Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Or qilsangiz ham oxirigacha o‘qing!

Or qilsangiz ham oxirigacha o‘qing!

Hojatxonalardan foydalanish madaniyatimiz qay darajada?

Foto: «Mapio.net»

Bu mavzu yuzasidan ikkinchi marta yozishim. Birinchi maqolam bundan bir yil avval yozilgan va yaqinda saytimizda «Uyat deb bilsangiz, bu maqolani o‘qimang!» sarlavhasi bilan chop etilgandi. Ko‘pchilik tomonidan qiziqish bildirilgan va turli-tuman izohlar qoldirilgan bu sahifada shunday so‘zlar bor edi: «Agar bu maqoladagi mavzu siz uchun bema’ni, bachkana va qog‘ozga tushirishga arzimaydigan tuyulsa, davomini o‘qimay qo‘yaqoling». Lekin oxirgi paytlarda bu mavzu ko‘p davralarda o‘rtaga tashlandi, jiddiy muhokama qilinmoqda.

«Biz hojatxonalarimiz qayerda ekanligini taralayotgan hididan bilamiz. «M» va «J» degan yozuvlar ham kerak emas aslida».

Sherzodxon Qudratxo‘jayev, Xalqaro Press-klub rahbari.

Yana o‘sha gap — bizda hojatxonalar muammosi bor, ochiq tan olmay ilojimiz yo‘q. Bu borada chet ellardan kelgan mehmonlar oldida har safar yuzimiz qizarishi ham haqiqat. Talab darajasidagi hojatxonalar qurilishi va sifatli ishlashi uchun alohida qarorlar chiqayotgani, bu ishga bosh qo‘shganlarga soliq imtiyozlari berilayotgani ham muammoning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib bo‘lgan.
Bugun masalaning ikkinchi tarafi haqida so‘z yuritsak. Hojatxonalar qurilar, ishga tushirilar. Ammo bizning ulardan foydalanish madaniyatimiz qay darajada? Aslida bor hojatxonalarni ham badbo‘y qilayotgan, o‘zidan keyin birovni yaqinlashtirmay qo‘yadigan, bu jarayonga faqat burun jiyiradigan holat degan tushunchani ongimizga singdirib olgan sizu biz emasmi?!

Turizm bo‘yicha katta islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston umumiy uyimiz, bir so‘z bilan aytganda, uyimizga ko‘p sonli va obro‘li mehmonlar kelishmoqda. Xo‘sh, ularni qanday kutib olamiz? Qanday jihatlar bilan mehmonlar yodida qolamiz?! Davlat hojatxonalar muammosiga jiddiy kirisharkan, biz ularni lozim darajada saqlay olamizmi?

O‘zimizku birorta bunday maskan qurishni, ishga tushirishni xayolimizga ham keltirmaymiz. Ammo boridan to‘g‘ri foydalana bilishni ham boplaganimiz-boplagan. Jamoat hojatxonalarining kirish eshigidan tortib eng ichki xonasigacha, suv saqlagich bakigacha turli-tuman ogohlantiruvchi yozuvlar ilib tashlangan: «Iflos qilmang!», «Suvni haydang!», «Qog‘ozni chelakka tashlang!», «Nos tuflamang!», «Chekmang!»...

Darvoqe, chekuvchilar!.. O, bu endi alohida mavzuning ichidagi alohida mavzu. Chekish va hojat jarayonini uyg‘unlashtira bilgan, o‘zi har ikki «lazzat»dan bahra olgani yetmaganday, ketganidan so‘ng qoldirgan hidiga suvarak ham mast bo‘lib ag‘dariladigan bunday insonlar qanday paydo bo‘ladi, qayerdan keladi, bunisi endi rosa katta savol.

Ogohlantirishlar ham bejizga yozilmaydi, chunki ogohlantirish bo‘lsa ham biz ularga amalga qilmaslikka moyilmiz, bo‘lmasaku qo‘yavering. Axir har birimiz tiqilib yotgan qog‘ozlarni, lattalarni, nosvoy qoldiqlariyu xaltalarini, bolalar tagliklarini va hatto pista po‘choqlarini ham ko‘rganmizku. Chekuvchilar bilan pista chaquvchilar mana shu joyda ilhomlari kelishiga qoyil qolmay iloj yo‘q. Mo‘ljalda adashuvchilar hamisha, xatosiz adashaveradilar... 

O‘zimizdan keyin tozalab chiqish degan tushuncha bizga begona. To‘g‘rida, hojatxonani ham tozalaydilarmi? Lekin bir o‘ylab ko‘raylik, bizning ortimizdan kim tozalashi kerak?!

Rosa maydalashdingiz, deysizmi?

Or qildilarmi?!

Unda oxirgi jumlalarni ham o‘qing: madaniyat madaniyatsizlik ko‘rinmaydigan, bilinmaydigan joyda namoyon bo‘lsagina haqiqiy madaniyatdir. Hech kim ko‘rmaydi, deb o‘ylab, bilganimizni qilayotganimizda bizni eng ulug‘ zot ko‘rib turadi. Ko‘zimizni ochaylik, toki bizdan keyingi kelganlar bizdan ranjimasin!

Izohlar 6

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring