Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

15 sutkaga «kesilgan» shaxs uch kundan beri topilmayapti!

15 sutkaga «kesilgan» shaxs uch kundan beri topilmayapti!

Illyustrativ foto

Ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanib, 15 sutkaga «kesilgan» shaxs... ma’muriy qamoqni o‘tash muassasasida yo‘q! Muassasadagilar uni IIBBda saqlanayotganini aytishgan, IIBB esa buni na rad etyapti va na tasdiqlayapti!

Qisqasi, Ichki ishlar organlarida yuz beradigan yana bir aqlga sig‘mas holat haqida «advokatnews.uz» bong urmoqda.

Aytilishicha, «Madaminov Law Group» advokatlik byurosi advokati Muxsinjon Madaminov MJtKning 241-moddasi («Diniy ta’limdan saboq berish qoidasini buzish») bilan ma’muriy qamoq jazosini o‘tayotgan shaxsni uch kundan beri qidirib topa olmayapti?!

Sud qarori 2020-yil 1-may kuni  chiqqan, oradan uch kun o‘tib, qamalgan shaxsning qarindoshlari uning huquqlarini himoya qilishi uchun advokat yollashgan (ularning iltimosiga ko‘ra mahbusning ism-familiyasi, shuningdek sud nomi ko‘rsatilmayapti — tahr.).

Darhol ishga kirishgan advokat mijozi bilan ko‘rishish uchun Toshkent shahar IIBBga qarashli ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasaga (qonun tilida — «maxsus qabulxona») boradi («Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonunga binoan, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgani uchun qamalgan shaxslar butun jazo muddatini shunday muassasalarda o‘tashlari lozim).

Biroq maxsus qabulxona xodimi advokatga uning himoyasidagi shaxs bu yerda emasligini, IIBB binosining o‘zidagi hibsxonada saqlanayotganini aytadi!

«Ammo IIBBda menga umuman ma’lumot berishmadi. Hatto karantin davri bo‘lgani uchun yuzma-yuz uchrashtirishmagan taqdirda ham, telefon orqali suhbatlashishga haqqim borligini ro‘kach qildim — foydasi bo‘lmadi», — deydi Muxsinjon Madaminov.

Advokatning aytishicha, u IIVning «102» va «1102» qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib holatni tushuntirgan va xodimning noqonuniy xatti-harakatlaridan shikoyat qilgan. O‘z navbatida ular o‘zlari ham orada bir necha marta bog‘lanib, M.Madaminovdan qo‘shimcha tafsilotlarni so‘rab-surishtirganlar.

Biroq hanuzgacha himoyasi ostidagi shaxs topilgani yo‘q.

Advokatga ko‘ra, ayni jarayonda insonning tamal huquqlaridan biri bo‘lmish himoyalanish va malakali yuridik yordam olish huquqidan tashqari, ikkita qonun talablari ham qo‘pol buzilmoqda.

Birinchidan, 15 sutkaga «kesilgan» huquqbuzar ma’muriy qamoqni o‘tash muassasasida mavjud emas. Bu «Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida»gi qonun talablariga zid!

Ikkinchidan, advokat himoyasi ostidagi shaxs bilan hali-hanuz uchrasha olgani yo‘q. Bu  amaldagi «Advokatura to‘g‘risida»gi qonun talablari va konstitutsion normalar poymol bo‘layotganini anglatadi.

Muxsinjon Madaminov holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga shikoyat qilgan, shuningdek professional faoliyatiga to‘sqinlik qilinishi fakti bo‘yicha Advokatlar palatasiga xabar bergan.

PS: Muxsinjon Madaminovning aytishicha, himoyasidagi shaxs «dinshunoslik» mutaxassisligi bo‘yicha o‘rta-maxsus ma’lumotga ega bo‘lib, o‘z uyida 5 nafar voyaga yetmagan shaxsga «Qur’on» o‘qishni o‘rgatgani va «Muallimi soniy» qo‘llanmasi asosida ta’lim bergani uchun jazoga tortilgan. Kecha, 5 may kuni ma’muriy ish kassatsiya bosqichida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring