Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

400 mln.dan 3,7 mrd. dollargacha! 2017-yili sotib olingan eng yirik 8 startap (foto+video)

400 mln.dan 3,7 mrd. dollargacha! 2017-yili sotib olingan eng yirik 8 startap (foto+video)

2017-yili sotib olingan eng qimmat startaplar.

Foto: «Hyser»

«Startap» atamasi shunchalik ommalashib ketdiki, har kuni yangidan-yangi g‘oyalar dunyo yuzini ko‘rmoqda va bu insoniyatga qulaylik yaratish uchun xizmat qilyapti. O‘tayotgan yilni sarhisob qilar ekanmiz, yilning eng yirik xaridlariga aylangan startaplar reytingini tuzib chiqishga qaror qildik.

«Shazam» dasturi.
Foto:«iPhones.ru»

8-o‘rin. «Shazam» — «Apple» tomonidan taxminan 400 million dollarga sotib olindi.

«Shazam» qo‘shiqlarni avtomatik aniqlash dasturi bo‘lib, 18 yil oldin, 1999-yili yaratilgan. 2014-yilning o‘zidayoq ushbu dastur yordamida 15 milliard qo‘shiqni musiqasi yordamida aniqlab olish imkoni mavjud edi. Ana shunday ulkan dastur 2017-yilning 11-dekabrida «Apple» tomonidan sotib olindi va endi «Shazam»ning aktivlaridan «Apple Music»ni rivojlantirish uchun foydalaniladi.

«Trello» loyihalarni onlayn boshqarish dasturi.
Foto:«Atlassian»

7-o‘rin. «Trello» — «Atlassian» tomonidan $425 mln.ga xarid qilindi.

«Trello» loyihalarni onlayn boshqarish dasturi bo‘lib, 2017-yil yanvar oyida Avstraliyaning «Atlassian» kompaniyasi tomonidan sotib olindi. «Atlassian»  kompaniyasi bundan oldin ham «HipChat», «Jira», «Slack» kabi loyihalarni boshqarish dasturlarini boshqarar edi. «Trello» ham endi «Atlassian»ning «bolalari» qatoridan joy oldi.

«NuTonomy» o‘zi boshqariladigan mashinasi.
Foto:«Forbes»

6-o‘rin. «NuTonomy» — $450 mln.ga «Delphi» tarkibiga qo‘shildi.

2013-yili tashkil topgan «NuTonomy» o‘zi boshqariladigan mashinalar, avtomatik mobil robotlar dasturini yaratuvchi kompaniyadir. «Recode» nashrining xabar berishicha, startap shu yilning oktyabr oyida «Delphi Automotive» kompaniyasi tomonidan sotib olingan. «NuTonomy»ning aynan yirik «Delphi Automotive» kompaniyasi tarkibiga qo‘shilishi sababi bor, ushbu kompaniya 23 yildan beri dunyodagi yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilarga avtoqismlar yetkazib berish bilan shug‘ullanib keladi. «NuTonomy» tomonidan yetkazib berilgan dasturlar orqali endi bozorning katta ulushini egallash kutilmoqda.

«Shipt» 550 million dollar evaziga «Target» safiga qo‘shildi.
Foto:«Deli Market News»

5-o‘rin. «Shipt» — «Target» safiga 550 million dollar evaziga qo‘shildi.

«Target» kompaniyasi ushbu yilda oziq-ovqat mahsulotlarini onlayn yetkazib berish xizmati «Shipt»ni sotib oldi. AQShda 1828ta savdo markaziga ega «Target» kompaniyasining «Shipt» startapini sotib olishiga asosiy sabab raqobatchilar «Walmart» «Jet.com»ni, «Ikea» esa «TaskRabbit»ni sotib olganidadir. Bu kabi innovatsion loyihani olish qaroriga xaridorlarni uzoq vaqt yo‘qotmaslik uchun qilingan sarmoya deb qaraldi.

«Oracle» reklama bozoridagi qudratini oshirdi.
Foto:«MarTech Series»

4-o‘rin. «Moat» «Oracle» shirkati tomondan $850 millionga xarid qilindi.

«Oracle» aprel oyida reklamalarni nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi «Moat» startapini sotib oldi. 2010-yili tashkil etilgan ushbu startap reklamachilar va noshirlarni onlayn reklamalarni ko‘rish va ular bilan muloqotda bo‘lishlarini nazorat qilishga, baholashga ko‘mak beradi.

«Oracle» reklama bozoridagi qudratini oshirdi.
Foto:«Android Headlines»

3-o‘rin. «Musical.ly» — 1 milliard dollar evaziga «ByteDance Technology» kompaniyasi tarkibiga o‘tdi.

«Musical.ly» o‘smirlar orasida shov-shuv ko‘targan ijtimoiy tarmoq bo‘lib, labda sinxronlashtirilgan video kliplarni tarqatishi bilan mashhurdir. 2014-yili xitoylik Aleks Chju (Alex Zhu) va Luyu Yang (Luyu Yang) tomonidan tashkil etilgan tarmoqning faol foydalanuvchilari soni 2016-yilga kelib 90 millionga yetdi va kuniga joylashtiriladigan videolar 12 milliondan oshdi.

«Wall Street» jurnalining ma’lumotiga ko‘ra, shu yilning 9 noyabrida Xitoyning «ByteDance Technology» kompaniyasi qariyb 1 milliard dollarga «Musical.ly»ni sotib olgan.

«PetSmart»  3.35 milliard dollarga xarid qilindi.
Foto:«RTTNews»

2-o‘rin. «PetSmart» — «Chewy» tomonidan 3.35 milliard dollarga xarid qilindi.

Uy hayvonlari uchun 30 000 turdagi mahsulotlarni internet orqali (chewy.com saytida) sotish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya  2011-yili tashkil topgan.

Bir necha marotaba investitsiya kiritilgan «Chewy»  kompaniyasi shu yilning may oyida yana bir yirik «PetSmart» kompaniyasini 3.35 milliard dollar evaziga o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Bu summa mutaxassislar tomonidan judayam katta ekanligi ta’kidlandi, sababi, «PetSmart»ning o‘z narxi bor-yo‘g‘i $ 8.7 millionga baholanardi.

2017-yilning eng qimmat startapi «Cisco» safiga o‘tdi.
Foto:«Jimmy Winokur»

1-o‘rin. «AppDynamics» — «Cisco» tomonidan 3.7 milliard dollarga sotib olindi.

«AppDynamics»  San-Fransiskoda 2008-yili tashkil etilgan bo‘lib, dastur samaradorligini boshqarish  va IT-amaliyotlarni tahlil qilish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya bulutli hisoblash muhitida (Cloud) dasturlarning ishlashi va mavjudligini boshqarishga yo‘naltirilgan. 2016-yili «AppDynamics» «Forbes» tomonidan «Top-100» Cloud reytingida 9-o‘rinda baholangandi. Yil boshida esa ushbu kompaniya «Cisco» tomonidan 3.7 milliard evaziga sotib olindi va 2017-yilning eng qimmat startapiga aylandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring