Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xivada DXM yangi binoga ko‘chdi. Shuni dabdaba qilish shartmidi?

Xivada DXM yangi binoga ko‘chdi. Shuni dabdaba qilish shartmidi?

Foto: Xiva tumani hokimligi axborot xizmati

24 aprel – Mohi Ramazonning ilk kunida Xiva tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari yangi qurilgan zamonaviy binoga ko‘chib o‘tgani xabari berildi.

Foto: Xiva tumani hokimligi axborot xizmati

Xabar mahalliy aholini quvontirishi aniq: davlat xizmatlari markazlari aholi og‘irini yengil qilayotir. Yangi binoda xizmat sifatini ham, samaradorligini ham oshishiga shubha kam. Xabarga ilova qilingan suratlarni ko‘rib, odam entikib ketishi mumkin. Yo‘q, binoning savlatidan emas, balki ochilish marosimiga yig‘ilganlardan. Ularni ko‘rib, xayolga keladigan savol bitta: nima, Xivadan karatin cheklovlari bekor qilinganmi?

Yangi binoning ochilish marosimida ishtirok etganlarning yuzida niqob borligini aytmasa, Xivada karantin cheklovlari joriy qilingan-qilmaganini bilib bo‘lmaydi go‘yo. Yo‘qsa, hozirgi sharoitda bitta markaz binosi ochilishi shuncha dabdaba qilinarmidi? Tadbir ishtirokchilarini ayting: masofa saqlash qoidasini umrida eshitmagandek… Barcha joylarda ovqatlanish shoxobchalari taqa-taq berkitilgan bir pallada (suratda) ikki nafar qizaloq non ko‘tarib turibdi. Unga tadbir qatnashchilaridan biri qo‘l uzatayotganini ayting...

Binoning ochilishida Xorazm viloyat hokimi F.Ermanov, tuman hokimi O.Matyaqubov shaxsan ishtirok etgani tadbirda qatnashganlarning birortasi karatin qoidalarini buzganlikda ayblanib, javobgarlikka tortilmasligiga kafolatdek. Chunki, shu choqqacha sakson mingdan ortiq fuqaro epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, ular orasida birorta hokim yoki kattaroq mansabdor yo‘q. Ular qoidaga qat’iy rioya etyapti-da, desak, mana, bugungi ahvolni ko‘rib turibsiz...

Foto: Xiva tumani hokimligi axborot xizmati

Darvoqe, tadbirga oqsoqollar ham ishtirok etgani ko‘rinadi. Bu esa hokim ishtirok etadigan tadbirda yosh-u qari tortqilab keltirilgandek tasavvur uyg‘otadi odamda. Axir, yoshi keksa kishilarning o‘z uylaridan o‘ta zaruratsiz tashqariga chiqishi qat’iyan man etilmaganmidi?

To‘g‘ri, karantin degani – bu hayot to‘xtab turadi degani emas. Bunda inson omiliga xizmat qiladigan har qanday faoliyat davom ettirilishi kerak. Shuningdek, yangi binolarni ishga tushirish ham katta ahamiyatga ega. Biroq uni og‘ir va sinovli kunlarda qarsakbozlik uchun odamlarni to‘plab, tasma kesmasdan ham ochish mumkin edi-ku.

Biz tadbirlarni ham oddiy va ixchamgina o‘tkazishni qachon o‘rganamiz? Yo bunga ancha qovun pishig‘i bormi?

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring