Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Adliya vazirligining 100 yillik tarixi aks etgan muzeyga fotosayohat

Adliya vazirligining 100 yillik tarixi aks etgan muzeyga fotosayohat

«Adliya organlari tarixi muzeyi»

Foto: «Xabar.uz»

Kecha, 24-may kuni O‘zbekiston adliya vazirligida blogerlar va jurnalistlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida mehmonlar uchun «Adliya organlari tarixi muzeyi»ga ekskursiya ham tashkil etildi.

Mazkur muzey yaqindagina — shu yilning 9-may — Xotira va qadrlash kuni tantanali ravishda ochilgan edi. Adliya vazirligining Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi mas’ul xodimi To‘rabek To‘rayev yig‘ilganlarni muzey eksponatlari bilan yaqindan tanishtirdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur muzeyda Adliya vazirligining shakllanish, rivojlanish evolyusiyasi o‘z aksini topgan. Muzey 6 bo‘limdan iborat bo‘lib, mazkur eksponatlarda Adliya vazirligining rivojlanish tarixi va buguni arxiv fotosuratlari asosida aks etgan.

Bu yerda 1917 yildan bugungi kunga qadar qabul qilingan qonun hujjatlari arxivi, nikoh, tug‘ilish yoki o‘limni qayd etish bilan bog‘liq holatlar XX asrdan to bugungi kunga qadar qanday rasmiylashtirilganligi haqidagi arxiv fotosuratlar, ya’ni asl materiallarda aks ettirilgan. Muzeydan o‘rin olgan  eksponatlarning barchasi maxsus ekspertlar guruhi tomonidan o‘rganilib, tadqiq etilgan.

Muzeyda quyidagi eksponatlar jamlangan:

— 1917 yildan bugunga qadar qabul qilingan qonun hujjatlari arxivi;

— nikoh, tug‘ilish yoki o‘limni qayd etish hujjatlarining asl nusxalari;

— «Mustaqillik deklaratsiyasi»;

— Adliya vazirligi tashkil topishi bilan bog‘liq hujjatlar;

— adliya organlari faoliyatiga oid tarixiy hujjatlar;

— vazirlikning bugungi faoliyatiga oid hujjatlar.

Muzeyga kirish bepul bo‘lib, haftaning har shanba kuni soat 10:00 dan 13:00 gacha muzeyga istalgan davlat va nodavlat tashkilotlari, guruh, jamoalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari va fuqarolar avvaldan kelishilgan holda muzeyni tomosha qilishlari mumkin.

Muzey faoliyati bilan tanishish istagida bo‘lgan shaxslar oldindan «Telegram» mesenjeridagi @muzeyadliyabot orqali navbatga yozilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring