Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘quvchining onasi: «Tarbiya uchun faqat men mas’ul emasman...»

O‘quvchining onasi: «Tarbiya uchun faqat men mas’ul emasman...»

Ayni kunlarda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Jizzax viloyat Kengashi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Jizzax viloyat Milliy gvardiyasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat Kengashi va Jizzax Davlat pedagogika institutining psixolog o‘qituvchilari hamkorligida joylarda “Barchasi o‘z qo‘lingda” targ‘ibot dekadasi bo‘lib o‘tmoqda. Dekada doirasida profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar bilan psixologik suhbatlar, tungi reydlar, davomad reydlari o‘tkazilmoqda.

Dekadaning birinchi manzili Baxmal hamda Do‘stlik tumanlari bo‘ldi. Baxmal tumanida 79 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘lib, ularda 32 ming 224 nafar, 10 ta kasb-hunar kollejida 2 ming 735 nafar o‘quvchi yoshlar tahsil oladi.

Ishchi guruh tomonidan o‘tkazilgan reydlar davomida 1- va 3-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida umumiy o‘quvchilarning 1 foizi sababsiz darsda qatnashmayotgani, Baxmal qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejida 25 foiz o‘quvchi-yoshlar dars mashg‘ulotlarida ishtirok etmayotgani. Shuningdek, tuman markazida joylashgan yakka tadbirkor J.Asadov va M.Po‘latovlarga tegishli bo‘lgan kompyuter xizmatlari shoxobchalarida 3 nafar voyaga yetmagan yosh bemaqsad o‘tirganligi aniqlandi.

— Yoshlarning internet kafelar va boshqa turli ko‘ngilochar joylarda vaqtini bekorchi o‘yinlarga sarflayotgani ko‘p kuzatilmoqda, vaholangki, ta’lim muassasalarida dars mashg‘ulotlaridan so‘ng bepul to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, — deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bo‘lim boshlig‘i To‘lqin Ahmedov. — Dekadada ushbu to‘garaklar faoliyati bugungi o‘quvchini qoniqtiradimi, nega ayrim yoshlar maktab to‘garaklari emas, ko‘chadagi “to‘garaklar”ga oshiqmoqda, degan savollarga javob topishga harakat qilyapmiz. O‘quvchi-yoshlarni ta’lim muassasasiga, to‘garaklarga jalb etishda maktab ma’muriyati, yoshlar yetakchisi va psixolog mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdik.   

Dekada ishchi guruhi yoshlar ittifoqining ta’lim muassasalaridagi boshlang‘ich tashkilotlari uchun Baxmal Ijtimoiy-iqtisodiy va pedagogika kasb-hunar kollejida Ekstremizm, terrorizm, aqidaparastlik, mutaassiblik, prozeletizm, missionerlik tushunchalari hamda Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan ishlash bo‘yicha o‘quv seminar tashkil etdi. Do‘stlik tumanidagi Barkamol avlod bolalar ijodiyot markazida ta’lim muassasalaridagi psixologik o‘qituvchilar uchun master klass o‘tkazildi.

Malakali psixologlar Do‘stlik tumanidagi 9 nafar profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlarning har biri bilan alohida suhbat o‘tkazib, aniqlangan holatlar bo‘yicha ta’lim muassasi psixologlariga ular bilan doimiy ishlashlari uchun tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Barkamol avlod bolalar ijodiyot markazida Tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan profilaktik hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar uchun bepul tibbiy ko‘rik ham o‘tkazildi. O‘tkazilgan tibbiy ko‘rik tahlilliari bo‘yicha tegishli tibbiyot markazlariga va mutaxassislariga yo‘llanmalar berildi.

— Tarbiya uchun faqt men masul emasman, o‘qituvchi ham bolaning tarbiyasiga qarasin-da, — deydi Do‘stlik tibbiyot kolleji o‘quvchisi A.Hakimovning onasi. —  Men bolamni erta tongdan kollejga jo‘nataman, uning tarbiyasiga bolam faqat uyda bo‘lgan paytdagina men mas’ulman. O‘qituvchi nima ish qiladi o‘zi...

Farzand tarbiyasiga befarq qarayotgan onaga ham tuman ichki ishlar bo‘limi, Milliy gvardiya xodimlari tomonidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Dekada doirasida Baxmal va Do‘stlik tumanlari yoshlarini bir yerga jamlash, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashish, yurt taqdiriga daxldorlik hissini uyg‘otish, mahallalardagi ishsiz yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida “Street workout” sport musobaqalari tashkil etildi. Tumanlar markazida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchiliklarni oldini olishga qaratilgan chiqishlar va sahna ko‘rinishlari namoyishi va galakonsert taqdim etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring