Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Said-Abdulaziz Yusupov

Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rgim keladi.

Qardoshlik qayg‘usi

Qardoshlik qayg‘usi

Shavkat Mirziyoyev (o‘ngdan chapga) va Nursulton Nazarboyev

Foto: «Akorda.kz»

Odam Ato bolalari o‘rtasidagi ziddiyat haqida ko‘pchilik o‘qigandir. Shaytonning qutqusi bilan arzimagan narsa deb Qobil Hobilni o‘ldiradi. Shundan beri qo‘li qonga botgan odamzot qotillik, fitnalar tuzog‘ida o‘ralashib keladi.

Dastlab Odam Ato va Momo Havoni, so‘ngra Qobilni yo‘ldan urgan Iblis bo‘lsa, bugun uning fitnalarini mahorat bilan o‘zlashtirganlar bor. Ularning yuzu ko‘zi siz bilan menikidan farq qilmaydi. Ammo millatlar, elatlar orasini buzish, qutqu solishda shaytonga ham dars berishsa ajabmas.

Fitnashunoslikda sinalgan bir usul bor: qaysidir oila yoki millatning uyiga o‘t qo‘ymoqchi bo‘lsang, olov yoqish shartmas. Aka-ukani bir biriga gij-gijlab qo‘ysang bas. O‘zlari o‘tin topib, o‘zlari bir-birining uyini yoqib yuboradi.

Ayniqsa, dunyo bo‘yicha gegemonlikka da’vo qiluvchi kuchlar turli xalqlar, qardosh millatlar, qo‘shni davlatlar orasiga nifoq solishning hadisini olishgan. Qandaydir bir sabab topib nafaqat xalqlarni, balki davlatlarni bir-biriga qarshi qilib qo‘yish ular uchun hech narsamas.

So‘zimni oddiy misol bilan isbotlashim mumkin. Buni eksperiment tariqasida sinab ko‘rish ham mumkin Tasavvur qiling: ikkita aka-uka. Ular bir-biriga juda mehribon, qayishadigan. Ota-onasidan yaxshi tarbiya ko‘rishgan, bir-biriga oqibatli bo‘lib ulg‘aygan. Ammo yuqoridagi usul orqali ularning-da orasini buzish hech ishmas.

Qanday qilib deysizmi?! Odamlarning ichida avval kichigini maqtang, pahlavon bu deng, xudo bergan kuchi bor deng, rosa aqlli deng. Akasiga nazar soling: akasi ukasini maqtaganingizdan faxrlanadi. U bilan g‘ururlanadi. Gapning oxirida esa u shunday zo‘rki, akasidan ham zo‘r deb qo‘ying. Akasiga nazar tashlang. Hamiyati toptalganini sezasiz.

Sherigingiz esa akasini maqtay boshlasin. Ukasiga qarang. Akasi bilan faxrlanib turadi. Ammo so‘zining oxirida sherigingiz sizga qarab «ukasini shuncha maqtading, ammo akasi uni bir musht bilan ag‘dara oladi» desin. Ana shuning o‘zi kifoya. Aka-uka zimdan raqibga aylanadi. Umrbod. Ota-onadan yuqqan mehr o‘rnini qahr egallaydi. Bir umr biri ikkinchisidan ustunligini isbotlash uchun avval sog‘lom raqobat qiladi, keyin nohalol usullarga o‘tadi.

E’tibor qiling, siz ham, sherigingiz ham aka-ukani bir-biriga yomonlamadingiz. Bir-biringga dushman bo‘l demadingiz. Shunchaki omma oldida o‘z fikringizni bayon etdingiz. Asosli taxminlaringizni aytdingiz. Fikr aytish gunoh emas-ku, to‘g‘rimi? Siz gunoh qilmadingiz. Ammo natija-chi?! Natija shuki, haqiqat suvi bilan yovuzlik daraxtiga suv quydingiz, fitna bilan adovat urug‘ini ekdingiz.

Bularni nega yozayapman?!

Qozog‘istonda ro‘y bergan fojiadan xabaringiz bor. 52 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan bu mudhish hodisa biz uchun katta musibat bo‘ldi. Davlat rahbari ham mazkur hodisaga munosabat bildirdi, ko‘rilgan tadbirlar natijasida fojia qurbonlarining shaxsi qisqa muddatda aniqlandi, jasadlari yurtga olib kelinib, dafn qilindi. Shuning barobarida, musibatzada xonadonlarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berildi.

Shu o‘rinda xolis turib aytish kerakki, mazkur fojia ro‘y bergani ma’lum bo‘lgach, Qozog‘iston imkon darajasida hamma yordamni ko‘rsatdi: halokatdan omon qolganlar(ular orasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor)ga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish, fojia sabablarini o‘rganish, qurbonlarning jasadlarini yonib ketgan avtobusdan chiqarib olish, ularning shaxsini aniqlash uchun mutasaddi organlar safarbar etildi. O‘zbekiston tomonidan fojia sabablarini o‘rganish uchun tuzilgan hukumat komissiyasining ishlashi uchun zarur sharoit yaratildi, ko‘mak berildi.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 24-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qo‘ng‘iroq qilib, Qozog‘istonda o‘zbekistonlik fuqarolarning vafot etgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Ikki davlat rahbari telefondagi so‘zlashuv chog‘ida bo‘lajak uchrashuv oldidan qilinadigan ishlarni muhokama etishdi, jumladan, ikki davlat o‘rtasida hal etilishi kerak bo‘lgan masalalar va ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash borasida fikr almashishdi.

Voqea sodir bo‘lgandan beri qozoqlar biz bilan teng qayg‘urishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ular yozib qoldirgan izohlarga ko‘zingiz tushgandir. O‘zbek xalqiga, fojia qurbonlarining oilalariga yurakdan bildirilgan hamdardlikda, marhumlarning haqiga qilingan duolarda g‘ayirlik yo‘q, nazarimizda. Qardosh bo‘lsa, shunchalik bo‘lar-da! Biroq mintaqadagi tinchlik, davlat rahbarlari o‘rtasidagi totuvlikni ko‘rolmayotgan kuchlar mazkur fojiadan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga urinayotir. Qanday qilib deysizmi?

Halokat sodir bo‘lgan 18-yanvardan beri bu voqeaning qanday ro‘y bergani, yong‘in «uchinchi qo‘l»ning aralashuvi natijasida kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi, 52 erkak avtobus oynasini sindirib chiqolmaganida bir gap borligini taxmin qilmagan odam qolmadi. Emishki, hodisada «reketchilarning qo‘li bormish», «avtobusga kimdir granata tashlaganmish», «yong‘inni qozoqlarning o‘zi chiqarganmish, shu bois o‘zlari tirik qolganmish» va hokazo...

Albatta, bunday taxminlar o‘z-o‘zidan tilga chiqmayapti. Ayrim xorijiy ommaviy axborot vositalari bildirgan taxminlar ta’sirida yuzaga kelmoqda. «Nima qipti, taxmin qilish ham mumkinmasmi?», — deyishingiz mumkin. Ammo aslida bu xabarlar zimdan odamlarning ong ostiga yuborilgan bo‘lib, asl maqsad ikki qardosh xalq va do‘st davlat o‘rtasiga adovat solishga qaratilgan.

Bundan bir yilcha avval Yaqin Sharq mamlakatlaridagi katta davlatlarning, katta kuchlarning katta maqsadlari deyarli yakun topganini, O‘rta Sharq loyihasi nihoyasiga yetib, navbat O‘rta Osiyoga kelishi mumkinligi haqida yozgandim. Bu fikrimni rad etib bo‘lmas dalillar bilan asoslab bergandim ham. Vaqtning o‘tishi ana shu fikrning to‘g‘riligini ko‘rsatmoqda.

Yaqinda yirik geosiyosiy o‘yinchilardan biri O‘rta Osiyo mintaqasida Qozog‘iston lider ekanini ta’kidlagan bo‘lsa, ikkinchisi O‘zbekiston o‘z rivojlanish va islohotlar sur’ati bilan mintaqa lideriga aylanayotganini alohida e’tirof etdi. Chetdan qaraganda bu gaplar xolis fikr sifatida aytilgandek tuyulsa-da, bundan har ikki taraf o‘z manfaatini ko‘zlagani tayin.

Endi yuqorida qayd etganimiz ikki holatning parallel ro‘y berayotganini inobatga olsak, asl haqiqat yuzaga chiqadi. Qozog‘iston mintaqada iqtisodi eng rivojlangan mamlakat ekanligi rost. O‘zbekiston esa mintaqadagi eng muhim geostrategik davlat. Ammo ular bir-biriga dushman emas. Qardosh millat va qardosh davlatlar.

Prezident Mirziyoyev mintaqada tinchlik va rivojlanishni ta’minlash uchun eng avvalo o‘zaro munosabatlar(savdo-iqtisodiy, siyosiy, madaniy aloqalar)ni yaxshilash tashabbusi bilan chiqdi. Bu taklif mintaqadagi barcha davlatlar tarafidan qo‘llab-quvvatlandi. Bu esa, albatta, O‘rta Osiyo hududidagi qardosh mamlakatlarning siyosiy-iqtisodiy jipsligini istamayotgan, mintaqada boshqa geosiyosiy manfaatlarni ko‘zlagan kuchlarga ma’qul kelmayapti, nazarimizda.

Arab mamlakatlaridagi notinchlik sabablarini bir eslang. Go‘yoki bir-biriga dushman gegemonlar biri Muammar Qaddofiy boshchiligidagi Liviyani, boshqasi esa Saudlar oilasini Arab davlatlari ligasining lideri sifatida tan olishi va qo‘llab-quvvatlashini aytgandi. Natija shu bo‘ldiki, Arab davlatlari ligasida hamma yutqazdi. Saudlar oilasi zo‘r deganlar ham, Qaddofiyni qo‘llaganlar ham. Yutganlar esa yana o‘sha gegemonlar bo‘ldi. Azaliy haqiqat o‘z ibotini topdi: qimorda o‘ynagan emas, o‘ynatgan yutadi!

Endi esa o‘z uydirma «haqiqatlari» ortidan sensatsiya yaratishga intilayotganlar xususida. Ularni aslo bevosita katta qimor o‘yinini o‘ynatmoqchi bo‘lgan kuchlarga bevosita xizmat qilishda ayblamayman. Ammo ularning xoinligini ham inkor etmayman. Ularga xizmat qilmasa qanaqasiga xoinlik qilishi mumkin dersiz?! Javob o‘rnida Shayx Muhammad G‘azzoliy hazratlarining gapidan iqtibos keltiraman: «Xoin bo‘lishing uchun ongli ravishda xiyonat qilishing shart emas, ahmoq bo‘lishing kifoya!».

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring