Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

Buyuk orzu – «Ferrari»!

Buyuk orzu – «Ferrari»!

«Ferrari» tarixida birorta modelga ega bo‘lolmagan milliarderlar ham bor.

Foto: «Autoblog.com»

«Taqdir menga juda ko‘p tuhfalar qilgan. Bularning birinchisi va eng muhimi besh yoshligimda otam meni avtopoygaga olib borganidir. Aynan shu voqea mening hayotimda eng yorqin iz qoldirgan va kelajagimni belgilab bergan».

Bu so‘zlar mohir avtopoygachi va butun dunyoga mashhur «Ferrari» kompaniyasi asoschisi Enso Ferrariga tegishlidir. «Bolonya halqasi» deb nomlangan avtopoygani tomosha qilgan Enso ko‘rganlaridan shunchalar kuchli ta’sirlanadiki, uning butun vujudini bir fikr, yagona orzu qamrab oladi: «…Avtopoygachi! Men faqat avtopoygachi bo‘laman!».

Lekin bu orzu amalga oshguncha Enso juda ko‘p to‘siqlarni yengib o‘tishga majbur bo‘ladi. O‘zi qiziqqan soha bo‘yicha ish boshlaganiga qadar Enso Ferrari oilaviy biznesni yuritishiga, «Ferrari» deb nomlangan otxonani boshqarishiga to‘g‘ri keladi. Sevimli mashg‘ulotini u «Alfa-Romeo» firmasining yollanma xodimi sifatida boshlaydi va avtopoygalarda ilk bor ishtirok etadi. 1927-yilda Enso «Skuderia Ferrari» jamoasini tuzadi (bu jamoa hamda uning munosib davomchilari hozir ham «Formula-1» avtopoygalarining yetakchisi hisoblanadi).

1932-yilda Enso Ferrari avtopoygachilik faoliyatiga yakun yasaydi va o‘zining kompaniyasiga asos soladi. Kompaniya ish boshlagan dastlabki vaqtlardayoq Enso o‘zining ilk avtomobilini yaratadi. Lekin bu avtomobilga u «Ferrari» nomini bera olmas, chunki Enso «Alfa-Romeo»da ishlayotgani uchun yangi avtomobil bilan bog‘liq barcha huquqlar shu kompaniyaga tegishli edi.

«Ferrari» nomli ilk avtomobil 1946-yilda dunyo yuzini ko‘radi. Bu «Ferrari 125» modeli edi. Enso Ferrari bu model orqali o‘zining azaliy niyatini amalga oshiradi – oddiy avtomobil bilan poyga avtomobili xususiyatlarini uyg‘unlashtiradi.

«Ferrari»ning jahonga mashhur belgisi – sariq fondagi sakrayotgan qora ot suratini Enso Ferrari Birinchi jahon urushi qahramoni bo‘lgan mohir uchuvchi Franchesko Barakkidan olgan.

«Ferrari»ga ega bo‘lish, uning yuqoriga ochiladigan eshigidan kirib, mashinaning g‘ayritabiiy kuchini boshqarish, tasavvurdagi tezlikda uchish har bir avtoishqiboz uchun orzuga, haqiqiy nufuzga aylangan davrlar keladi. «Ferrari»ning har bir modeli har doim ham sanoqli nusxalardagina ishlab chiqarilar, ayrim modellar hatto bir necha o‘n donagina yaratilardi. O‘z ishining ustalari bo‘lgan mohir mutaxassislarning zargarona mehnati har bir avtomobilni san’at asari darajasiga yetkazardi. Bu an’analar hanuz davom etmoqda. Ishlab chiqarilgan har bir avtomobilni oldindan buyurtma bergan va pulini to‘lab qo‘ygan xaridor kutib turar, odatda xaridor maqomiga erishish niyatida bo‘lgan insonning kolleksiyasida «Ferrari»ning oldingi modellari bo‘lishi lozim edi.

Bu qadar nufuzli mashinalar olibsotarlar qo‘liga tushib, keyinchalik bir necha barobar qimmatga sotilganidan keyin Enso bu borada yanada qattiq nazoratni yo‘lga qo‘ydi, har bir xaridorni shaxsan o‘rganib chiqib, faqat eski qadrdonlargagina yangi modellarni sota boshladi. «Ferrari» tarixida birorta modelga ega bo‘lolmagan milliarderlar ham bor.

«Ferrari» modellari asosan qizil rangga bo‘yaladi. Hazil tariqasida «Ferrari» faqat qizil yoki qip-qizil bo‘lishi mumkin» deyishadi.   

1964-yilda firma daromadini bir necha barobar oshirish maqsadida «Ferrari 330 GT 2+2» modeli 1057 dona ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish hajmi deyarli uch barobar oshirilsa ham talab kuchliligicha qolaveradi. 1987-yilda firmaning 40 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarilgan «F 40» modeli dastlab 400 nusxada bo‘lishi mo‘ljallangandi. Lekin juda kuchli talab hisobga olinib, bu model 1311 nusxada ishlab chiqariladi. Bu endi o‘ziga xos rekord edi.

Ferrari FXX-K Hybrid Hypercar [Add-On] Foto: «ru.gta5-mods.com»

2002-yilda «Ferrari» asoschisi, buyuk avtopoygachi Enso Ferrari sharafiga «Enso» modeli yaratiladi. 349 nusxada ishlab chiqarilgan mashinalar har doimgidek doimiy xaridorlargagina yetkazib beriladi. Bu firmaning o‘z asoschisiga bo‘lgan cheksiz hurmatining o‘ziga xos ramzi bo‘lgan.

Enso Ferrari chindan ham har qanday maqtovga loyiq inson edi. Umrining poyoni – 1988-yilga qadar Enso o‘z firmasini boshqardi va uning o‘tmishini ham, kelajagini ham belgilab berdi. Enso har bir avtomobilni o‘z farzandidek ko‘rar, yangi modellarga butun qalb qo‘rini baxsh qilardi. Shuningdek, Enso «Ferrari» modellariga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘la oladigan yagona inson ham edi. U avtohalokatga uchragan yoki buzilgan mashinalarni, garchi qayta tiklash mumkin bo‘lsa-da, kiprik qoqmay chiqitga chiqarib tashlardi. Ensoning qo‘llaridan omon qolgan eski avtomobillarning aksariyati muzeylar yoki xususiy kolleksiyalardan panoh topgan.

1956-yilda Enso Ferrarining yolg‘iz o‘g‘li, iqtidorli konstruktor, otasining munosib davomchisi, yagona umidi Alfredino tuzalmas kasallikdan vafot etadi. O‘g‘lining vafotidan qattiq kuyingan Ensoga uning xotirasini abadiylashtirish, hayotda Alfredinoga mos iz qoldirish fikri o‘n yil davomida tinchlik bermaydi. Buning uchun qanday yo‘l tanlaganini angladingiz albatta. 1966-yilda yaratilgan «Ferrari-Dino» modeli «Ferrari»ning haqiqiy afsonasiga aylanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring