Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

«Adolat» partiyasi blogerlar huquqlarini himoya qilmoqchi

«Adolat» partiyasi blogerlar huquqlarini himoya qilmoqchi

Joriy yilning 2-noyabr kuni Toshkent shahridagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston Adolat sotsial-demokratik partiyasining IX Qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda partiyaning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Anjumanda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlaridan saylangan delegatlar, Siyosiy Kengash, Markaziy Taftish komissiyasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi deputatlari, parlament quyi palatasi deputatligiga partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlar, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qurultoyda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi N.Umarovning “O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining faoliyati hisoboti va yangi bosqichda partiya vazifalari to‘g‘risida”gi ma’ruzasi tinglandi.

Qurultoy delegatlari muhokamalar doirasida partiyaning davlat hokimiyati, qonunchilik va vakillik organlariga bo‘lajak saylovlarda faol ishtirok etishi bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar qayd etildi. Qurultoy mamlakatni demokratlashtirish va yangilash, ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni hal etishda “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining o‘rni va roli belgilangan “Adolat – hayotimizning bosh mezoni” deb nomlangan saylovoldi dasturining asosiy qoidalarini ko‘rib chiqdi va tasdiqladi.

Dasturda ommaviy axborot vositalari vakillari qatori blogerlik faoliyatining ham huquqiy asoslarini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Qurultoyda Saylov kodeksining 70-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga ko‘rsatilgan nomzodlar ma’qullandi. Qurultoyda, shuningdek, partiyaning oliy organi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Siyosiy Kengash va Markaziy Taftish komissiyasining yangi a’zolari saylandi. Partiya Ustavi qabul qilindi. Qurultoyda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Qurultoy ishining yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing o‘tkazildi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi bugungi kunda 414 478 ming a’zoga, mamlakatning barcha hududlarida 6313 ta boshlang‘ich partiya tashkilotiga, 201 ta hududiy bo‘linmaga, parlament va hokimiyatning mahalliy vakillik organlarida deputatlik guruhlariga ega.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring