Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

380 yilda yozib bitirilgan asar

380 yilda yozib bitirilgan asar

Foto: «Google.com»

Sharq xalqlari tarixini o‘rganish, tadqiq etishda Tabariy, Narshaxiy, Bayhaqiy, Juvayniy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy, Ibn Arabshoh, Abdurazzoq Samarqandiy singari olim va mutafakkirlar yaratib qoldirgan durdonalar katta ahamiyat kasb etadi. Ana shunday bebaho tarixiy asarlardan biri «Ravzat-us-safo» asaridir.

Navoiyning tavsiyasi bilan

Asarning ilk muallifi Mir Muhammad ibn Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ibn Kamoluddin Mahmud al-Balxiy — Mirxond (1433—1498) O‘rta asrlar tarix fanining ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biridir. Mirxondning otasi Sayyid Burhoniddin Xovandshoh temuriylar hukmronligi davrida Buxorodan Balxga kelib qolgan edi. Mirxond 1433-yili Balxda tug‘ilgan bo‘lsa-da, umrining deyarli ko‘p qismini Hirotda o‘tkazdi.

Nabirasi Xondamir «Xulosat ul-axbor» kitobida bobosi haqida quyidagilarni yozadi: «Padarpanoh janob amir Xovand Muhammad yigitlik chog‘larida turli ilmlarni tahsil etish va nafis fazilatlarni kamoliga yetkazish yo‘lida tirishqoqlik va zo‘r mehnat qildi... qisqa vaqt ichida bilimdonliqda zamon fozillarining peshqadami bo‘lib oldi. U (ko‘proq) tarix ilmini kasb qildi va jahon ahvolini hamda osoriatiqalarini tahqiq qilishga kirishdi. Olijanob xotirani tez fursat ichida bu fanni egallashdan forig‘ qildi, ammo fe’lu atvori maishat ahdi bilan qo‘shilishga yo‘l bermadi, zavqu shavqqa berilmadi... Dars berish va amru ma’rifatga ishtiyoq uning ravshan xotirida aslo ko‘rinmadi. Ammo (bu hol)... orzu va omonlikning qiblagohi, ya’ni olijanob Sulton (Husayn) hazratlari yaqin do‘sti (Amir Alisher Navoiy)ning huzurlariga borgunicha va uning har turli navozish, marhamat, iltifot hamda muruvvatlarini topmagunlaricha davom etdi».

Xondamirning yana bir ma’lumotiga qaraganda, Navoiy Mirxondga o‘zining «Ixlosiya» xonaqosidan bir hujra ajratib bergan va undan bir tarixiy asar yozib berishni iltimos qilgan. Mirxond bu asarni qisqa vaqt ichida yozib tamomlagan. 1497-yilning bahorida og‘ir kasallikka chalinib, 1498-yilning 22-iyun kuni olamdan o‘tgan.

Bobosiga tortgan nabira

Navoiyning ko‘rsatmasi bilan Mirxond yaratgan asarning nomi «Ravzat-us-safo fi siyrat ul-anbiyo va-l-muluk va-l-xula-fm.» («Payg‘ambarlar, podshohlar va xalifalarning tarjimai holi haqida jannat bog‘i») bo‘lib, undan dunyoning yaratilishidan to 1523-yilga qadar Markaziy Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarida bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar keng bayon etilgan. «Ravzat-us-safo» muqaddima, yettita jild, xotima va jug‘rofiy qo‘shimchadan tashkil topgan.

Mirxondning vafoti sabab «Ravzat-us-safo»ning so‘nggi yettinchi jildi tugallanmay qolgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ishni uning nabirasi Xondamir davom ettirgan va unga 1497-yildan to 1523-yilgacha bo‘lgan bo‘lgan voqealarni kiritib o‘tgan.

Xondamir (to‘la ismi G‘iyosiddin Muhammad ibn Xoja Xumomuddin ibn Xoja Jaloluddin Muhammad ibn Burhonuddin) ham bir qator asarlari bilan O‘rta asrlar tarixnavisligida o‘ziga xos iz qoldirgan. U ona tomonidan Mirxondning nabirasi bo‘lgan. Otasi Xoja Xumomuddin Muhammad Sheroziy Badaxshon hukmdori Sulton Mahmud Mirzoning vaziri bo‘lgan.

Xondamir 1473—1476 yillar orasida Hirot shahrida tug‘ilgan va o‘sha yerda ta’lim olgan. Xondamirning olim sifatida shakllanishida Mir Alisher Navoiyning hissasi katta bo‘lgan. U bo‘lajak olimga boy kutubxonasidan foydalanishga ruxsat bergan, shu bilan birga ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan.

Alisher Navoiyning vafotidan so‘ng, Xondamir Balxga ketib, Sulton Husayn Boyqaroning to‘ng‘ich o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo saroyida xizmat qilgan. Shu davrda unga «sadr» unvoni berilgan. 1507-yilda temuriylar saltanati parokanda bo‘lib, hukumat shayboniylar qo‘liga o‘tgach, Xondamir Hirotdan ketishga qaror qiladi. 1528-yili u yerdan boburiylar poytaxti Agraga, Zahiriddin Muhammad Bobur (1483—1530) saroyiga boradi.

Xondamir 1534-yili Humoyun bilan harbiy safardan qaytib kelayotganida vafot etadi. Uning vasiyatiga ko‘ra, jasadi Dehlida Nizomiddin Avliyo, shoir Xusrav Dehlaviylar yoniga dafn etiladi.

Oradan asrlar o‘tgach...

Asar forsiy tilda, sodda va ravon uslubda yozilgan bo‘lib, ilk sahifalardanoq o‘quvchining e’tiborini o‘ziga tortib oladi. Asarni yozishda mualliflarga ulardan avval yashab o‘tgan o‘nlab tarixchilarning asarlari, turli manbalardan olingan tarixiy ma’lumotlar asos bo‘lgan.

Asrlar o‘tishi bilan sulolalar o‘zgardi, davru davronlar almashdi. Shu bois XVI asr birinchi choragidan keyingi voqealarni puxta, asosli yoritadigan asarlarga ehtiyoj sezila boshlagandi. Ammo bu singari katta hajmli asarni munosib tarzda davom ettirishga har qanday tarixchi olim jur’at eta olmasdi. Shunga qaramasdan, Eronda Qojorlar davrida yashagan mashhur tarixchi, shoir va diplomat Rizoqulixon Hidoyat (1800—1871) ana shu ishga qo‘l urdi.

Rizoqulixon yoshligidan Qojorlar sulolasining vakili Fathali Shoh (1797—1834)ning saroyida xizmat qilgan. O‘zining rangin she’rlari bilan shohning nazariga tushgan Rizoquli «amirush-shuaro» («shoirlarning amiri») unvonini olgan. U sulolaning keyingi vakili Nasriddin Shoh Qojor zamonida ham (1848—1896) saroyda mas’ul vazifalarda ishlagan. Saroy kutubxonasi rahbari bo‘lgan, keyinchalik Eronda yangi usuldagi maktab ochib, uni boshqargan.

Rizoqulixon Hidoyat Sharqda forsiy tildagi eng mukammal tarixiy asarlardan biri sanalgan «Ravzat-us-safo» asarining davomini yozishga kirishdi. Rizoqulixon Mirxondning bayon uslubini saqlagan holda Safaviylar davridan boshlab, Afsharlar, Zandlar va Qojorlar sulolasi davrida Eron, Xuroson va qisman Movarounnahrda yuz bergan voqealarni o‘zining uch jildli asarida yozib qoldirgan. Asar Nasriddin Shohga bag‘ishlab bitilgani uchun uning ismiga monand tarzda «Ravzat-us-safoi Nosiriy» deb nomlangan.

Ogahiy tarjimasida

Rizoqulixon Hidoyat 1851-yilda Nasriddin Qojor (1834—1848) ning topshirig‘i bilan Xiva xoni Muhammad Aminxon (1845—1855) huzuriga elchi bo‘lib keladi. Mazkur elchilik asnosida Eron-Xorazm munosabatlariga oydinlik kiritish yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Xorazmdagi sayohati haqida u «Saforatnomai Xorazm» («Xorazm safari kundaligi») asarini ham yozadi.

Chamasi, Hidoyat Xiva xonligiga tashrifidan sal avvalroq «Ravzat-us-safoi Nosiriy» asarini yozib tugatgan edi. Chamasi u mazkur asarning bir nusxasini o‘zi bilan olib kelgan. U Xivada bo‘lgan paytida buyuk o‘zbek shoiri Ogahiy bilan ham uchrashgani, u bilan ijodiy hamkorlik qilgani ma’lum.

Ayni paytda «Ravzat-us-safo»ning o‘zbek tiliga tarjimasi Munis tomonidan boshlangan, bu ishni endilikda Ogahiy davom ettirayotgan edi. Shoir keyinchalik ushbu yirik tarixiy asarning Rizoqulixon qalamiga mansub qismini ham o‘zbekchaga o‘girgan.

Xullas, bugungi kunga kelib o‘n jilddan iborat ulkan hajmli tarixiy asar to‘la-to‘kis jamlanishi uchun taxminan 380 yildan ortiq vaqt kerak bo‘lgan ekan...

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring