Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

«Skorpion» shuncha mablag‘ni (ishonchni) oqlaydimi?

«Skorpion» shuncha mablag‘ni (ishonchni) oqlaydimi?

Foto: «Afisha.uz»

Bir yildan beri shov-shuvi tinmayotgan «Skorpion» filmi treyleri chiqibdi. Ko‘p narsa va’da qiluvchi treyler.

Uni bir ko‘rdimu, xayolim yovvoyi kaptardek uchdi-ketdi. Kaptarimni quvib bir kunjaklarga kirib chiqdim-ki... Oxiri, o‘sha fikrlarimni qog‘ozga tushiray dedim.

Xullas, ketdik.

Mish-mishlar

Har qanday loyiha, agar u keng ommalashishni istasa, o‘zi haqida afsona va haqiqatlar aralash turli mish-mishlar tarqalishiga erishishi kerak. «Skorpion» haqidagi eng ko‘p mish-mishlar uning budjeti atrofida bo‘lyapti.

Film budjetini, mish-mishlarga ko‘ra, Hollivud o‘lchamlari bilan o‘lchash kerak ekan.

Bitta Yildirimning o‘ziga falon ming dollar ketganmish. Valeriya saundtrek kuylabdi, unga klip olinibdi, bironta aktyor o‘z garderobidan kiyinmabdi, hammasiga alohida kostyum qilinibdi, xorijiy o‘lkalarda suratga olish, qimmat operator, montajchi mutaxassislar ― hammasi chet eldanmish. Go‘yoki allaqanday badavlat sehrgar film rejissyoriga tila tilagingni deganu, bu qiz istagan injiqligini qilgan :)

(Shuncha pulga xo‘rozqand shimadigan ahvolimiz bormi degich yo‘q :))

Mayli, men loyihaning tijoriy emas, ma’naviy-estetik tomonini gapirmoqchiman. Asli treylerga qarab bir nima deyish to‘g‘ri emas-ku, lekin bu gaplar avvalroqdan tilimda aylanayotgandi.

Rejissyor

Rejissyori ayol bo‘lganining o‘ziyoq e’tiborimni tortdi. Bu qizni (Muxlisa Azizova) bir necha yildan beri kuzataman ― xalqaro e’tiroflar oldi. Intervyularida ham gaplari dadil va aqlli. Xullas, kuzatishga arziydi.

Ayol rejissyorlarimiz kam, yana bunday qimmat, dadil loyihani shu qizcha olayotganining o‘zi katta gap.

Ammo uncha-buncha erkaklar eplolmayotgan ishni qila oldimikan ― shedevr bo‘lmasa ham, bir ko‘rib, qayta ko‘rging keladigan asar yaratoldimikan? Film chiqsa, ko‘rarmiz.

Nomi

«Skorpion» ― g‘alati nom. O‘zbekcha emas. Laqabgamiyey, bir noxush narsaning nomiga o‘xshaydi. Lekin o‘zbeklarda chayon nomi tilga olinmaydi, tabu. «Oti yo‘q»mi yo shunga o‘xshash bir evfemizmlar qo‘llashadi. O‘zbek tili uchun «Skorpion» ham yangi evfezmizm bo‘lib kirsa ajab emas shu filmdan so‘ng. Ammo qaysi tabuning o‘rniga? Savolimga filmda jiddiy javob bor degan umiddaman.

Ssenariysi

Kim yozganidan xabarim yo‘q. Lekin men bugun o‘zbek kinematografiyasida yaxshi ssenariy yozarlarni bilmayman, yaqin orada yaxshi ssenariynavis chiqadi deyishga asos ham yo‘q.

Mabodo, osmondanmi, yerdanmi yo Hollivuddanmi bir zo‘r ssenariynavis chiqib qolmagan bo‘lsa, «Skorpion»dan favqulodda bir narsa kutmayapman. Yana kim biladi deysiz?

(Pessimistlarning optimistlardan bir ustunligi bor: ularning hayotida syurprizlar ko‘p bo‘ladi. Balki «Skorpion» ham men uchun syurpriz bo‘lar).

Tili

Treylerning o‘zbekcha va ruschasini ko‘rdim. Ruschasi ko‘proq «yopishgan», o‘zbekchasi saal yopishmayroq turibdi. Xulosa qilish mumkinki, ssenariy rus tilida yozilgan, keyin o‘zbekchaga o‘girilgan (filolog sifatida original matnni tarjimadan ajrata olaman. Hatto originalni ko‘rmagan bo‘lsam ham). Ammo bu taxmin, xolos.

Umuman olganda, dialoglar bizning filmlarda yaxshi ishlanmaydi. Filmni film qiladigani, unga shira beradigani dialog bo‘ladi.

Buni hammamiz uchun sevimli «Ishdagi ishq» filmi misolida ko‘rish mumkin. Eldar Ryazanov xiragina sahna asarini olib, dialoglar, «qanotli iboralar» orqali shedevr filmga aylantirgan.

Bizning kinolardan qanotli iboralar oxirgi marta «Mahallada duv-duv gap», «Abdullajon»lardan uchib chiqqan edi. Shu bo‘yi unday iboralar filmlarimizni qaytmas bo‘lib tark etgan.

Mabodo «Skorpion» shunday iboralarga uya bo‘la olsa, shlyapamni yechaman.

Lekin bu borada ham inqilob kutmayapman. Bu yana o‘sha tilimizning mavqei va kinomizning umumiy darajasidan kelib chiqib qilinayotgan taxminlar. Anig‘ini premeradan so‘ng bilamiz.

Aktyorlar

Treylerda xorijlik qimmatbaho aktyorlardan tashqari Karim Mirhodiyev, Farhod Mahmudov, Shahzoda Matchonova, Akbarxo‘ja Rasulov kabi milliy yulduzlaram porlayapti. Bunday salmoqli aktyorlar ansamblidan ko‘p narsa kutyapman, ochig‘i. Mabodo, kutganlarim oqlanmasa, jiddiy tanqid qilaman :)

Tasvir va montaj

Treylerga qarasak, juda yorqin, super tasvirlar. Montajda turli effektlar ko‘zni qamashtiryapti (puling bo‘lsa xaltada, kino olasan Yaltada, hatto undanam narida :))

G‘oyasi

Bilmayman. Ammo yana o‘sha muammo ― ssenariy va til o‘smayotgan muhitda unchalik bo‘rtiq g‘oya bo‘lishiga umid kam.

Homiy

Homiysi juda boy va men bilan o‘ziga xos munosabatlarga ega tashkilot (toping-chi :))

Albatta, Yoshlar ittifoqi!

Yoshlar ittifoqining pichoqqa ilinadigan birgina yirik loyihasi ― «Prolog» edi. «Skorpion» ikkinchisi bo‘lishi mumkin.

Hademay (1-dekabrdagi premeradan so‘ng) taxminlarni tekshiramiz, savollarga javob olamiz.

Sinchi bo‘pketay-ey!

Har holda, «uy bekasi»dan foydaliroq kasb shekilli.

Izohlar 1

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring