Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

1 millionlik banknota bor-yo‘g‘i 0,5 dollarga teng! Pul qadrsizlanishi borasida rekord o‘rnatayotgan davlat

1 millionlik banknota bor-yo‘g‘i 0,5 dollarga teng! Pul qadrsizlanishi borasida rekord o‘rnatayotgan davlat

Foto: Venesuela markaziy banki

Venesuela markaziy banki giperinflyasiya – rekord darajadagi pul qadrsizlanishi sharoitida 1 million bolivarlik banknota chiqarishga majbur bo‘ldi. Milliy valyuta shu qadar qadrsizlaganki, 1 million bolivarning qimmati atigi 0,5 AQSh dollariga (52 sent) tengdir.

Milliy iqtisodiyot ehtiyojlarini qondirish maqsadida, shuningdek, 200 ming hamda 500 minglik qog‘oz pullar ham muomalaga chiqarildi.

Neftga boy Venesuela davlati oxirgi yillarda mushkul iqtisodiy tanglikka duch keldi. G‘arb mamlakatlari va prezident Nikolas Maduroning muxoliflari iqtisodiy buhron davlat rahbariyatinig uquvsiz siyosati hamda korrupsiya sabab yuzaga kelgan deb hisoblaydi. N.Maduroning o‘zi esa G‘arb joriy etgan sanksiyalardan yozg‘iradi.

Yanvar oyi ma’lumotlariga qaraganda, mamlakatda inflyasiya ko‘rsatkichi 2600 foizni tashkil etmoqda. Aholi hatto kundalik oldi-sotdida ham AQSh dollaridan foydalanishni ma’qul ko‘rmoqda.  

Xalqaro valyuta jamg‘armasi xulosalariga ko‘ra, 2020-yil yakunida Venesuela YaIM 25 foizga qisqardi. Iqtisodiyotning quyiga sho‘ng‘ishi 7 yildan buyon to‘xtamayapti.

29 million nufusli mamlakatga ocharchilik ham xavf solmoqda. Ijtimoiy tadqiqotlarga qaraganda, har 10 kishidan 6 nafari to‘yib ovqatlanmayotir. Oxirgi 5-6 yil ichida 5 millionga yaqin aholi qo‘shni mamlakatlarga bosh olib chiqib ketgan.

Dard ustiga chipqon deganlaridek, mamlakat bir necha yildan buyon siyosiy inqiroz domida qolmoqda.

Venesuela prezidenti Ugo Chaves vafotidan keyin 2013-yil aprel oyida tashkil etilgan saylovda uning shogirdi Nikolas Maduro uzil-kesil g‘alabaga erishdi. N.Maduro 2018-yil may oyida bo‘lib o‘tgan saylovda ham g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Ammo xalqaro kuzatuvchilar hamda muxolifat saylov qonunbuzarliklar bilan o‘tganini ta’kidlab, Maduroning g‘alabasini tan olmadi.

Muxolifat yetakchisi Xuan Guaydo 2019-yil yanvar oyida Milliy assambleya qo‘llovi bilan o‘zini muvaqqat prezident deb e’lon qildi.  

2020-yil dekabr oyida navbatdagi parlament saylovi bo‘lib o‘tdi va Milliy assambleyadagi asosiy o‘rinlarni  N.Maduro tarafdorlari egalladi. Joriy yil yanvar oyida yangi parlament a’zolari qasamyod qabul qildi. Ayni choqda, muxolifat rahbari Xuan Guaydo avvalgi chaqiriq deputatlari ishtirokida qasamyod qabul qilish marosimini o‘tkazdi va muqobil parlament tashkil etilganini e’lon qildi.   

Sirasini aytganda, mamlakatda qo‘shhokimiyatchilik hukm surmoqda. Maduro hokimiyatini Rossiya va Xitoy, muxolifat yetakchisi Guaydoni esa G‘arb mamlakatlari dastaklamoqda.

BMT Venesuelada inson huquqlari muntazam buzilayotgani, insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilayotganidan xavotir bildirgan.

AQSh esa prezident Maduroni giyohvandlik moddlari kontrabandasida ayblagan va uni qo‘lga olishga doir ma’lumotlar uchun 15 mln dollar mukofot va’da qilgan. Qo‘shma Shtatlar ayblov e’lon qilgan shaxslar ro‘yxatida amaldagi Oliy sud raisi va mudofaa vaziri ham bor.

 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring