Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

14 yoshli bolaning bo‘yi 221 sm.ga yetdi va u tinimsiz o‘sishda davom etmoqda (foto+video)

14 yoshli bolaning bo‘yi 221 sm.ga yetdi va u tinimsiz o‘sishda davom etmoqda (foto+video)

Foto: «Daily Mail»

Bo‘yi 221 santimetr bo‘lgan xitoylik o‘quvchi «dunyodagi eng baland bo‘yli o‘smir» nominatsiyasi uchun Ginnessning rekordlar kitobiga ariza topshirdi. Bu haqda «Daily Mail» nashri xabar bergan.

Syaoyuy laqabli yigitcha 18-oktyabr — yakshanba kuni 14 yoshga to‘lgan zahoti rekordni qayd etish uchun Ginnessning rekordlar qo‘mitasiga bordi. «Dunyodagi eng baland bo‘yli o‘smir» unvonining oldingi sohibi — hozirda voyaga yetib qolgan amerikalik Kevin Bredford bo‘lib, uning bo‘yi 16 yoshida 216 santimetrni tashkil etgan.

14 yoshli Syaoyuyning bo‘yiga hech qanday kasallik ta’sir ko‘rsatmagan. Yigitcha bolaligidan tengdoshlaridan ancha baland bo‘lgan. Ota-onasi uni bir necha marta shifokorlarga ko‘rsatgan. Lekin mutaxassislar bolada hammasi joyida ekanligiga ishontirishgan. Xitoylikning o‘zi baland bo‘yini irsiyat bilan izohlaydi — ota-onasi, shuningdek, bobo va buvisining bo‘ylari ham 180 santimetrdan baland bo‘lgan.

Uch yoshidayoq uning bo‘yi 160 santimetrga yetgan, 11 yoshida esa 206 santimetrgacha cho‘zilgan. Syaoyuy o‘sishda davom etmoqda. Shu bois maktabda o‘qituvchilar har yili unga yangi parta va stul izlashiga, yiliga bir necha marta yangi maktab formasiga buyurtma berishiga to‘g‘ri keladi.

Yigitchaning ta’kidlashicha, jamoat transportidan foydalanishga va attraksionlarda uchishga qiynaladi.

«Boshida atrofdagilarning men haqimda nima deb o‘ylashlaridan tashvish chekardim. Lekin o‘qituvchi g‘iybatchilarga quloq solmasdan, yo‘limda davom etishim kerakligini aytdi», — deya tan oldi Syaoyuy. Hozir sinfdoshlari uni hurmat qilishadi va «kichik Yao Min» deb atashadi. Ma’lumki, Yao Min NBAda o‘ynagan xitoylik sobiq basketbolchi bo‘lib, uning bo‘yi 229 santimetrni tashkil etgan. Syaoyuyning o‘zi basketbol o‘ynash niyati yo‘q: u yassioyoqlik va xondroma — tog‘ay o‘smasi tufayli sport bilan shug‘ullana olmaydi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring