Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

UzAuto Motors’ning monopoliyasi tugatiladi

UzAuto Motors’ning monopoliyasi tugatiladi

Kelgusida O‘zbekistonda 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘ladi va ishlab chiqarish hajmi yillik 1 million donaga yetkaziladi (hozir 350 ming). Shuningdek, elektromobil ishlab chiqarish yiliga 300 mingtaga yetkaziladi.

Bu haqda O‘zLiDePning navbatdagi qurultoyida muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik sayloviga partiyadan o‘z nomzodini qo‘ygan Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi dasturida belgilab qo‘yilgan.

«Umuman, sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 20 milliard dollardan 45 milliard dollarga yetkaziladi.

Yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi va unga 1 milliard dollar ajratiladi», – deydi amaldagi Prezident.

Shuningdek, kelgusi yillarda 50 ta nufuzli xorijiy brendlar bilan maxsus eksport zonalarini tashkil qilish hamda tadbirkorlarga «tayyor biznes» shaklida bino berish maqsadida sanoat ipotekasi tizimini to‘liq yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Har bir tumanda esa kamida mingta ish o‘rni yaratadigan 2 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi. Shu bilan birga, «Ay-ti» xizmatlari eksporti 5 milliard dollarga olib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda mahalliy bozorning yengil avtomobillarga bo‘lgan ehtiyojini birgina UzAuto Motors kompaniyasi qoplab kelmoqda. Yillik ishlab chiqarishning kamligi va xorij avtomobillari importiga qo‘yilgan talablarning og‘irligi mazkur kompaniyani mamlakatda yagona monopolga aylantirgan. Shu kunga qadar kompaniyaning mijozdan to‘lovning ma’lum qismini kamida 8 oy avval olishi, navbatlar va mahsulot sifati haqida ko‘plab e’tirozlar tarqaladi va keng jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘ladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring