Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Adliya vazirligi bolalar uchun maxsus sayt yaratdi

Adliya vazirligi bolalar uchun maxsus sayt yaratdi

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Adliya vazirligi 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bolalar bayrami arafasida ular uchun maxsus sayt tayyorladi. Bu haqda adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi «Xabar.uz»ga ma’lum qilib o‘tdi.

Ushbu sayt yosh avlodning huquqiy bilimini oshirish, bolalarda kichik yoshdanoq qonunga hurmat ruhini tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan.

Ma’lumot uchun: «Bola huquqlari» sayti «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi Prezident Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan yaratilgan.

Sayt mazmuni ikki turdagi auditoriyaga mo‘ljallangan: 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga va ota-onalarga.

Bolalarga mo‘ljallangan kontent qismi elementar tartib-qoidalarni o‘rgatishdan tortib maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, salomatlik, yo‘l harakati qoidalari, odob-axloq qoidalari, tabiatni muhofaza qilish, Konstitutsiya, bola huquqiga oid konvensiya va boshqa hujjatlar haqida ma’lumot berishgacha bo‘lgan turli mazmundagi materiallardan tashkil topgan.

Ota-onalar uchun esa burch va majburiyatlar, farzand asrab olish, turli hayotiy vaziyatlarda ota-onalik majburiyatlarini bajarish va huquqlaridan foydalanish kabi muhim masalalarga oid huquqiy maslahatlar berilgan.

Sayt faqat nazariy ma’lumotlardan iborat emas. Bolalarning huquqiy bilimlarni ko‘ngilochar-interaktiv o‘yinlar, mantiqiy masalalar, testlar yordamida o‘zlashtirishiga katta e’tibor qaratilgan. Saytning maxsus «Huquqiy o‘yinlar» bo‘limida bolajonlar virtual olamda vaqtlarini qiziqarli va foydali o‘tkazishiga imkon yaratilgan.

Bolalarga huquqiy bilimlarni egallashga rag‘bat uyg‘otish masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan. Buning uchun saytda bolalarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan hamda ularning bilimini baholab boruvchi o‘yinlar, topshiriqlar asosidagi reyting tizimi ishlab chiqilgan.

Saytning «Sizning lug‘at» bo‘limi alohida e’tiborga loyiq. Ushbu bo‘limda yuridik atamalar va tushunchalar bolalar uchun tushunarli, sodda tilda izohlab berilgan. Bunda yosh foydalanuvchilarning hayotidan misollar keltirish orqali so‘zlarning ta’rifi boyitilgan.

Texnik jihatdan sodda va qulay yechimga ega «Bola huquqlari» tez orada kichkintoylarning virtual olamdagi sevimli maskanlaridan biri bo‘lishi ehtimoli katta. Hozirda sayt sinov tartibida ishlamoqda. Adliya vazirligi uni yanada takomillashtirish va boyitish ustida ish olib bormoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring