Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Depressiyadan aziyat chekayotganlarga mutolaa yordam beradi

Depressiyadan aziyat chekayotganlarga mutolaa yordam beradi

Foto: «Newsline»

Oxirgi yillarda ko‘p (yoki umuman) kitob o‘qimay qo‘ydik. To‘g‘ri-da, tayyor televizor, internet turganida kitobga yo‘l bo‘lsin...

Har kuni serial qahramonlariga qo‘shilib dard chekamiz, sevimli futbol komandamiz yutqazib qo‘ysa kuyunamiz, buyoqda internet tinmay yangiliklarni ulashib yotibdi: kimdir yongan, cho‘kkan, ona bolasini, o‘g‘il otasini... Xullas, bu ulkan axborot oqimi bizni qayoqlarga olib ketayotganini anglashga-da vaqtimiz yo‘q. Yurakda esa g‘ashlik.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga qaraganda bugun sayyoramizdagi har to‘rtinchi kishi depressiya (ruhiy siqilish)dan aziyat chekmoqda. Eng yomoni oldinda — ana shu tashkilotning prognozlarida 2020-yilda har ikkinchi odam depressiya changaliga tushib qolishi aytilgan. Oxirgi yillarda kasallik yosharib boryapti, ilgari 30 — 45 yoshdan boshlab kuzatilgan bo‘lsa, hozir 15 — 17 yoshlilar ham uning changaliga tushmoqda.

Kitob o‘qimasligingiz juda yomon. Bu psixolog va psixiatrlarning fikri. Kitob o‘qisa odam fikrlaydi, demakki, miyasini ishlatadi, savodi oshadi, birato‘la yuragidagi g‘ashlikdan ham qutulib oladi. O‘ylab qolasan kishi, bugun jamiyatimizni kuzatarkansan, aynan kitob yetishmayotganga o‘xshaydi.

Xorijda kitob bilan davolashni yo‘lga qo‘yishibdi — biblioterapiya deyishadi. Mutaxassislarning aytishicha, xoh qog‘oz, xoh elektron kitob bo‘lsin, baribir, o‘qiyverish kerak, shunda kayfiyat chog‘lanadi, insonda ruhiy qoniqish hissi paydo bo‘ladi, ichimizdagi hadik va tajovuz daf bo‘ladi. Agar ko‘zingizga dam bermoqchi bo‘lsangiz audiokitoblar ham bo‘laveradi.

Italiyaning Turin universiteti xodimlari depressiyadagi bemorlarning ahvoli biblioterapiya bilan davolanganda ancha o‘nglanganini qayd etishdi. Ayrim bemorlar antidepressantlarni qabul qilmay qo‘yishdi. Bu holatga shifokorlarning javobi shu: depressiyaga uchragan kishilar doim “g‘ilof”da yurishadi, kitoblarni o‘qisharkan, garchi bu birovlar taqdiri, garchi bu voqealar to‘qima bo‘lsa-da, ularda ertangi kunga umid uyg‘onadi.

Kitobniyam kitobdan farqi bor, albatta. Masalan, ruhiy siqilishni davolashda detektiv asarlardan yaxshisi yo‘q. Kitobda tasvirlangan jinoyatchi qo‘lga tushishiga, haqiqat baribir qaror topishiga ishongan o‘quvchi real hayotda ham shunday bo‘lishiga ishonadi va asta-sekin uning dardi chekina boshlaydi. Asarda tasvirlangan kishilarning og‘ir hayoti, ularning tashvishlari oldida o‘zining muammosi sariq chaqaga ham arzimasligini anglash esa insonni hayotni qadrlashga, uning har bir onidan unumli foydalanishga undaydi.

Amerika kollejining bitiruvchisi to umrining oxirigacha o‘rtacha beshta kitob o‘qirkan. Antidepressantlarga esa bir yilda bu mamlakat aholisi salkam 20 milliard dollar sarflaydi. Xulosasi o‘zingizga havola.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring