Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident san’atkorlar va yoshlar bilan suhbatlashdi

Prezident san’atkorlar va yoshlar bilan suhbatlashdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyati saylovchilari bilan uchrashuvdan so‘ng, Bag‘dod tumani Guliston mahallasida bunyod etilgan Madaniyat markazida san’at namoyandalari bilan suhbatlashdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

– Iqtisodiyot bilan birga madaniyatni rivojlantirishga ham harakat qilayapmiz. Farg‘ona azaldan san’atkorlar vatani bo‘lib kelgan. Qo‘qon teatri ta’mirlanib, zamonaviy sharoitlar yaratilgani, ulug‘ adib va san’atkorlar xotirasiga bag‘ishlab muzey va maktablar tashkil etilgani xayrli bo‘ldi. Bugun saylovchilar bilan uchrashuvda Zokirjon Xolmuhammad o‘g‘li Furqat, Ashurali Zohiriy, Yusufjon qiziq Shakarjonov nomini abadiylashtirish,  San’atkorlar xiyobonini barpo etish, umuman, viloyatda madaniyatni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab fikrlar bildirdim. Agar sizlar qo‘llab-quvvatlab, o‘z hissangizni qo‘shsangiz, bu san’at rivojiga, yoshlar tarbiyasiga xizmat qiladi, deb o‘ylayman, – dedi davlatimiz rahbari.

Qo‘qon teatrida adabiy muhitni yaxshilash, poytaxtdan iste’dodli rejissyorlarni jalb qilib, asarlar saviyasini oshirish muhimligi ta’kidlandi. Farg‘ona dorbozlik va askiyachilik an’analarini davom ettirish uchun O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida alohida bo‘lim tashkil etish taklifi bildirildi.

Prezident shu mahalladagi issiqxonani ham borib ko‘rdi. Bu yerda «yoshlar daftari»ga kirgan 500 nafar yigit-qiz ish bilan ta’minlangan.

Davlatimiz rahbari ularning dehqonchiligi, daromadi, rejalari bilan qiziqdi.

Yoshlar issiqxonada asosan limonchilik bilan shug‘ullanayotgani, qator oralariga bodring, pomidor, qalampir, sabzavotlar ekib, daromad olayotgani, buning samarasida oilasi «yoshlar daftari»dan chiqqani haqida so‘zlab berdi.

Yosh tadbirkor Zurxumor Mamajonova oilasiga mahalla hududida qurilgan uylardan bepul xonadon ajratilgani, issiqxonadan olayotgan daromadi orqali kelgusida yoshlarni tadbirkorlikka o‘rgatish niyatida ekanini aytib, Prezidentga minnatdorlik bildirdi.

– Yerga munosabat o‘zgaryapti, harakat qilsak, natija bo‘ladi. Bu sizlarga kichik bo‘lsa ham, bir imkoniyat. Hali yana issiqxonalar quriladi, ko‘plab korxonalar tashkil etayapmiz, ularga sizlarga o‘xshagan mehnatkash, bilimli yoshlar kerak. Hech qachon izlanishdan, o‘rganishdan to‘xtamanglar. Yoshlarning bilim olishi uchun Farg‘onada qo‘shimcha imkoniyatlar yaratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring