Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tishi singan qo‘shiqchi yoki yulduzlarimizga nima bo‘ldi?

Tishi singan qo‘shiqchi yoki yulduzlarimizga nima bo‘ldi?

Foto: «YouTube»

Shou biznes. Chetdan qaraganda ancha sokin, sirli va jozibali ko‘rinsa-da, aslida juda shafqatsiz va o‘ta kuchli raqobat olami. Bunda bugun eng e’zozlilar erta butkul unutilishga mahkum. Bugun hech kim bilmagan bir to‘pori erta bir klipi yo qilig‘i (!) bilan taniqli bo‘lib ketishi hech gapmas.

Eng yomoni, hozir bunda yangilar faqat tanilish uchungina qo‘shiq aytyapti yoki nimalardir qilishmoqda. Qachondir duppa-durust ijodi bilan tanilgan, endi esdan chiqayotganlar ham «yashab qolish» yoki o‘zini bir-bir eslatib turish uchun hatto janjal chiqarib, shov-shuv ko‘tarishdan ham toymayapti.

Rus estrada xonandasi Shura bir paytlar tezroq tanilish uchun sog‘ tishini sindirib, soqovcha qo‘shiqlar xonish qila boshlagandi. Eshitib, hayron qolgandik. Afsuski, bu yomon usul (ta’bir joiz bo‘lsa, «Shura sindromi») bugun bizda ham paydo bo‘lgan. To‘g‘ri, tishini sindirgan birov-yarim «jasoratli»ni hozircha ko‘rmadik, lekin boshqacharoq usullar ham bor. Bundan bir necha yil oldin estradamizning shaddodlaridan biri o‘zidan yosh bir ayol xonandani to‘yda qanday boplaganini rosa reklama qilgandi. Shundan beri «boplashlar» avj olib ketdi.

Endilikda bu «usul» bir ko‘rinib tanilayotgan yoki tanilib bo‘lib, cho‘ntagi to‘lib, ijod qilishga erinib qolgan qo‘shiqchilarga ham zo‘r piar vositasi bo‘lib qoldi. Bu borada ba’zi «qaddi baland»lar anchagina haddidan oshgani ham rost gap. Avvallari biron xonanda elga tanilish uchun yillab, kamida 12 ta qo‘shiq yozib, albom chiqarar, shundan nari borsa uch-to‘rtta qo‘shig‘i ommalashardi. Hozir-chi?! Yaxshi qo‘shiq yozishdan ko‘ra, bir ishkal chiqarib tilga tushish oson va maqbul usul bo‘lib qoldi.

Ba’zi xonandalarimiz shu qadar erinchoq bo‘lib qolganki, hatto o‘zining qo‘shiqchi ekanini ham unutvorib, shou-dasturlarda «yulduz» bo‘lib yuribdi. Samandar Hamroqulov. Qanday qo‘shiqlar aytar edi-ya! «Sevgi fazosi», «Tango», «Hech bo‘lmasa» — shunday qo‘shiqlardan yilda aqalli bittasini yozganidami! Madina Mumtoz bilan aytgan «yalla»sidan keyin boshqa qo‘shiq qilmadi-yov. Aftidan tok-shoulari ko‘pligidan vaqti ham yo‘q bunga...

Yosh qo‘shiqchi, «Eldido» guruhi a’zosi Dilniyoz-ku hamma joyda hoziru nozir. Bu bola «Chaqqon shou»dagi pufak yorish-u, sarimsoqpiyoz yeyishdayam, «Voy-dod karaoke»da gaz yutishdayam, «Oltin kalit-u», «MTV-shou»dayam, seriallardan tortib, tongda ichadigan shirchoydayam chiqadi. Hayronman, ilgarilari boshlovchilar qo‘shiq aytishga qiziqardi, endi esa qo‘shiqchilar boshlovchilikka. Harqalay, ko‘zga yaqin bo‘lsa bo‘ldi-da...

Yaqinda televideniyedagi bir suhbatda Doston Ubaydullayev meni tadbirlarga boshlovchilikka chaqirishdi, deb aytib qoldi. Sal maqtanchoqlik bilan aytilgan bu gap aslida uning uchun yaxshi gapmas. Axir muxlislari xotirasida uning qo‘shiqchiligi va qo‘shiqlari unutilganidan dalolat emasmi bu.

Sanayversak reklamalarda qahva ichish-u, qotgan non chaynash va yana nimalar bilandir ovora yana ko‘plab san’atkorlarimizni uchratamiz. Sitora Farmonova, Jahongir Poziljonov, Alisher Uzoqov, Ali Otajonov, Sherzodbek, Yorqinxo‘ja Umarovlar ham  shou-dasturlarda «dejurniy».

Zarina Nizomidinova bir mavsum qaysidir kanalda professional bokschilar, o‘zbekning alp o‘g‘lonlari  bilan suhbatlar uyushtirib, ularni g‘alati savollari va tarang libosdagi ko‘rinishi bilan ko‘p chalg‘itdi. Kim aytadi, Hasanboy kabi yengilmaslarimizga nega ko‘z tegdi?!.

Yana bir talay janjal qilishga jur’atsiz, qo‘shiq kuylashga toqatsiz yosh qo‘shiqchilar va ba’zi unutilayotgan taniqlilar uchun zo‘r imkon paydo bo‘ldi. «Xafa bo‘lish yo‘q». Ushbu ko‘rsatuv g‘oyasi xorijiy telekanallardan olingan bo‘lsa-da, tez orada omma etiboriga tushdi. Boshida ancha haqqoniylik aks etgan ushbu dastur oxirgi paytlarda ancha-muncha notanish qo‘shiqchilarni ham «xafa qila boshladi». Birorta tayinli qo‘shiq aytib tilga tushmagan «yulduz»lar bahonada tanilib olayotgan bo‘lsa, albatta ko‘rsatuv oxirida «xafa emasman», deydi-da. 

Bugun eslaganlarimiz va boshqa ijodiy tanaffus etgan shou yulduzlari! Sizni qo‘shiqlaringiz bilan kashf etganmiz. Sizga oshpazlik yo dastyorlik, chaqqonliklar qilib yurish yarashmas. Iltimos, yana qo‘shiqlar yarating. Taniqli emas, sevimli bo‘ling. Bu gaplar ijodingizni sog‘inganlardan.  Darvoqe, yozganlarimiz kimgadir yoqmagan bo‘lsa, XAFA BO‘LISh YO‘Q!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring