Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonga Xitoydan koronavirusga qarshi dori preparatlari olib kelindi

O‘zbekistonga Xitoydan koronavirusga qarshi dori preparatlari olib kelindi

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining veb-saytiga joylashtirilgan ma’lumotga ko‘ra, 2020-yil 9-aprel kuni O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasidan maxsus reys orqali koronavirusga chalingan bemorlarni davolash va profilaktika qilishda ishlatish uchun bir qator dori vositalari yetib kelgan.

Ushbu yuk O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Bioorganik kimyo instituti tashabbusiga ko‘ra, Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon fizik-kimyoviy texnika va Shanxay farmatsevtika institutlaridan yuborilgan.

Dori vositalarining Toshkent shahriga yetib kelishini Xitoy Fanlar akademiyasining Toshkent shahridagi «Xitoy – O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki» tashkillashtirgan. Umumiy miqdorda 50 000 quti dori vositalari «Xitoy – O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki» tomonidan O‘zbekiston xalqiga beg‘araz yordam sifatida Innovatsion rivojlanish vazirligi tasarrufiga topshirildi.

Dori preparatlari Xitoyda ishlab chiqarilgan bo‘lib, koronavirusga qarshi samarali qo‘llanilgan quyidagi vositalardan iborat:

1) «SPH Zhongxi Pharmaceutical Co., Ltd» farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Fenle» preparati (gidroksixloroxin sulfat tabletkalari 100 mg) – 20 000 ta quti. Ushbu preparat bezgakka qarshi xususiyatga ega bo‘lib, koronavirusga qarshi kurashda ham yaxshi samara bermoqda.

2) «Xinjiang Uyghur Pharmaceutical Co., Ltd« farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Zukamu» — 10 000 ta quti va «Zupa» — 10 000 ta quti preparatlari bo‘lib, ular o‘tkir respirator kasallik va gripp simptomlarini bartaraf etishda samarali dori vositasi hisoblanadi.

3) «Xinjiang Yinduolan Uighur Medicine Co., Ltd« farmatsevtik kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Fufang Yizhihao» preparati — 10 000 ta quti. Ushbu preparat virusli shamollash, tomoqning yallig‘lanishi va og‘rig‘ini bosish, bosh og‘rig‘i va tana haroratini tushirishda samarali vosita hisoblanadi.

O‘z navbatida, «Xitoy – O‘zbekiston tibbiyot texnologiya parki» tasarrufidagi davolash-diagnostika klinikasini mobil gospital sifatida bemorlarni joylash va davolashda foydalanish uchun taqdim etishga shayligini ham bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring