Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xayriyadan ham «cho‘tal» olinadimi?

Xayriyadan ham «cho‘tal» olinadimi?

Foto: Xabar.uz

Pandemiya dunyoni bir qalqitgani rost. Tebranishlar davom etmoqda. Bu baloning oxiri qachon – hatto bashorat qilish qiyin. Xullas, yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan paytlar eshik qoqishni boshladi...

Buxorodagi tabiiy ofat, Sardorba fojiasidan (bu balolar qo‘shaloq bo‘ldi-da, afsus) avval, ya’nikim, yurtimizda pandemiya boshlangan zahoti davlatimiz samarali chora-tadbirlar ko‘rishga tushdi. Aholi salomatligiga qo‘shib ijtimoiy muhofazasi ham e’tibordan chetdan qolmadiki, bu xalqaro darajada haqli e’tirofini topmoqda. Kamxarj, daromad manbaidan ayrilgan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik sub’yektlariga yengillik berish borasida ozmuncha ishlar qilinyaptimi?! Ayni jarayonda turli korxona-yu tashkilotlar, tadbirkor-u serhimmat insonlar ham qarab turishgani yo‘q. Xayrli tadbirlar davom etmoqda.

Salkam ikki oydirki, pandemiya paytida joriy etilayotgan tartib-qoidalar, amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek fuqarolardan kelib tashayotgan savollarga mutasaddi tashkilotlar vakillari AOKA huzurida tashkil etilgan Shtabda to‘xtovsiz axborot berib turibdi.

O‘tgan oyning 20-sanasida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi mas’uli chiqish qildi. Mas’ul karantin paytida ma’muriy jarimalar, aliment to‘lovlarini undirilishiga oid savollarga goh aniq, goh mavhum javob berishi jarayonida MIB ham «ko‘pga kelgan to‘y»da bir chetda turmayogani, joylardagi kam ta’minlangan oilalarning elektr energiya va tabiiy gazdan bo‘lgan qarzlarini saxovatpeshalar yordamida qoplash choralari ko‘rilayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Gapiga tasdiq sifatida hozirga qadar (ya’ni, 20-aprelgacha) 2-mingdan ortiq ehtiyojmand fuqarolarning «...jami 426 mln. so‘mdan ziyod qarzdorliklarini bartaraf etish va boshqa amaliy yordamlar ko‘rsatish bilan bog‘liq saxovat tadbirlari tashkil» etilganini keltiradi.

Ofarin. Gap yo‘q.

O‘tgan bir oy davomida bu boradagi ishlar ko‘lami yanayam oshgan bo‘lsa kerak.

MIB mutasaddilarining xayrli ishlarini e’tirof etgan holda masalaning nozik nuqtasi haqida to‘xtalish kerakka o‘xshaydi.

Gap shundaki, kam ta’minlangan fuqarolarning energiya resurslardan bo‘lgan qarzdorligi – muddati o‘tgan qarzlar sirasiga kiradi. Vaqtida amalga oshirilmagan to‘lov uchun ijro jarayonida qarzdordan qarz summasining 1 foizi miqdorida «ijro yig‘imi» undiriladi. Bir foiz «belni chiqararmidi?!» deyishga shoshmang. Kam ta’minlangan fuqarolarning qarzdorligi shundog‘am homiylar hisobidan qoplanayotgan ekan, shundan ham «ijro yig‘imi» undirish qanchalar maqsadga muvofiq? Bu MIBchilar o‘zlari tashkil etgan saxovat tadbirlaridan «cho‘tal» olayotganiga o‘xshab qolmayaptimi? Toma-toma ko‘l bo‘lur, degan gap bejiz emas. Mana, o‘tgan oyda homiylar yordami bilan jami 426 mln. so‘mdan ortiq qarzdorlik yopilibdi. Bu miqdorning 1 foizi 4 million 260 ming degani. Ikki, uch oyda-chi? Undirilayotgan ijro yig‘imlari yana qancha ta’minlangan oilalarning mushkulini oson qilishi mumkin?

To‘g‘ri, ijro yig‘imi – MIB kattalari o‘ylab topgan narsa emas, u qonun bilan («Sud hujjatlari va boshqa organlari hujjatlarini ijro etish to‘g‘grisida»gi qonun, 77-1-modda) tartibga solingan. Biroq hozirgi og‘ir sharoitda aholi muhofazasi uchun qancha qonun va tartiblarga moratoriy e’lon qilmaganmi?

Majburiy ijro byurosi mutasaddilari ayni masala ustida bosh qotirib, tegishli taklif bilan kerakli joyga chiqishi kerakka o‘xshaydi. Yo‘qsa, homiylik mablag‘aridan (!) ham ijro yig‘imi undirishdek mantiqsiz amaliyot davom etaveradi. Zero, saxovatdan murod – savob. Savob esa chala bo‘lmasligi kerak. Ayniqsa, bugungi kunda!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring