Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Isroil urush qonun-qoidalaridan voz kechishini bildirdi. Ular qanday qoidalar?

Isroil urush qonun-qoidalaridan voz kechishini bildirdi. Ular qanday qoidalar?

Barchaning diqqat markazida Yaqin Sharqdagi ziddiyat. Isroil mudofaa vaziri Yoav Gallantning «Biz urush olib borishning barcha qoidalarini bekor qildik. Askarlarimizda hech narsa uchun javobgarlik ham, keyinchalik harbiy sudlar ham bo‘lmaydi» degan gaplari o‘ziga xos axboriy bomba bo‘ldi.

Bir qarashda bu mavzuda mantiq yo‘q urushda, har ikki tomon bir-birini qirg‘in qilishga astoydil intilayotgan paytda qanday qonunlar haqida gap bo‘lishi mumkin? Bu qonunlar kim tomonidan tasdiqlangan va qaysi sudyalar ular asosida hukm chiqaradi? Ammo bunday qonun-qoidalar bor va dunyoning aksariyati davlatlari ularga amal qilish majburiyatini olgan.

Tarixga nazar

Odamzod tarixi urushlar tarixidan iboratligi ko‘p marta ta’kidlangan. Insoniyat yaralibdiki, bir-biri bilan urishib keladi va buning ortidan tabiiyki, qandaydir umumiy tushunchalar, qoidalar ham shakllana borgan. Yaxshi mujda shuki, asrlar o‘tgan sari bu ikki tushuncha bir-biriga yot bo‘lsa-da, urushlarga ham insonparvarlik kirib bormoqda.

Qadimda askarlar jon jahdlari bilan jang qilganlarining qator sabablari bor. Bosqinchilar katta o‘lja ilinjida, hukmdor qahri va mag‘lub bo‘lsa, begona yurtlarda shubhasiz o‘lim xavfidan qo‘rqib qattiq kurashgan bo‘lsalar, himoyaga chiqqanlar vatani, bola-chaqasi va mol-mulkini asrash harakati bilan birga mag‘lub bo‘lsalar, g‘olib qanday shart qo‘yishini bilmay butun vujudlari bilan olishgan. Chunki g‘olib tomon hukmdori yoki qo‘mondoni «Qonun bu menman» degan tushuncha bo‘yicha mag‘lublarning mol-u jonini o‘z bilganlaricha tasarruf etgan.

Islom dinining tarqalishi, o‘rta asrlarga kelib Yevropada ritsarlik harakatining kuchga kirishi har qanday urushlarda ma’lum qoidalarga amal qilishni yo‘lga qo‘ygan.

Xususan, musulmon lashkarboshilari askarlarga qarshilik ko‘rsatmaganlarni, bolalar va ayollarni o‘ldirishni qat’iy taqiqlagan. Bosib olingan hududlarda dehqonlar, tabiblar, hunarmandlar va ilm ahliga omonlik berishni yo‘lga qo‘ygan, g‘ayridinlar bilan erishilgan kelishuvlar buzilmagan. Ekin maydonlarini toptashga, quduqlarni zaharlashga, ko‘priklar va ijtimoiy inshootlarga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmagan. O‘lja olishda ham yakka tartibda harakatlanish, olingan o‘ljani topshirmaslik jazolangan. Umuman, dinga xayrixohlik bildirgan va shafqat so‘raganlarga rahm qilish musulmon askarlariga muntazam uqtirib borilgan.

Albatta, bu umumiy qoidalar bo‘lib, har doim ham ularga amal qilinavermagan. Islom tarixida ham boshqa dinlar kabi o‘ta shafqatsiz hukmdorlar bo‘lganki, ular o‘z harakatlari bilan dinga katta zarar keltirganlar.

Asosan nasroniylikning katolik mazhabiga e’tiqod qilgan ritsarlar «Hurmatli urush» (bonne guerre) tushunchasini yo‘lga qo‘yishgan. Unga ko‘ra, urush boshlashdan oldin dushman tomon ogohlantirilgan, bu qaror sabablari tushuntirilgan, urushning oldini olish imkoniyatini beruvchi talablar va ularni amalga oshirish uchun muddat belgilangan. Muzokaralarni olib borgan elchilar xavfsizligi qat’iy ta’minlangan.

Janglardan so‘ng g‘olib tomon ko‘chmas mulklar, ibodatxonalar, lazaretlarga zarar yetkazmaslikni, o‘ljaga olingan odamlar va mulklarni qayta sotib olish imkoniyatini berishni odat qilishgan.

Bu yerda ham o‘ziga xos jihat bor – bir qarashda oliyjanob tuyuladigan bu qoidalar faqat ritsarlar boshqaruvidagi davlatlarga qo‘llanib, g‘ayridin, butparast, dahriy va bid’atchi deya hisoblanganlarga nisbatan amal qilmagan.

Dastlabki rasmiy qoidalar

Qadim tarixdagi qoidalar asosan og‘zaki va odatda tavsiyaviy xarakterda bo‘lib, ular ko‘pincha istagancha talqin qilinar hamda vaziyatga ko‘ra o‘zgartirilaverardi. Yetakchi davlatlar o‘rtasida imzolangan ilk rasmiy hujjatlar XVII—XVIII asrlarga to‘g‘ri keladi.

1856-yilda qabul qilingan Parij deklaratsiyasiga ko‘ra, dengizda jang qiluvchi va neytral tomonlar maqomi belgilandi. 1864-yildagi Jeneva konvensiyasida esa quruqlikdagi harbiy harakatlar chog‘ida bemorlar va yaradorlar bo‘yicha yakuniy kelishuvga erishildi.

Bu davrda AQShda fuqarolik urushi avj pallada edi. Prezident Linkolnning topshirig‘iga ko‘ra professor Frans Liber harbiy dala sharoitida dushmanga munosabatni ishlab chiqdi va bu «Liber kodeksi» sifatida tarixga kirdi. Keyinchalik kodekslar harbiy komissiya va qonunchilik vakillari tomonidan ko‘rib chiqilishi ularning ahamiyati hamda ta’sirini oshirib yubordi.

Bundan tashqari Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya kabi yirik davlatlarda ham bu kabi qator hujjatlar rasmiy kuchga ega bo‘la bordi va urushlarda ma’lum qoidalarga tobora ko‘proq amal qilina boshlandi.

Bu borada eng muhim va sodda tushunchalarni jamlagan Jeneva konvensiyasi quyidagilarni nazarda tutardi:

  • Jang qilmayotganlar, masalan, shifokorlar va ijtimoiy himoya xodimlari nishonga olinmasligi;
  • Jang qilish qobiliyatini yo‘qotganlar, ya’ni yaradorlar va asirlarga zarar yetkazilmasligi;
  • Tinch aholi vakillarini o‘qqa tutganlar harbiy jinoyatchi deb hisoblanishi;
  • Tinch aholining jang maydonidan ketish huquqi ta’minlanishi, uy-joyi, hayvonlari, suv manbalari, ekinlari va hokazolariga zarar yetkazilmasligi;
  • Bemorlar va yaradorlar qaysi taraf vakili ekanligidan qat’i nazar tibbiy xizmat olishlariga to‘sqinlik qilinmasligi (bu qoida shifokorlarga hatto dushman tarafga ham tibbiy yordam ko‘rsatish huquqi va imkoniyatini beradi);
  • Shifokorlar, ularning faoliyat nuqtalari, transportlari, tibbiy vositalar nishonga olinmasligi;
  • Asirlarni qiynash, kamsitishga yo‘l qo‘yilmasligi, ularni minimal yegulik va suv bilan ta’minlash, yaqinlari, xalqaro tashkilotlar bilan aloqada bo‘lishlariga to‘sqinlik qilmaslik;
  • Ayni shu urush davrida taqiqlangan qurollardan foydalanilmasligi;
  • Cho‘kayotgan kemalar dushman tomonniki bo‘lsa-da, yordam berish;
  • Urushlar davrida dushman taraf, asirlar yoki tinch aholi vakillariga nisbatan har qanday jinsiy zo‘ravonliklarga yo‘l qo‘ymaslik barcha urushlarning umumiy qoidalari sifatida qabul qilinadi.

Bugungi qoidalar

Ikkinchi jahon urushi o‘zining beshafqatligi va davomiyligi bilan har qanday qoidalarni chilparchin qilib tashladi. Nafaqat Germaniya, balki qizil armiya va ittifoqchilar askarlarining shafqatsiz harakatlariga oid hujjatlar juda ko‘p.

Zamonaviy dunyoda urushda daxlsizlar tarkibiga OAV vakillari, qator xalqaro tashkilotlar va vaziyatga ko‘ra boshqa sohadagilar ham kiritila boshlandi. Harbiy harakatlarga bolalarni jalb etmaslik talabi qo‘shildi. Eng muhimi – har qanday vaziyatda ham qo‘llanmasligi shart bo‘lgan qurollar ro‘yxati shakllantirildi. Bu ko‘pchilik o‘ylaganiday odatda faqat qo‘rqitish va tiyish vazifasini bajaradigan yadro qurolining o‘zi emas.

Ayni kunlardagi Isroil-Falastin ziddiyatida ham fosforli bombalar qo‘llanilayotgani jiddiy noroziliklarni keltirib chiqardi.

Bugun insoniyat shu qadar qurollanganki, ularning barini ishlatish nafaqat dushmanga, balki hujum qiluvchining o‘ziga ham qattiq zarar yetkazishi, xalqaro hamjamiyat bunday hollarda sanksiyalar qo‘llashi va o‘sha davlatga nisbatan harbiy choralar qo‘llashi mumkinligi  belgilab qo‘yildi.

Taqiqlangan qurollarga quyidagilarni misol keltirish mumkin:

* Kassetali bombalar – oddiy tushuntirganda bir yirik bomba ko‘plab kichik bombalarga parchalanib, katta hududni qamrab olishi. 2008-yilga kelibgina 93 davlat tomonidan taqiqlanganiga qaramay, Rossiya, Xitoy, AQSh kabi yirik ishlab chiqaruvchilar bu kelishuvga qo‘shilmagan;

* Napalm – benzin yoqib, olov purkovchi qurol. AQSh askarlari Vetnamda uning yordamida butun qishloqlar, o‘rmonlar, odamlarni yoqishgan. 1980-yildan buyon taqiqlangan;

* Oq fosfor – 1977-yilda taqiqlangan bu qurol juda katta alanga bilan yonishi, o‘chirish nihoyatda qiyinligi bilan mashhur. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra Suriya va Ukraina hududida qo‘llangan va bu qattiq qoralangan. Isroil tomonidan Falastin hududida qo‘llanilganiga oid videolar tarqaldi, ammo bu faktni rasman tasdiqlashning iloji bo‘lmadi;

* Piyodalarga qarshi minalar – bu taqiq juda nisbiy. Tarafdorlar harbiy harakatlar tugaganidan keyin tinch aholi va hayvonlar jabr ko‘rishini argument sifatida ko‘rsatadilar. O‘rtacha bahosi 3 dollar turadigan kichik minani zararsizlantirish taxminan 1000 dollarga tushishi hisoblab chiqilgan;

* Kimyoviy va bakteriologik qurollar – bular haqiqiy ommaviy qirg‘in qurollari bo‘lib, ayrim o‘rinlarda nazorat yo‘qotilsa, zarar jihatdan yadro qurolini ortda qoldirishi mumkin. Butun xalqaro hamjamiyat bunday qurollarni qoralasa-da, qator davlatlar hamon nafaqat saqlashyapti, balki takomillashtirib borishyapti.

Albatta, urushda qandaydir qoidalarning bo‘lishi g‘alatidek. Ammo odamzod urushdan voz kecha olmas ekan, hech bo‘lmasa ma’lum qoidalarga amal qilishi yo‘qotishlarni kamaytirishiga umid qilgan holda bunday qoidalar o‘ylab topilgan.

Abror Zohidov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring