Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Andijonda amalda sarflanmagan 32 mlrd so‘m hisobotda «bo‘y ko‘rsatdi»

Andijonda amalda sarflanmagan 32 mlrd so‘m hisobotda «bo‘y ko‘rsatdi»

30-noyabr, chorshanba kuni Adliya vazirligining mahalliy davlat hokimiyati organlarining qabul qilgan qarorlari joylashtiriladigan elektron tizimida Andijon viloyati mahalliy budjetining 2022-yil 9 oylik ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti e’lon qilindi.

Mazkur hisobotga ko‘ra, mahalliy budjet daromadlari hisobot davrida 2 trln. 271,3 mlrd. so‘mga yoki rejaga nisbatan 109 foizga, xarajatlari esa rejaga nisbatan 98 foizga ijro etilib, 4 trln. 622,6 mlrd. so‘mni tashkil etgan (reja bo‘yicha 4 trln. 721,8 mlrd. so‘m).

Viloyat hokimligi hisobotida mahalliy budjet xarajatlarining 67 foizi ijtimoiy xarajatlar hissasiga to‘g‘ri kelgani (3 trln 115,6 mlrd.so‘m), shundan maorifga – 754,2 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlashga – 1 trln 406,5 mlrd so‘m, sportga – 76,3 mlrd so‘m hamda ilm-fanni rivojlantirishga 1,8 mlrd so‘m yo‘naltirilgani aytiladi.  

Shuningdek, xarajatlar tarkibiga viloyatdagi Madaniyat va ommaviy axborot vositalari ishini rivojlantirish masalasi ham kiritilib, mazkur sohalarga o‘tgan 9 oyda 31 mlrd 959,8 mln so‘m sarflangani (yil oxiriga qadar 32 mlrd 595,1 mln so‘m sarflash rejalashtirilgan) ko‘rsatib o‘tilgan.

Eng qizig‘i esa viloyatdagi ayrim OAVlar o‘zlariga ajratilgan mablag‘lar haqida yuqoridagi hujjatdan bilgan, xolos.

Ishonch.uz nashrining yozishicha, yil boshidan buyon viloyat teleradiokompaniyasi, viloyat hokimligi muassisligidagi gazetalarga mahalliy budjetdan mablag‘ ajratilmagan.

«Iqtisodiy muammolar sabab aksar tuman hokimliklari nashrlari har oyda bir bor chop etilayotgan bo‘lsa, viloyat hokimligining nashri – «Andijonnoma» gazetasining shu kunga qadar bor-yo‘g‘i 61 ta soni bosmadan chiqqan. Holbuki, uning davriyligiga amal qilinsa, yil yakuniga qadar nashrning 104 ta soni o‘quvchilarga yetib borishi kerak.

Viloyat hokimligining yana bir gazetasi – «Andijanskaya pravda» esa bir yarim yildan buyon chop etilmayotir», – deb yozadi nashr. 

Yuqorida maqsadli sarflangani shubha ostiga olinayotgan summa jami xarajatlarning 0,7 foizinigina tashkil qilib, asosiy xarajatlar sog‘liqni saqlash (1,4 trln), bolali va kam ta’minlangan oilalarga nafaqalar (840,4 mlrd) hamda davlat boshqaruv idoralarini saqlash (297,8 mlrd) kabilar uchun qilingan. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring