Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turizm va madaniy hamkorlik – davrning muhim yo‘nalishi

Turizm va madaniy hamkorlik – davrning muhim yo‘nalishi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga ega g‘oya va tashabbuslarni ilgari surishi – O‘zbekiston kabi katta sayyohlik salohiyat va madaniy hamkorlik imkoniyatlariga ega mamlakatning xalqaro masalalarda ilg‘or mavqe’ini yana bir bor tasdiqlamoqda.

O‘z mamlakati manfaatlarini izchillik bilan himoya qilar ekan, bu manfaatlar xalqaro integratsiya va mintaqaviy hamkorlikdan yanada kengroq salohiyat kasb etishini chuqur idrok qilgan kuchli siyosiy arbobga xos sifatni namoyon qilmoqda.

Agar hozirgi yillarda O‘zbekistonning turizm va madaniy merosni umumxalq, umuminsoniy ahamiyatga ega qadriyatlar darajasiga ko‘tarish yo‘lida qator tarixiy hujjatlarni imzolab, bu sohada islohotlar boshlanib ketgan bo‘lsa, keyingi ikki oy ichida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga ega bir necha g‘oya va takliflar yuqori minbarlardan turib ilgari surildi.

Oktyabr oyida YuNESKO qabul qilgan «Xiva protsessi», Turk olamining Istanbul sammitida ilgari surilgan tashabbuslar va takliflarni hali manfaatdor davlat va xalqaro institutlar to‘liq «hazm qilib», o‘ziga kelib olmasdan, xalqaro maydonda islohotchi-prezident deb e’tirof etilayotgan davlatimiz rahbari Bokuda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti yig‘inida yana yangi va dolzarb taklifni ilgari surdi.

Eng ahamiyatlisi shundaki, O‘zbekiston Prezidenti faqat o‘z davlati manfaatinigina ko‘zlaydigan takliflarni emas, balki aniq, real, qisqa payt ichida amaliyotga tatbiq etilib, barcha tomonlar va ishtirokchilar manfaatli bo‘ladigan, xalqaro va mintaqaviy hamkorlik, kooperatsiya, aniq ishtirokchi davlatlar bilan bir qatorda butunlay boshqa uzoq-yaqin davlatlar uchun ham investitsion jozibador bo‘lgan g‘oya va takliflarni ilgari suradilar.

Masalan, o‘sha Xiva Protsessi uchun ovoz berilishida O‘zbekiston tashabbusi bilan mintaqaviy davlatlar uchun hisoblangan loyihada Xitoy kabi davlatlarning ham maqullab ovoz berishi fikrimizning yaqqol tasdig‘idir. Bu albatta xalqaro gumanitar madaniy siyosat olamida «prezident Mirziyoyev tashabbuslari» degan muntazam tilga tushib kelayotgan yangiliklarni xalqaro media maydondagi doimiy tushunchaga aylantirdi.

Kecha Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammitidagi nutqida O‘zbekiston prezidenti turizm sohasidagi aloqalarni qayta tiklash masalasiga jiddiy e’tibor qaratdi.

Hech shubhasiz, mazkur tashkilotga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari tarixi, dini, urf-odat va an’analari bir-biriga yaqin bo‘lgan, qardosh va birodar xalqlardir. Ular o‘rtasidagi tamaddunlar uzviy bo‘lib, xalqlarimiz azal-azaldan savdo-sotiq aloqalari va madaniy rishtalar bilan chambarchas bog‘langani hech kimga sir emas.

Shu ma’noda 500 milliondan ko‘proq aholiga ega tuzilmaga a’zo davlatlar nafaqat iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati bilan, balki boy sayyohlik salohiyatiga, jahon xalqlari tomosha qilishni orzu qiladigan bir-biriga juda mushtarak bo‘lgan qadimiy madaniy va ma’naviy merosga egadir.

Tuzilmaning bepoyon hududi Osiyoning janubi va g‘arbini Markaziy Osiyo bilan bevosita bog‘lab, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan hamda haqli ravishda jahonning eng jozibador joylarini qamrab oladi. Butun mintaqada YuNESKOning Madaniy meros ro‘yxatiga kirgan ellikdan ortiq ob’yektlar bo‘lib, yana yuzlab ana shunday qadimiy va nodir me’morchilik va tarixiy meros ob’yektlari dunyo ahlini o‘ziga maftun etib kelmoqda.

Pandemiya davridagi cheklovlar tufayli Markaziy Osiyoga keluvchi sayyohlar soni keskin kamayib, turizm tarmog‘idan olinadigan daromadlar ulushi pasaydi. 2019-yilda Markaziy Osiyo mintaqasiga kelgan sayyohlar soni 18,4 million bo‘lgan bo‘lsa, lokdaun sharoitlarida o‘tgan yili bu miqdor deyarli 5 marotabaga qisqarib ketdi.

Koronavirus xavfi to‘liq bartaraf etilmagan hozirgi paytda sayyohlik tarmog‘ining o‘z-o‘zidan rivojlanib ketishi amru mahol. Shu sababli vaziyatni faqat kompleks yondashuvlar asosida, yangicha mexanizmlarni joriy etish bilangina qutqarib qolish mumkin.

Shu ma’noda Prezident Mirziyoyev minbardan turib, O‘zbekistonning bu nufuzli tashkilotga raislik qilish davrida amalga oshirilishi zarur ko‘rilayetgan bir qator ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishni taklif qildi. Ulardan biri: o‘ta dolzarb bo‘lib turgan o‘zaro sayyohlik almashuvlarini qayta tiklash masalasi bo‘ldi.

«Buxoro shahrida 2022-yili bo‘lib o‘tadigan turizm vazirlarining navbatdagi uchrashuvida pandemiyadan keyingi davrda Xavfsiz sayyohlikni rivojlantirish Umummintaqaviy dasturini qabul qilish tashabbusini bildirmoqchiman. Shu asosda «ziyorat turizmi» va boshqa qo‘shma sayyohlik mahsulotlarini ishlab chiqish, aviaqatnovlar geografiyasini kengaytirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilgan bo‘lar edi», deya alohida ta’kidladi davlat rahbari.

Sayyohlarning xavfsizligi hech qachon bu qadar birlamchi vazifa sifatida kun tartibiga chiqmagan edi. Jahon sayyohlik tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda sayyohlik yo‘nalishlari uchun barcha yo‘nalishlarning 21 foizi yopiq bo‘lib qolmoqda, yana 25 foizi qisman ochilgan, qolgan 52 foizi yo‘nalishlar uchun PZR-test topshirish talab qilinmoqda. Sayyohlik kompaniyalari uchun ham endilikda «epidemik ma’qul model»ni yaratish uchun vaqt va resurslar talab qilinadi.

Shu bilan birga, iqtisodiy asoratlarni yumshatish maqsadida har bir davlat post-pandemiya davrida turizm tarmog‘ini qayta tiklashga intilayotgani bejiz emas. Buning uchun albatta, sayyohlarga viza olish jarayonidan boshlab, emlangan sayyohlarga samolyotu aeroportlardan tortib, mehmonxonalar, madaniy ob’yektlar, ziyoratgohlarda qulay sharoitlar yaratib berish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonning boy o‘tmishi va turfa an’analaridan kelib chiqib, katta istiqbolga ega etno, jayloo, eko va geoturizm, gastronomik va etnografik, tibbiy turizm kabi yo‘nalishlar bo‘yicha mazkur tashkilot doirasida birgalikda qo‘shma loyihalarni ishlab chiqib, hayotga joriy etish, ayniqsa, foydali yo‘nalishlardan biri.

Zero, turizm yo‘nalishi kengayishi iqtisodiyotlarning o‘sishi, aholi daromad manbaalari oshishiga bevosita xizmat qiladi.

O‘zaro bordi-keldilarning faollashuvi, bu sohadagi sa’y-harakatlar va kuchlarni birlashtirish elu yurtlarimizning do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash, barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan yangi hamkorlik – bu O‘zbekiston uchun ham, hamkor davlatlar uchun ham barobar manfaatli va istiqbolli yo‘nalishdir.

 Tursunali Qo‘ziyev,

Madaniy meros agentligi direktori vazifasini bajaruvchi

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring