Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqandda Hoji Abdulaziz Abdurasulov uy-muzeyi ochildi

Samarqandda Hoji Abdulaziz Abdurasulov uy-muzeyi ochildi

Foto: O‘zA

«Sharq taronalari» o‘n ikkinchi xalqaro musiqa festivali arafasida Samarqand shahrida O‘zbekiston xalq hofizi, mashhur bastakor va sozanda Hoji Abdulaziz Abdurasulov uy-muzeyi ochildi.

Hoji Abdulaziz Abdurasulov 1852-1936 yillarda Samarqandda yashab, ijod qilgan taniqli bastakor, o‘zbek maqom san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan betakror ovoz sohibidir. U yaratgan «Guluzorim», «Gullar bog‘i», «Beboqcha», «Bozurgoniy», «Samarqand ushshog‘i» kabi yuzlab qo‘shiqlar mumtoz musiqa merosimizning eng noyob asarlari qatoridan joy olgan.

Shashmaqomni o‘rganish va keng targ‘ib etishda Hoji Abdulaziz Abdurasulovning xizmatlari katta bo‘lgan. Samarqand maqom yo‘llari, soz chalish va ashula aytish bo‘yicha ko‘plab yoshlarga ustozlik qilgan, ularga o‘z san’atini o‘rgatgan. Jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Yunus Rajabiy ham uning Samarqanddagi xonadonida yashab, hofizdan saboq olgan.

Ammo ana shu tabarruk xonadon, ko‘plab san’at darg‘alari qadami yetgan hovli yillar davomida e’tibordan chetda qoldi.

Joriy yilning may oyida Samarqand viloyati hokimi va jamoatchilik vakillari Registon maydoni yaqinida Hoji Abdulaziz Abdurasulov tug‘ilib, o‘sgan, ijod qilgan uyga tashrif buyurib, ushbu hovlini ijodkorning uy-muzeyiga aylantirishga qaror qilgan edi.

Shu paytgacha shaxsiy xonadon sifatida foydalanilayotgan uyni egasi (bu inson ham ulug‘ bastakorning yaqinlaridan biri)dan sotib olib, kapital ta’mirlash va «Sharq taronalari» festivali arafasida foydalanishga topshirish, bu yerga san’atkor tomonidan foydalanilgan ashyolar, musiqa asboblari, kitoblarni joylashtirish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berilgandi.

Oradan uch oy o‘tdi. Bu yerda bir milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarfanib, qisqa fursatda keng ko‘lamdagi qurilish-ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.

O‘z navbatida uy-muzey uchun hofiz foydalangan va hozirda turli joylarda saqlanayotgan buyumlar, musiqa asboblari, kitoblar to‘plandi.


Aytilganidek, ertaga Samarqandda boshlanadigan «Sharq taronalari» o‘n ikkinchi musiqa festivali oldidan bugun buyuk san’atkorning uy-muzeyi tantanali ochildi.

Marosimda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov va jamoatchilik vakillari ishtirok etib, uy-muzeyda amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Ushbu maskan Samarqand musiqa va qo‘shiqchilik san’ati tarixini, an’analarini o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qiladigan ma’rifat manzil bo‘lishi ta’kidlandi.

G‘olib HASANOV, O‘zA muxbiri

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring