Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Madaniyat vazirligi jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida memorandum imzolandi

Madaniyat vazirligi jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida memorandum imzolandi

2018-yil 9-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi qoshidagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi va Luvr muzeyi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro kelishuv memoradumi imzolandi. Memorandumni O‘zbekiston tomonidan jamg‘armaning ijrochi direktori o‘rinbosari Gayane Umerova, Fransiya tomonidan esa Luvr direktori Jan-Lyuk Martines imzoladilar. 

Bayonot jamg‘arma va Luvr muzeyi o‘rtasida ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlik qilishni ko‘zda tutadi. Hujjatga asosan tomonlar quyidagi maqsadlarga erishish borasida barcha kuch va imkoniyatlarini ishga soladilar:

  • Madaniyat va san’at tarixi, muzeyshunoslik, restavratsiya va konservatsiya sohalarida ilmiy-tadqiqotlar borasidagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish;
  • Luvr muzeyi hamda O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining Yahyo G‘ulomov nomidagi Arxeologiya tadqiqotlari instituti hamkorligida o‘tkazilayotgan, Buxorodagi fransuz arxeologiya ekspeditsiyasi qazilmalari natijalarini ommalashtirishda hamkorlik;
  • mutaxassislar va bilimlar bilan o‘zaro ayrboshlashish (o‘qitish, sohalashtirish, old amaliyot).

Bayonot shu bilan birga 2021-yil Luvr muzeyida O‘zbekistonning tarixiy merosiga bag‘ishlangan «Buyuk Ipak yo‘lidagi madaniyatlar va sivilizatsiyalar» nomli ko‘rgazmani tashkillashtirishni inobatga olgan. Ushbu ko‘rgazma «Ipak yo‘li» xaritasidagi O‘zbekistonning roli va ahamiyatini tarixiy, madaniy, siyosiy va diniy jihatdan yanada kengroq ko‘rsatadi, O‘zbekistonning boy tarixi va zamonaviy o‘zligini ochib beradi, mamlakatning tarixi, madaniyati va urf-odatlarini tushunish va baholash imkoniyatini yaratadi. Ko‘rgazmada shu vaqtga qadar yurtimiz hududini umuman tark etmagan muzey xazinalari namoyish etiladi. Bir joyda jamlangan bu buyumlar, qadimiy dunyoning muhim yo‘l tutashuvi sifatida zamonaviy O‘zbekistonning geografik joylashuvi, savdo va madaniyat sohalaridagi aloqalari va ahamiyatini ko‘rsatib beradi.

Ushbu bayonotning imzolanishi, shuningdek, jamg‘armaning xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarini kengaytirish, madaniyat va san’at sohasidagi xalqaro madaniyat tashkilotlari hamda homiylik jamg‘armalari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun keng sharoitlar yaratadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring