Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Madaniyat vazirligi nega yosh rejissyorlar yo‘liga g‘ov bo‘lmoqda?

Madaniyat vazirligi nega yosh rejissyorlar yo‘liga g‘ov bo‘lmoqda?

Ikki o‘zbek rejissyori Botir Abdurahmonov hamda Abduazim Ilhomov olgan «Mama» filmi Venetsiyadagi xalqaro kinofestivalda gran-priga munosib topilgani, biroq ular taqdirlash marosimiga bora olmaganligi to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. Afsuski, bu iqtidorli yosh rejissyorlar xalqaro tanlovlarga shaxsan bora olmayotgan yagona holat emas. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining yana bir talabasi Shokir Xoliqov «Bizni tushunishmaydi» filmi bilan bir emas, yettita xalqaro kinofestivalga taklif qilindi. Ammo birortasiga bora olmadi.

— «Best seconds» xalqaro kinofestivali(Shvetsariya, Syurix)ga filmimni yuborganimda ulardan mana bu javobni oldim, — deya xatni tarjima qila ketdi Shokir Xoliqov. — «Sizning «Bizni tushunishmaydi» filmingiz talablarimizga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilamiz. Shunga qaramasdan, siz yaratgan film yuragimizdan joy oldi va bizga juda yoqqanligi sababli yangi — «Qisqa badiiy film» nomli kategoriyani qo‘shdik va filmingizni joylashtirdik». Bu maktubni olganimga ham 4 oy bo‘ldi, taqdirlash marosimi 26-mayda bo‘lib o‘tadi. Institutimizning Xalqaro aloqalar bo‘limiga murojaat qildim. Mazkur bo‘limdagilar O‘zbekiston madaniyat vazirligiga xat yuborishi lozimligi va vazirlikning ruxsati bilangina talabalarni xorij festivallariga yuborish mumkinligini tushuntirishdi. Mana, oradan shuncha vaqt o‘tdi, ammo hali ikki enlik xat tayyor bo‘lgani yo‘q. «Mama» kartinasi rejissyorlarining intervyularidan keyin Xalqaro aloqalar bo‘limidagilar yana jonlangandek bo‘ldi. Biroq mening masalam qayta ko‘rilayotganiga 12 kun o‘tdiki, bitta xatni vazirlikka yuborishgani yo‘q...

Vazirlikka ikki enlik xatni yubormayotgan institut mutasaddilari bilan bog‘lanishga urinib ko‘rdik. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Xalqaro aloqalar bo‘limi metodisti Zilola Ergasheva bu holatni quyidagicha izohladi:

— Vazirlikka xatni yuborishimiz cho‘zilib ketishiga ba’zi sabablar bor. Avvalo hamma prorektorlar unga imzo chekishi kerak. Ularning biri xizmat safarida, boshqasi bu masalaning moliyaviy tomonlarini hisob-kitob qilishi kerak edi. Lekin mana bugun (13 aprel) ushbu xatni vazirlikka yubordik. Endi ruxsat berish to‘g‘risida javob olsak, institutimiz o‘z mablag‘i hisobidan talabamizning yo‘l xarajatlarini qoplashi kerak bo‘ladi.

«Diplomni pochtadan oldim»

Shokir Xoliqov:

— To‘g‘risi, allaqachon hafsalam pir bo‘lgan. Chunki bu filmim bilan yettita xalqaro kinotanlovda ishtirok etib, taklifnoma oldim. Ammo o‘zimizda o‘tkazilgan «PROlogue» festivali(«Tomoshabin mehrini qozongan eng yaxshi film» nominatsiyasi g‘olibi)dan boshqa birortasining taqdirlash marosimida qatnasha olmadim. Masalan, Tojikistondagi «Navsoz» xalqaro kinofestivalida yo‘l xarajatlarini o‘zim qoplayman deyishimga qaramay, imkoni bo‘lmadi. «O‘zbekkino»dagilar viza olishimga yordam berishganda ham ketishimning iloji bo‘lmadi.

Nega deysizmi? Madaniyat vazirligi «bizni bir oy oldin xabardor qilishingiz kerak edi» degan vajni ro‘kach qilishdi. Taklifnoma menga bir oy avval kelmagan bo‘lsa, qanday qilib murojaat qilishim mumkin?! Hatto Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestivalga borish uchun bir oy oldin ruxsat so‘ragan bo‘lsam ham vazirlikdan rad javobini oldim. Tantanali marosimda meni o‘zimsiz taqdirlashdi. Diplomni pochtadan oldim. Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan kinofestivaldan taklifnoma kelganda esa hech kimga aytmadim ham. Chunki bilaman, menga hech kim yordam bermaydi. Mana hozir ham Shveysariyaga borishimga mutlaqo ko‘zim yetmayapti. Turkiyada 8-13 iyunda bo‘ladigan kinofestivalga ham taklifnoma olganman, ammo unga ham borolmasligim aniq... 

Yosh rejissyorning yo‘lini to‘sishga, uni umidsizlikka tushirishga kimning haqqi bor? Bugun ilk ijodiy ishlari bilan xalqaro kinotanlovlarda birin-ketin tan olinayotgan rejissyor ertaga katta-katta filmlari bilan butun dunyoni lol qoldirmaydi deb kim ayta oladi? Lekin o‘z yurtida e’tibor va ko‘mak topmagan bu kabi yoshlar ertaga boshqa davlatlarga chiqib ketmasligiga kim kafolat beradi? Prezident chet eldagi vatandoshlarimizni qaytarish payida bo‘lgan bir paytda nega biz bugun o‘zimizda kamol topayotgan iste’dodlarni saqlab qololmayapmiz? Xo‘sh, Madaniyat vazirligi qanday sabab bilan yosh rejissyorlarning xalqaro kinofestivallarga borishiga qarshilik ko‘rsatmoqda? Savolimizga javob olish maqsadida vazirlik mutasaddilariga qo‘ng‘iroq qildik. 

Jamshidbek Niyazbekov, O‘zbekiston madaniyat vazirligi Ijodkor yoshlar bilan ishlash va ommaviy madaniy tadbirlarni tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i:

— Mavjud holatni har tomonlama tahlil qilish kerak. Masalan, ushbu festivalga borish talabaning o‘quv jarayoni va darslarni o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi inobatga olinadi. Shuningdek, bu masala tegishli davlat organlari bilan o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilganda «fuqaroning shu festivalga borishi maqsadga muvofiq emas» deb topilgan bo‘lishi ham mumkin. Qolaversa, xalqaro kinofestivalning darajasiga, u o‘tkazilayotgan mamlakatda madaniyatimiz va san’atimizni bemalol namoyon etishga to‘sqinlik qiluvchi omillar bo‘lmasligiga ahamiyat beriladi. Shokir Xoliqov iste’dodli yoshlarimizda bo‘lsa-da, hali talaba bo‘lganligi uchun uning murojaati Ta’lim muassasalari va tarmoqlarni metodik ta’minlash boshqarmasiga yo‘naltirilgan. 

Bu javobdan keyin biz suhbatdoshimiz aytib o‘tgan boshqarma bilan bog‘landik.

Jumaqul Shomurodov, O‘zbekiston madaniyat vazirligi Ta’lim muassasalari va tarmoqlarni metodik ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i:

— Bu talaba birorta xalqaro kinofestivalga borolmayapti deysizmi? Bo‘lishi mumkin emas. Yoshlarimiz o‘zbek san’atini dunyoga namoyon qilishidan biz ham manfaatdormiz, faxrlanamiz. Vazirligimizdan unga rad javobi berilgan bo‘lsa, demak, bunga qandaydir asos bor. Yaxshisi, u yigitning o‘zi menga uchrashsin va masalani batafsil muhokama qilib olaylik. 

Qabuliga chorlagan boshliq hafsalani pir qildi!

Bu javobdan so‘ng Shokir Xoliqov mazkur mutasaddi qabuliga ham bordi. Ammo boshqarma boshlig‘ining munosabati biz kutganchalik bo‘lmadi. U «sizga o‘xshagan yoshlar juda ko‘p, institutingiz bizga xat bilan chiqsin» deya gapni qisqa qildi.

— Odamlar o‘zbek rejissyorlari nega jahonga chiqmaydi, dunyo rejissyorlari bilan tenglasha olmaydi deydi. Ular bilan tenglashish uchun biz hech bo‘lmaganda shunaqa festivallarga borishimiz kerakmi axir? Tajriba orttirishimiz, dunyo ko‘rishimiz kerakmi? Bilmadim, barcha harakatlarimiz besamar bo‘lsa kerak... — deydi rejissyor suhbatimiz yakunida.

Shohsanam Niyozova

Izohlar 2

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring