Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

25 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Oliy sud xodimiga hukm o‘qildi

25 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgan Oliy sud xodimiga hukm o‘qildi

2003-yildan Oliy sudda bo‘lim kotibi, konsultanti va bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida, 2015-yilning fevral oyidan esa Sudlarni axborot-huquqiy ta’minlash bo‘limining katta konsultanti bo‘lib faoliyat olib borayotgan Alimardon Mardonov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) rahbariyat topshirig‘iga asosan fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish vazifalarini bajarib kelayotgan edi.

Shunday kunlarning birida A.Mardonov «Savdo va maishiy xizmat majmuasi» yuzasidan chiqarilgan sud ajrimidan norozi bo‘lib, shikoyat bilan Oliy sudga kelgan fuqaro Shokir Shamsiyev bilan tanishib, avvaliga u bilan ham boshqa murojaatchilar qatori munosabatda bo‘ldi. Ammo keyinchalik binoyidek ishlab yurgan katta konsultant birovning muammosi ortidan mo‘maygina daromad qilib olishni istab qoldi.

Gap shundaki, o‘sha kuni Oliy sud raisining o‘rinbosari qabuliga kirib, ariza topshirgan Sh.Shamsiyevning murojaati bo‘yicha Oliy sud tomonidan Toshkent shahar kassatsiya instansiyasining fuqaroviy da’voni undirish xususidagi ajrimini bekor qilish haqida protest keltirilgach, Alimardonning halovati yo‘qoldi. Negaki, mazkur protest asosida ish qonuniy tartibda ko‘rib chiqilib, asosli va adolatli qaror chiqarilishini yaxshi tushunib turgan katta konsultant da’vogarning bunday ish tajribasi yo‘qligidan foydalanib qolishni reja qildi. Ayniqsa, Sh.Shamsiyev «Aka, siz ham yuristsiz, ish nima bo‘ladi, qanday maslahat berasiz?» deya maslahat so‘ragani Alimardonning ishtiyoqini oshirib yubordi. U «mijozi»ni alohida xonaga taklif qilib, ish holatlari yuzasidan batafsil ma’lumot olgach, bu masalada tanishlari orqali yordam qilishga va’da berdi.

Agar da’vogar ko‘cha-ko‘ydagi biror kishini ishga solib, mana shunday masalalarga yechim topishi haqida gapirganida, bunday kimsalarga ishonganlarning o‘zini biroz qo‘polroq bo‘lsa-da, laqmalikda ayblashimiz mumkin edi. Biroq shunday lavozimda ishlayotgan mansabdor shaxsga ko‘pchilik osongina laqqa tushishi turgan gap. Shokir ham katta konsultantning yolg‘onlariga chuv tushishiga bir bahya qoldi.

Bu masalada hech kim bilan gaplashmagan bo‘lsa-da, jinoyat ishining fuqaroviy da’voga oid qismini ijobiy hal qilish niqobi ostida A.Mardonov «mijozi» bilan bo‘lgan suhbatlarda uni ishontirish uchun ko‘chmas mulk bino-inshootlari unga qaytarilishini ijobiy hal qilish yuzasidan suddagi tanishlari bilan kelishganligini, 50 ming AQSh dollarining bahridan o‘tsa, ishi xamirdan qil sug‘urgandek bitishini ma’lum qiladi. Pulning cho‘g‘ini eshitgan Sh.Shamsiyev buncha miqdordagi mablag‘ga imkoniyati yo‘qligini, pulning bir qismini sherigi M.Isroilovdan olishi lozimligini bildirganida A.Mardonov hammasi ishonchli chiqishi uchun «katta odam»lar bilan ishni bunday hal etib bo‘lmasligini tushuntirgan bo‘lib, 25 ming AQSh dollarini darhol, qolganini iloji boricha tez kunlarda berishni tayinlaydi.

Avvaliga unga ishongan Shokir bora-bora Alimardonning firib ishlayotganini anglagandek bo‘ladi, boz ustiga, sud xodimining xatti-harakatlari qonunga xilof ekanligini tushunib, uning jinoiy faoliyatini fosh etish maqsadida tegishli joyga murojaat qiladi.

2017-yilning 20-yanvar kuni uning arizasi yuzasidan Bosh prokuratura va huquq-tartibot idoralari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda A.Mardonov jabrlanuvchidan 25 ming AQSh dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining hukmi bilan A.Mardonov 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Abror Aripov,
Bosh prokuratura boshqarma AMIB katta tergovchisi

Manba: 7news.uz

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring