Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Karim Mirhodiyev: «Rollarimda qanday bo‘lsam, o‘zim xuddi shundayman...»

Karim Mirhodiyev: «Rollarimda qanday bo‘lsam, o‘zim xuddi shundayman...»

Foto:«Kino-teatr.ru»

Taniqli aktyor Karim Mirxodiyev «Kino san’ati» jurnaliga intervyu berdi. Ushbu suhbatda aktyor o‘zining kinodagi rollari, kino borasidagi qarashlari, qahramonlar qiyofasi haqida so‘zlagan. 

– Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutini bitirganimda diplomimga «Teatr va kino aktyori» deb yozilgan. Lekin o‘qib yurgan kezlarimizda kino to‘g‘risida deyarli ma’lumot berilmagan. Ko‘proq sahna san’ati o‘rgatilar edi. Ustozim Anatoliy Qobulov chig‘iriqlardan o‘tkazib, meni kinoga tasdiqlagach, yangi olamning ko‘p sirlarini o‘rgatdi. Hamisha iliq fikrlar bilan xotirlayman. Xoh Moskva bo‘lsin, xoh boshqa joy, o‘z ishiga professional yondashgan odam uchun farqi yo‘q. U yerdagi yaxshi rejissyorlar o‘zimizda ham topiladi. Ularda ham haminqadarlari ancha-muncha.

Ayrim rollarimga nisbatan turli qarashlar, e’tirozlar bo‘lgan. Men aktyorman. Filmning egasi esa rejissyor. Yaratayotgan obrazim mening kinoasarga munosabatimni bildirmaydi. Qaysi davlat filmida suratga tushishimdan, qanaqa rol o‘ynashimdan qat’i nazar, men uchun milliy g‘urur tushunchasi hamisha yuqori turadi. Shu yurtda tug‘ildim, shu yerda yashayapman va... o‘laman ham.

Ssenariy saralashda, avvalo, g‘oyaga e’tibor qarataman. Masalan, «Sabot» bir inson taqdiridan hikoya qiladi. Afg‘on urushi mavzusi men uchun hamisha dolzarb. Qancha yo‘qotishlar bo‘ldi. Teatrda Anvar degan o‘rtog‘im ovoz operatori edi, bir yil jang-jadallarda qatnashib qaytdi. O‘zgarib ketgan, asablari tarang... Sababini so‘rasam, «Ko‘z oldingga keltirib ko‘rgin-a, quvnab-o‘ynab yurgan yosh bolalar kutilmaganda parchalanib, laxta-laxta etga aylansa… Qayerga otayotganingni, kimga otayotganingni bilmay o‘q uzish, quloq eshitmay, karaxt holatga tushish...» deya nadomat chekkan. Qo‘chqor Norqobilning ham Afg‘on mavzusidagi asarlari ta’sirli chiqqan. Yaxshi filmlar yaratsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Xullas, ssenariyda inson taqdiri tursin. Qahramonim qismatini o‘rganish asnosida o‘ziga xosliklarni qidiraman. Masalan, u jim turganida nima qiladi? Biografiyasi, shaxsiy hayotini tuzamiz, oilada qanaqa edi, qaytib kelgach qaysi tomonga o‘zgardi, ichkilikka ruju qo‘yib, tarkidunyo qildimi... Shu kabi savollar iskanjasida personaj qiyofasini chizaman.

Rollarimda qanday bo‘lsam, xuddi shundayman. «Yulduzingni ber, osmon»dan to eng oxirgi rollarimgacha – o‘zim. Hammasida Karim Mirhodiyev bo‘lib o‘ynadim. «Yulduzingni ber, osmon» filmini tomosha qilib, Bernora Qoriyeva «Men haqiqiy erkakni ko‘rdim!» deya yuksak baho bergan. Butkul emas-u, menga yaqini – shu obraz. Albatta, hech kim meni takrorlamaydi, men ham hech kimga taqlid qilmayman.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring