Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Bolta bilan chopilgan Cho‘lpon

Bolta bilan chopilgan Cho‘lpon

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon!
Shoir, yozuvchi, publitsist, dramaturg, tarjimon, kurashchi, istiqlolchi!..
XX asr(boshidan)da Cho‘lpondan ulug‘roq ijodkor, ma’rifatparvar, yurtparast, jonu jahonini dovga (ya’ni garovga) tikkan boshqa biror inson bormikan?! Balki bordir. Bilmasam, kechiring! Ammo bori ham o‘n barmoqcha bo‘lar…
U qanday o‘lgan, ya’ni qay tarzda jon taslim qilgan, deb so‘rang!..
Bir davrada zamonamizning manaman degan ziyolilaridan biri (taqvodor, yaxshi e’tiqodli odam) uch ziyoli (men ham borman) oldida “Cho‘lpon e’tiqodi buzuq odam bo‘lgan”, dedi.
Avvalo u “mulla”ga bunday hukm aytish huquqini kim berdi? “Yuvosh-yuvosh”, dedim Cho‘lponchasiga. Ehtimol bu gaplarga sabab sho‘ring qurg‘ur rahmatli shoirning o‘ta yangilikparast bo‘lganidir?..
Siz (15-16 yoshli) Cho‘lponning ilk maqolalarini o‘qing. Ma’rifatsizlik, savodsizlik, qashshoqlikka qarshi yaqqol isyonni ko‘rasiz. O‘sha yoshida manaman degan mulkdorlarni, madrasalardagi ahvollarni qattiq tanqid qilgan. Chunki u dunyodagi o‘zgarishlardan (otasi keltirgan gazetalar orqali) boxabar edi.
Siz uning she’rlarini o‘qing: hatto ishqiy she’rlarida ham istiqlol orzusi, Vatan dardi bor. Siz “Ko‘ngil” she’rini o‘qiganmisiz? “Buzilgan o‘lkaga”, “Xalq”, “Qalandar ishqi” va boshqalar erk orzusida yozilgan buyuk she’rlar-ku! “Go‘zal” siz o‘ylagan “go‘zal” haqida emas. “Hamlet”ni bilasizmi, ajdodingiz 37-yilda qolgur?! “Adabiyot nadir?”ni (16 yoshida yozgan) bir o‘qing! “Kecha va kunduz”day asar o‘zbek adabiyotida haligacha yo‘q — bu haqiqat!
Shoirning taqdiridek romanining qismati ham o‘ziga xos: birov “Kunduz” qisman yozilgan deydi, boshqa birov esa aksincha. Erkin A’zam “Cho‘lpon romanini nashr ettirish uchun shu usulni qo‘llagan”, deydi. Ya’ni “sho‘ro hayoti — kunduzni” keyin yozishini aytadi. Men esa bu xalqning endi (o‘sha paytda) kunduzi bo‘lmaydi, demoqchi bo‘lgan deb o‘ylayman. Bu sirlilik ham Cho‘lponning buyukligidan.
Bor-yo‘g‘i o‘ntacha hikoyasi bor. Ular kimnikiga o‘xshaydi? Agar Olloh imkon bersa, jur’atingiz yetsa, Oybekdan, G‘afur G‘ulomdan (darvoqe, Usmon Nosirdan), Erkin Vohidovdan, Abdulla Oripovdan, Rauf Parfidan, Omon Matjondan, Shavkat Rahmondan, Usmon Azimdan, Xurshid Davrondan, hatto Ulug‘bek Hamdamdan (she’r yozmagan ustozlar Erkin A’zam, Shukur Xolmirzayevdan ham) va hokazolardan so‘rab ko‘ring: XX asr o‘zbek adabiyotining eng zo‘r shoiri va yozuvchisi kim deb. Ular bir xil javob beradilar, u — Cho‘lpon! Chunki sanalgan ustozlarning hammalari Cho‘lpon (shakl, tajriba, intilish, yangiliklar)ningengidan chiqqan. Ulardeklar dunyo turkiy olamida undan-da ko‘p!..
Bundan o‘n besh yillar muqaddam Andijondagi uchrashuvlardan birida hozirgi akademik ustoz, fidoyi cho‘lponshunos Naim Karimov bir faktni aytgandi: o‘sha paytlari bir yurtdoshimiz Germaniyaga borgan. U safar mobaynida o‘zbek bo‘lmagan bir odam bilan uchrashib qolgan. O‘sha odam bu yurtdoshimizning o‘zbekligini bilgach, so‘ragan:
— Cho‘lpon degan shoirni bilasanmi?
— Ha!
— Uning qanday o‘lganini ko‘rganman! — degan.
Ma’lum bo‘lishicha, u o‘tgan asrning 30-yillarida NKVD (ichki ishlar xalq komissariati)da ishlagan ekan. Yurtdoshimiz tafsilotini so‘ragan.
— Uni (ya’ni Cho‘lponni) otmoqchi bo‘lishgan, ammo to‘pponcha otilmagan (men bunga ishonaman, buyuk shaxslarda hamma narsa betakror bo‘ladi, hatto o‘limi ham). Bu bir necha bor takrorlangan. Oxiri shoir “Ot! O‘ldir! Men senlarning davlatingda yashashni istamayman!” deya baqirgan (bu ustoz Naim Karimovning gapi). Shunda shoirni bolta bilan chopib o‘ldirishgan! — deya javob bergan “NKVD”chi.
Men bu gapga ishonaman!
Zo‘rni zo‘r deng, aziz vatandosh!
Endi Cho‘lpon boboga nima kerak? Orzulari ro‘yobga chiqqanini isbotlashimiz zarur xolos. Aks holda, yo biz yolg‘onchi, yoki istiqlolimiz rost emas!
Cho‘lponga tosh otguncha ongingizni, g‘oyangizni, iymoningizni, joynamozingizni tozalang, hov, odamlar!
U bor-yo‘g‘i 41 yil yashadi. Aslida yashadimi?.. Uni shu yoshida qatl etishdi. Endi ayting-chi, Cho‘lponni biror marta yosh holida tasavvur qilganmisiz? Ishonamanki, hech qachon! U hamisha ulug‘vor ko‘ringan, chunki uni millat dardi shu holatga olib kelgan. Uning biror satrini shunchaki o‘qib bo‘lmaydi.
U bir umr sarson-sargardonlikda, hatto muqim uysiz yashadi. Ta’qiblar, muntazam ruhiy tahlika, xo‘rliklar — bularni gapirib o‘tirmayman. Shunda ham u Shekspir, Pushkin, Lermontov, Tagor, Gorkiy, Chexov va boshqalarning asarlarini mahorat bilan tarjima qildi.
Biz hali Cho‘lponni to‘la tushunib yetganimiz yo‘q. Lekin o‘sha kun yaqin. Yangi avlod istiqlolni yurakdan his etishi, tom ma’noda jasoratli bo‘lishi uchun Cho‘lpon haqida ko‘proq gapirishimiz, uni ulug‘lashimiz lozim. O‘shanda ular jasorat hech qachon unutilmasligiga ishonishadi. O‘shanda hozir to‘rt qator narsa yozib-yozmay osmonga sapchiyotgan, mukofotlar tama qilayotgan qalamkashvachchalar ham sal o‘zlarini bosib oladilar, ehtimol ularning soni kamayar!..

Nabi Jaloliddin

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring