgan va jamoat joylarida niqobsiz yurgan 930 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. Ular to‘lagan jarima bilan davlat boyib ketmaydi, huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rganlar rag‘batlarga ko‘milmasligi ham rost.

Biroq gap bunda emas hozir.

Gap har bir huquqbuzar nafaqat o‘zining, o‘ziga qo‘shib boshqalar – birinchi navbatda yaqinlarining ham sog‘ligini xavf ostiga qo‘yishi ehtimolini yuzaga keltirayotganida!

Bugungi murakkab va og‘ir sinovli davr mamlakat iqtisodiga ta’sir o‘tkazmay qolmaydi, shunga qaramay, davlatimiz o‘z fuqarolari salomatligi muhofazasi uchun ozmuncha ishlar qilayotgani yo‘q. Shifokorlarni ayting: ular o‘z hayoti va sog‘ligini garovga qo‘shib, pandemiya bilan mardona kurashmayaptimi?! Mana, kecha ma’lum qilindi: koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan 65 nafar bemorning 11 nafari shifokor ekan! Sening salomatliging uchun boshqalar molini emas, jonini garovga qo‘yayotgan ekan, sen nega o‘zingni va yaqinlaringni asramaysan, nomard, devorgilaring keladi-da!

Bugundan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi («Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish») niqobsiz yurganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qism bilan to‘ldirildi. Unda niqobsiz yurganlik 1 mln. so‘mdan ortiq jarimaga sabab bo‘lishi belgilandi. Bundan tashqari sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ham kuchaytirildi.

Ya’ni, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish odamlarning ommaviy kasallanishi yoki zaharlanishi real xavfini keltirib chiqarsa yoxud odamlarning ommaviy kasallanishiga yoki zaharlanishiga olib kelsa, buning uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi (avval ushbu muddat 3 yilgacha edi). Agar o‘sha harakatlar odamning o‘limiga sabab bo‘lsa, ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati 5 yildan 7 yilgacha etib, bir qancha odamlarning o‘limiga sabab bo‘lsa – 7 yildan 10 yilgacha etib belgilandi (ilgari ushbu muddatlar tegishlicha 3 yildan 5 yilgacha hamda 5 yildan 8 yilgacha edi).

Nega bu boradagi qonun hujjatlarida javobgarlik kuchaytirilmoqda? Koronavirusga qarshi samarali vaksina hali kashf etilgani yo‘q. Olimlarning izlanishlari kutilgan natija berishi uchun vaqt kerak, albatta. Biroq balo buni kutib turmaydi. Aksincha, virus shiddat bilan dunyoga tarqalmoqda. Shunday ekan, faqat majburiy choralar qo‘llash bilan virusni jilovlash mumkin va buni Xitoy davlati o‘z tajribasida isbotlab berdi. Majburiy choralar qo‘llashdan boshqa samarali vosita hozircha yo‘q ekan, ularni buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirilishi mutlaqo tabiiy. Maqolamiz boshida keltirilgan raqam, shuningdek, ayrim yurtdoshlarimizning karantindan qochish holatlari yuz berganini eslaylik.

Uquvsizlik, sabrsizlik va o‘ziga qo‘shib o‘zgalarning taqdiriga befarqlikning belgisi bo‘lgan bunday holatlarga keskin choralar ko‘rish bilan chek qo‘shish  vaziyat taqazosidir. Muhtaram Przidentimiz xalqqa qilgan ikkinchi murojaatida bejiz kuyib-pishib ta’kid etmadi: «Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat hisoblanadi». 

Haq gap. Zero, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzilishi ortidan avvaldan bashorat qilib bo‘lmas muammolar yuzaga kelishi aniq. Bu muammolar inson salomatligi bilan bog‘liq ekan, beparvolik xalqqa xiyonat qilishdan boshqa narsa emas. Xiyonatkor esa shunga yarasha jazolanishi kerak.  Zotan, Yurtboshimiz o‘rinli qayd etganidek: «... Tibbiyot qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, davlat bunga qancha-qancha mablag‘ ajratmasin, odamlarimiz shifokorlar tavsiyasiga amal qilmasa, tartib-intizomli bo‘lib, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha ko‘rilayotgan choralarimiz, pandemiyaga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan yuz minglab fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin»!

Koronavirus pandemiyasi bir xalq yoki ma’lum elat emas, butun insoniyat uchun Yaratganning navbatdagi sinovidir. Bunday sinovni birlashib, bir mushtga aylanmasdan yengish mumkin emas. Muqaddas kitoblarimizda ham Yaratganning sinoviga shukur va sabr qilganlargina najot topishi bejizga ta’kid etilmagan. Alloma Abdulla Avloniy aytadiki: «Sabr deb boshimizga kelgan balo va qazolarga chidamli bo‘lmakka aytilur... Sabr – insonlar uchun buyuk  fazilatdurki, janobi haq sobirlarni suyar!».

Aziz yurtdoshlar! Sabr-qanoatli bo‘laylik, Siz-u bizni kasallikdan asrash uchun tartib joriy etilganligini, ertangi kunimiz bugun qanchalik shu tartib-intizomga rioya qilishimizga bog‘liq ekanligini unutmaylik!

Xolmo‘min Yodgorov,
Oliy sud raisining o‘rinbosari

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring