Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Advokatga o‘zi yana nima kerak?

Advokatga o‘zi yana nima kerak?

Kuni kecha Prezidentning advokatlar faoliyatiga oid farmoni e’lon qilindi. Mazkur hujjatda oqlovchi-himoyachilarga shuncha imkoniyat va sharoitlar yaratib berilganki, lekin, afsus, bugun ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlardan shuncha imtiyoz va imkoniyatlar kamlik qilibdi degan xayolga borasan kishi.

Bundan besh yil avval menda bir mulkiy nizo kelib chiqdi. Mulkni boshqa taraflar bilan bo‘lisha olmasdan, ishimiz fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga chiqdi. Advokatga ishim tushdi-ya... Advokat u hujjatni so‘radi, bu hujjatni so‘radi, u yerga xat olib bordim, bu yerdan javob olib keldim, buning ustiga xizmati uchun ozgina summaga shartnoma qildik, qolgan mukofotni alohida «suyunchi» qilib oldi. Xullas, sudda qarasam men o‘zim yugurib tergan hujjatlardan boshqa qog‘oz yo‘q, to‘rtinchi protsessda taslim bo‘ldim, xarajatga pulim qolmagandi.

Balki advokatning hujjatlardagi xatosi, balki bilimi pand berganligi sababli sudda yutqazdik.

Shu o‘rinda o‘zimga savol bergan edim, balki fuqarolik ishida qatnashishda shu yo‘nalishga ixtisoslashgan, o‘z ishining ustasiga aylangan alohida advokat kerakdir, litsenziyasi bir yo‘nalishda bo‘lsa, ishini chuqurroq o‘rganarmikin degandim. Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin deyishadi-ku.

Prezident litsenziyalarni alohida qilish kerak deb farmonda belgilab berdi, bu advokatlik xizmati sifatiga ijobiy ta’sir qiladi, albatta.

Bu juda ham to‘g‘ri talab, odam bir yo‘nalishda harakat qilsa ko‘proq natijaga erishadi, yo‘nalishning eng nozik jihatlarigacha o‘rganadi, bu yerda faqat advokatning daromadi haqida gap ketayotgani yo‘q, balki oddiy xalqqa sifatli huquqiy yordam ko‘rsatish haqida so‘z borayapti.

Hozir advokatga borsangiz o‘zi aytadi men fuqarolik, men jinoyat, men iqtisodiy sud bo‘yicha ishlayman deb. Turli idoralarga ariza va shikoyatlarni yozishni esa «o‘tkir qalam sohiblari» ham bilishadi.

Nima sababdan litsenziya berishni davlat organidan olib qo‘yish kerak? Advokatlarning shoxi bormi? Qolgan sohalarda ham litsenziyalarni davlat organlari berib kelayapti-ku. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va tadbirkorlik sohalari bunga misol.

Soliq masalasida nima sababdan e’tirozlar bildirilayapti, bilmadim. Yaqinda nafaqat advokatura, balki barcha sohalarda soliqni hisoblash va to‘lash tizimi o‘zgaradi. Huquqshunos bo‘la turib, soliq sohasida ishlab chiqilayotgan hujjatlardan nahotki advokatlarning xabari bo‘lmasa?

Xullas, bu sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan maqsad faqatgina advokatlarning obro‘si oshirish, ularga qulay shart-sharoit yaratish emas, balki jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatilayotgan huquqiy yordamning sifatini oshirish, haqiqiy mutaxassis — advokatlargina himoya maydonida faoliyat yuritishiga zamin yaratishdan iboratdir.

Bahodir Karimov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring