Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

300 kiloli odamni kran yordamida uyidan olib chiqishdi

300 kiloli odamni kran yordamida uyidan olib chiqishdi

Foto: «AFP 2020 / Raymond Roig»

Fransiya janubidagi Perpinyan shahrida bir necha soat davom etgan operatsiya chog‘ida qutqaruvchilar og‘irligi 300 kg bo‘lgan erkak kishini kvartirasidan olib chiqish uchun qurilish kranidan foydalanishga majbur bo‘lishdi, deya xabar berdi mahalliy «France3 Occitanie» telekanali.

Oktyabr oyining oxirida Perpinyanda yashovchi ortiqcha vazndan qiynalayotgan odam bir yildan beri o‘zining kvartirasidan chiqolmay qolgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Uning advokati esa ichki ishlar vaziri Jerald Darmanenga arz qildi.

Alen ismli kishi 2019-yil iyuldan beri shahar ma’muriyatidan madad kutgan. O‘shanda u yiqilib, sonini sindirib olgan. Shu-shu uyiga qamalib qolgan.

Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan qutqaruv operatsiyasida politsiyachilar, o‘t o‘chiruvchilar, tibbiyot xodimlari va shahar hokimligi rasmiylaridan iborat 50 tacha kishi qatnashdi. Alenning uyi tor ko‘chada joylashgani operatsiyani yanada qiyinlashtirdi. Uy fasadini qisman buzish hisobiga kvartirasining derazasini kengaytirishga to‘g‘ri keldi. Shu uyda yashovchilar esa vaqtincha xavfsiz joyga ko‘chirildi.

Operatsiya boshlangandan so‘ng to‘rt soat o‘tgach Alenni maxsus konteynerga joylashtirishdi. Keyin esa kran yordamida ko‘tarib olib chiqishdi. Konteyner yerga tushirilgan zahoti uni tez yordam mashinasiga o‘tkazishdi. Alen Monpele shahar shifoxonasiga yetkazildi.

Har tomonlama tibbiy tekshiruv va zarur muolajalardan so‘ng Alen Tuluzadagi ortiqcha vazndan qiynalayotganlar uchun ixtisoslashgan markazga joylashtiriladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring