Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ashratxona» maqbarasini kim mehmonxonaga aylantirmoqchi?

«Ashratxona» maqbarasini kim mehmonxonaga aylantirmoqchi?

Foto: Madaniyat vazirligi

Samarqand shahridagi Sadriddin Ayniy ko‘chasi, 6-manzilda joylashgan XV asrda barpo etilgan «Ashratxona» (Ishratxona) maqbarasi Turkiston Respublikasi Markaziy Ijroiya Qo‘mitasi va Xalq komissarlari Kengashining 1923 yil 27 martdagi 52-son qarori bilan tarixiy, me’moriy madaniy meros ob’yekti sifatida Davlat muhofazasiga olingan.

«Ashratxona» hozirgi holida ham o‘zining shakli va bezaklarining mukammaligi, nafisligi bilan kishini xayratga soladi.

Bugungi kunga kelib, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga «Ashratxona» (Ishratxona) maqbarasini ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borishga yoki mehmonxonalarga moslashtirish bo‘yicha xorijiy davlat tomonidan murojaatlar tushmagan.

Ommaviy axborot vositalarida tarqalayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, ispaniyaliklar tomonidan ushbu madaniy meros yodgorligi mehmonxonaga aylantirish masalasi ko‘rilayotganligi yozilmoqda.

Moddiy madaniy meros ob’yektida ta’mirlash-tiklash yoki mehmonxonalarga moslashtirish ishlarini olib borish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi 265-sonli qaroriga muvofiq, ob’yekt bo‘yicha birlamchi loyiha takliflarini, Madaniy meros departamentining Ilmiy-ekspert Kengashiga taqdim etiladi. (Ma’lumot uchun: Ilmiy-ekspert Kengashi tarkibi, a’zolari ilmiy darajaga ega bo‘lgan olimlardan iborat)

O‘z navbatida Ilmiy-ekspert Kengash a’zolari ob’yektning loyiha takliflarini ko‘rib chiqib, ob’yekt bo‘yicha o‘z xulosalarini berishadi.

Ma’lumot uchun:

1897 yilgi zilzila oqibatida binoning gumbaz qismi o‘ta og‘ir avariya xolatiga kelib qolishi natijasida 1903 yilda maqbaraning gumbaz va gumbazni ushlab turuvchi tirgak qismlari qulab tushgan.

Bugungi kungacha saqlanib qolgan maqbara poydevorlari kvadrat pishiq g‘ishtlar bilan murakkab qorishmada terilgan. Poydevorning shimoli–sharqiy burchagida sezilarli darajada poydevor asosini cho‘kishi oqibatida poydevorlarda 0.5-0.8 sm yoriqlar paydo bo‘lgan. Maqbaraning saqlangan qismida xavfli konstruktiv o‘zgarish sezilmaydi. Yodgorlikning janubi–g‘arbiy burchagida 3-4 sm kattalikda yoriqlar mavjud bo‘lib, keyingi 10 yillar davomida o‘zgarmagan. Bosh kirish peshtoq ravoqlari loyixa asosida «kesson» uslubida mustahkamlash ishlari 1998-2000 yillar davomida olib borilgan. Yodgorlikning har to‘rtala tomoni devorning yuqori qismi, ikkinchi qavati buzilib ketgan.

Binoning katta gumbaz qismi saqlanmagan. Loyihalash instituti tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilgan. Devorlar orasida ikkinchi qavatga chiquvchi zina qoldiqlari saqlangan. Devorning tashqi tarzlari g‘ishtli mozaika uslubida bezatilgan. Devor sathlarida asl nusxa pardoz elementlari 30% saqlangan.

Bino ichki devorlarining bezaklari, badiiy naqshlar belgilari usti yopiq saqlangan xonalarda aslini tiklash bo‘yicha yetarlicha darajada elementlar mavjud.

Binoning tom qismi profilli tunukalar bilan vaqtincha qoplab quyilgan va yog‘ingarchilik bino ichiga o‘tmasligi ta’minlangan. 2010 yilda yodgorlikning sharqiy tarz qismida usti yopiq saqlangan hujra ichidagi badiiy naqshlarni saqlash va restavratsiya-konservatsiya qilish ishlari olib borilgan.

Maqbaraning o‘lchami 28 x 23 metr, umumiy maydoni 6750 m2

Mazkur madaniy meros ob’yektini 1996 yildan buyon bosqichma-bosqich ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

«Ashratxona» madaniy meros ob’yekti joriy yilda ta’mirlash -tiklash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish uchun Davlat dasturiga kiritilgan.

Manba: madaniyat.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring