Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Abror Zohidov

Kelajakka umid qilish yaxshi, ammo ayni dam ham go‘zal ekanligiga shukr qilish undanda yaxshi.

«VIP» nima degani o‘zi?

«VIP» nima degani o‘zi?

Foto: «vip-ref.ru»

Tushunsak-tushunmasak har kuni hech bo‘lmasa bir marta shu so‘zni ishlatamiz. Bu hayotimizga shunchalar singib ketdiki, ko‘pchilik uni hatto o‘zbekcha so‘z deb o‘ylashgacha bordi. Ammo biz hadeb qaytaraveradigan «VIP» so‘zi hatto ruscha ham emas va ma’nosi ham biz o‘ylagandan ko‘ra boshqacharoq.

Bu so‘zning hayotimizga shitob bilan kirib kelish davrini uyali aloqa tizimining dastlabki qadamlari, O‘zbekistondagi ilk «sotka»lar davriga bog‘lash mumkin. Bu matoh har kimda ham yo‘q, boridan ham foydalanish xizmati juda qimmat edi. Kimda uyali telefon bo‘lsa u obro‘li odam bo‘lgan davrlar. Ammo shu baxtlilar orasida ham bir toifa borki, ular aloqa kompaniyasining eng qimmat va hamma xizmatlarni jamlagan, bir so‘z bilan aytganda suhbatda cheklovni yo‘q qilgan «VIP» tarifidan foydalanadilar.

«VIP»chilarning obro‘si aloqa kompaniyasi oldida ham baland — ularga alohida e’tibor qilinadi, mo‘may daromad beruvchi yaxlit mijoz-da. Tanish-bilishlar esa «falonchining telefoni «VIP» deb alqashadi.

Asta-sekin aloqa narxlari arzonlashdi. «VIP» tarifiga ham hojat qolmadi. Ammo biz bu so‘zni nafaqat unutdik, balki ahamiyatini keskin oshirib yubordik.

Endi biz uchun «VIP» mo‘l-ko‘lchilikni, bemalolchilikni, o‘ylanmay foydalanaverishni, xotirjamlikni va umuman «hammasi to‘langan» degan tushunchani anglata boshladi. To‘yxona «VIP», mashina «VIP», oshxona «VIP», stadion «VIP»...

Qisqa qilib aytganda hashamdor mehmonxonalardagi ruschasiga «Vsyo vklyuchenó» (inglizcha all inclusive) atamasini biz bir so‘z hayotimizda ifodalay boshladik.

Xo‘sh, biz ulug‘laydigan «VIP» atamasi nimani anglatadi?

Inglizchasiga Very Important Person yoki VIP abbreviaturasi «juda muhim shaxs», «rahbar», «yuqori martabali shaxs», «badavlat korchalon» kabi ma’nolarni anglatib, o‘ziga xos imtiyozlardan foydalanuvchi insonlarga nisbatan ishlatiladi.

Ruslar bu so‘zni o‘zlariga moslab — «Vesma imenitaya persona» (VIP) shaklida ham ishlatishadi.

Bu atama dastlab 1940-yillarda Buyuk Britaniya aviatsiyasida o‘ziga xos e’tibor va xizmatlarni talab qiluvchi yo‘lovchilarga nisbatan qo‘llana boshlagan. Tez orada atama boshqa sohalarga ham o‘tib, u orqali shou-biznes vakillariga, siyosatchilar, yirik xaridorlarga va umuman badavlat hamda taniqli shaxslarga ta’rif berilgan hamda ular alohida imtiyozlardan foydalanishini anglatgan.

Qisqa qilib aytganda bu so‘z (aniqrog‘i abbreviatura) ma’nosiga ko‘ra ko‘pchilik o‘ylaganiday ma’lum bir xizmat turi, vaziyat yoki alohida e’tiborni emas, shunga loyiq ko‘rilgan shaxsni anglatadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring