Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vodillik fuqaro hovlisidan bir ko‘za tanga topdi

Vodillik fuqaro hovlisidan bir ko‘za tanga topdi

Foto: «Ok.ru»

Farg‘ona muzeyiga Farg‘ona tumani Vodil qishlog‘idan A.Hamroliyev murojaat qilib, hovlisidan bir sopol ko‘zada tushunarsiz tangalar topilgani to‘g‘risida xabar berdi, deb yozmoqda «O‘zA».

Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi direktori Bahodir Hoshimovning aytishicha, taqdim qilingan ashyolarni ko‘zdan kechirgan muzey xodimlari sopol ko‘za taxminan XVI-XVII asrlarga taalluqli ekanini bildirishgan. Biroq, ko‘zaning sirlanmagani, an’anaviy usulda ishlangani va bu usuldagi idishlar o‘rta asrlardan so‘nggi xonliklar davrigacha keng tarqalgani uning aniq sanasini belgilashda qiyinchilik tug‘dirdi.

Ko‘zaning yana bir xarakterli tomoni shundaki, uning markazidan ikkita yo‘l-yo‘l chiziq tushirilgan bo‘lib, ustidan to‘lqinsimon tilma chiziqlar yurgizilgan. Bu usulda yasalgan idishlarni Qoraxoniylar davrida ham kuzatish mumkin. Hatto temuriylar davrida ham rangsiz sopol idishga shu usulda shakl berish odati bo‘lgan. Ko‘za dastakli bo‘lgan. Dastak qadimgi davrlardayoq sinib ketgan ko‘rinadi. Singan joyining eskiligi shundan dalolat beradi. Afsuski, idishning qolgan qismi to‘liq saqlanmagan. Shunga qaramay, idish shaklidan uning taxminiy sanasini faraz qilsa bo‘ladi.

Idish ichidagi tangalar esa misdan zarb qilingan bo‘lib, diametri 8-13 mm. Jami 438 dona tangada aniq yozuv yo‘q yoki bo‘lsa ham ular deyarli ko‘rinmaydi. Ko‘pgina tangalarda turlicha geometrik shakllar mavjud. Ayrim tangalarda arab imlosidagi «xon», «on» kabi yozuvlarni o‘qish mumkin. Aksariyat tangalarda faqat bir harf – «alif», «vov», «mim» kabilar ko‘rinadi, xolos. Bir-ikkita tangada pala-partish yozuv ham uchraydi. Lekin ularni umumlashtirib o‘qishning imkoniyati yo‘q edi. Qizig‘i shundaki, tangalar orasida zarb qilinmagan 5-6 mm.li kesilgan mis sim bo‘laklari ham saqlanib qolgan, ular tangalar uchun xomashyo ekani ko‘rinib turibdi.

Mutaxassis qo‘limizdagi kolleksiya va unga o‘xshash boshqa tipdagi tangalarni o‘rganib chiqib, shunday xulosa qiladi:

Birinchidan, mazkur tangalar Farg‘onaning o‘zida, Andijon yoki Qo‘qonda shu yerlik amaldor tomonidan taxminan XVII asr o‘rtalarida zarb qilingan va muomalaga kiritilgan. Chunki bu davrdagi Farg‘ona shaharlari orasida Andijon qadimiy ma’muriy shahar sifatida hali mavqeini yo‘qotmagan edi. Qo‘qon esa mavqeini kun sayin oshirib, atrofdagi boshqa hududlarga o‘z ta’sirini kuchaytira boshlagan edi. Agar tangalar Qo‘qonda zarb qilingan bo‘lsa, bu uning XVII asrdayoq davlat sifatida shakllanayotganiga guvohlik beradi. Qolaversa, tangalardagi «xon», «on» kabi jumlalarning uchrashi ham Qo‘qonga ishora qiladi. Agar Andijonda zarb qilingan bo‘lsa, Farg‘ona vodiysi hali-hamon Buxoro ta’sirida bo‘lganidan dalolatdir.

Har ikki holatda ham tangalarni sinchiklab tadqiq qilish zarurati tug‘iladi. Ushbu tangalarning aniq sana yo usulga tortilmayotgani Farg‘ona vodiysining XVII asrdagi ijtimoiy-siyosiy hayoti haligacha chuqur o‘rganilmaganini yana bir bor ko‘rsatadi. Tarixchilarimiz temuriylar, shayboniylar va, ayniqsa, Qo‘qon xonligi davri tarixini puxta o‘rganishgan. Biroq, Farg‘onaning Ashtarxoniylar davridagi va, ayniqsa, XVII asrdagi tarixi juda yuzaki o‘rganilgan. Bizga taqdim etilgan kolleksiya esa o‘sha davrning tilsiz guvohidir.

Ikkinchidan, tangalarning qo‘pol, tartibsiz va turli shaklga ega ekaniga asoslanib, ular zarb ishini to‘la o‘zlashtirmagan usta tomonidan, zarbxonaga moslashtirilmagan sharoitda, ehtimol, qadimiy tangalar qolipidan foydalangan holda, o‘z davrining mayda pul birliklariga taqlidan zarb qilingan, deyish mumkin. Yuqorida aytilganidek, temuriylar davridagi tanga (fuls)lar hajm jihatidan ushbu tangalardan uch marta katta. Aytmoqchimizki, bizdagi tangalarning mis bo‘laklari temuriylar davridagi tanga qolipiga uch-to‘rt donadan solib zarb qilinavergan. Shu sababdan tangalardagi shakllar tushunarsiz ko‘rinmoqda. Faqat ayrim elementlar temuriylar tangasini eslatadi. Unda uchrayotgan boshqa shakllar esa temuriylardan keyin o‘tkazilgan pul islohotlari natijasidir.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, Farg‘ona muzeyining yangi kolleksiyasi xalqimiz tarixining hali o‘rganilmagan qirralarini ochib berishga xizmat qiladigan noyob kolleksiya, deyish mumkin. Endi soha mutaxassislarini uni izchil o‘rganishga da’vat etib qolamiz. Ushbu topilmaning aniq ilmiy tasnifi tariximizning ayrim sahifalariga oydinlik kiritishiga aminmiz, — deya qayd etgan Bahodir Hoshimov.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring